Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 16:32

BAA shirkati Toshkentda aerotaksi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Birlashgan Arab Amirliklarining Jetex kompaniyasi Toshkentda aerotaksi va VIP taksi xizmatlarini joriy etmoqchi. Bu esa turizm rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, VIP mijozlarga qo‘shimcha qulaylik yaratishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Jetex kompaniyasi ta’sischisi Adel Mardini tomonidan imzolangan hamkorlik memorandumida transport sohasidagi yana boshqa qo‘shma loyihalar haqida ham so‘z boradi.

Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Jetex kompaniyasi “Toshkent–Sharqiy” aeroportida FBO shaklida davlat xususiy sherikchiligi asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha investitsion loyihani amalga oshiradi.

Loyiha doirasida kichik aviatsiya sohasida ta’mirlash, sotish va saqlash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

FBO (Fixed Base Operator) aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish faoliyatidir.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi oldidan Abu Dabida ikki davlat tadbirkorlari va mutasaddilari o‘rtasida 15 ta shartnoma va bitim imzolangan.

Hujjatlar energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, suv ta’minoti, transport, logistika sohalarini qamrab oladi.

Vazirlik qaydicha, O‘zbekiston 2023-yilda 1,08 milliard dollar, 2024-yilda esa 1,5 milliard dollardan ziyod BAA investitsiyalarini o‘zlashtirgan.

XS
SM
MD
LG