Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2021, Тошкент вақти: 10:54

BBC muxbiri Xitoyni tark etdi. U tahdid va to‘siqlarga uchraganini aytmoqda


BBC Pekin byurosi logosi - 12 - fevral, 2021.

Chorshanba kuni Britaniyaning BBC teleradiokorporatsiyasi Xitoydagi jurnalistlaridan biri Jon Sadvort Tayvanga ko‘chib o‘tganini ma’lum qildi.

Sadvort BBC radiosiga bergan intervyusida oilasi bilan ko‘chib o‘tganini aytdi. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u muntazam ravishda kuzatuv ostida bo‘lgan, o‘ziga qarshi qonuniy choralar ko‘rilishi haqida tahdidlarni olgan, to‘sqinlik va qo‘rqitishlarga duchor bo‘lgan.

«Biz shoshilinch tarzda jo‘nab ketdik. Aeroportda ro‘yxatdan o‘tganimizcha fuqaro kiyimidagi politsiyachilar izimizdan qolmadi», - dedi u.

Reuters agentligining yozishicha, chorshanba kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi Sadvort ketayotgani to‘g‘risida ma’lum qilmaganini bildirgan. Vazirlik, shuningdek, BBC agentligining Shinjonda uyg‘urlar va boshqa ozchilik musulmonlarga munosabat, COVID-19 pandemiyasi va Gonkongda demokratiya harakati bostirilishi haqidagi xabarlarini keskin qoraladi.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Xua Chunin kundalik yangiliklar brifingida:

«Biz unga hech qanaqa tahdid solganimiz yo‘q. Nima uchun ketganini bilmaymiz, chunki u biz bilan xayrlashmadi», - dedi.

BBC Sadvort agentlikning Xitoy bo‘yicha muxbiri bo‘lib qolishini bildirdi.

Agentlik e’lon qilgan bayonotda «Jonning ishlari Xitoy hukumati dunyo bilishini istamagan haqiqatni fosh qildi», deyiladi.

O‘tgan oyda Xitoy BBC jahon yangiliklari xizmatini mamlakat hududida efirga uzatishni taqiqlagan edi. Londondagi Xitoy elchixonasi agentlikni Xitoydagi hodisalarni yoritishda tinimisiz «asr uydirmalarini» o‘ylab topishda aybladi.

BBC fevral oyida Shinjonda kontsentratsiya lagerlaridagi ayollar zo‘rlash, jinsiy zo‘ravonlik va qiynoqlarga duchor bo‘layotgani haqida xabar bergani Pekin g‘azabini keltirgan edi.

Xitoy bir necha bor BBC hisoboti yolg‘on ekanini aytib, g‘arbiy hukumatlar va huquq tashkilotlarining Shinjonda inson huquqlari toptalayotgani haqidagi boshqa da’volarini zo‘r berib rad etib keladi.

Sadvort Shinjon haqidagi hisobotga hissa qo‘shganlar orasida bo‘lmagan. Ammo jurnalist Xitoy tashqi ishlar vazirligi hamda Xitoy hukumati va Kommunistik partiyasi qo‘llab-quvvatlaydigan ommaviy axborot vositalari tanqidiga uchrab keladi.

Yaqinda Xitoy davlat matbuoti Shinjonda ismi oshkor qilinmagan shaxslar va tashkilotlar BBC agentligining mintaqaga oid xabarlari borasida sudga murojaat qilishga hozirlanayotgani haqida xabar bergan edi.

«Menimcha, bu odamlar o‘z huquqlari va manfaatlarini qonuniy yo‘llar bilan himoya qilishga urinmoqda, ammo bunday harakatlarning Xitoy hukumati bilan hech qanday aloqasi yo‘q», - dedi kotib Xua.

Xitoydagi chet ellik muxbirlar klubi Sadvort 23 - mart kuni rafiqasi, Irlandiyaning RTE telekanali jurnalisti Ivonn Myurrey bilan mamlakatni tark etganini bildirdi.

«Sadvort va uning BBCdagi hamkasblariga tazyiqlar Xitoyda xorijiy muxbirlar ishiga halaqit berishga qaratilgan keng ko‘lamli qo‘rqitishning bir bo‘lagidir», deyiladi klub bayonotida.

«Biz Xitoyni mamlakatda to‘siqsiz xabar berilishga yo‘l ochib berish bo‘yicha majburiyatini bajarishga chaqiramiz».

2020 - yilda Xitoy AQSh ommaviy axborot vositalari uchun ishlaydigan o‘ndan ziyod chet ellik jurnalistni mamlakatdan badarg‘a qildi.

XS
SM
MD
LG