Линклар

Шошилинч хабар
30 июл 2021, Тошкент вақти: 03:38

Belarus: Lukashenkoga qarshi namoyishlarda yana yuzlab odam hibsga olindi


Politsiya namoyishchilarga qarshi shovqinli granatalarni ishga soldi - Minsk, 22 - noyabr, 2020

22 - noyabr kuni Belarusda prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlarining kamida 350 nafar qatnashchisi hibsga olindi. Bu haqda mamlakatdagi inson huquqlarini himoya qilish guruhlari ma’lum qildi.

Muxolifat ramziga aylangan qizil-oq bayroqlarni qo‘lida tutgan namoyishchilar Minsk atrofida bir nechta joylarda to‘planib, «Yashasin Belarus!» deya hayqirdilar.

Namoyish tashkilotchilari aholini katta guruhlar tuzishdan oldin poytaxt atrofida turli joylarda kichik guruhlar tuzishga chaqirgan edilar.

Minsk markazidagi metro stansiyalarining biri yonida politsiya namoyishchilarga qarshi shovqinli granatalarni ishga soldi. Shaharning boshqa bir qismida niqobli ofitserlar ayrim namoyishchilar qo‘llaridagi muxolifat bayroqlarni yirtib tashlashdi.

Poytaxtning bir necha qismida harbiy transport vositalari karvonlari kuzatildi.

«Vesna» inson huquqlari guruhi hisoblariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 350 dan oshiq namoyishchi hibsga olingan. Ularning aksari poytaxtda qo‘lga olingan.

Minskda faoliyat yuritayotgan ko‘ngillilar guruhi politsiya bo‘limlaridan kamida to‘rt kishi tez yordam mashinalarida olib ketilganini bildirdi.

22 - noyabrda Grodna, Bobruysk, Volkovisk, Smolevichi, Gomel, Brest, Pinsk, Novopolotsk va boshqa shaharlarda ham hukumatga qarshi yurishlar bo‘lib o‘tdi.

Belarusda avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezident saylovida amaldagi prezident Lukashenko g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan beri norozilik aksiyalari to‘xtamayapti.

Uch oydan beri davom etayotgan namoyish qatnashchilari Lukashenkoning iste’fosi hamda yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqdalar

Saylov natijalari soxtalashtirilganini aytib kelayotgan muxolifat huquq-tartibot idoralarining shafqatsiz ta’qiblariga qaramay, namoyishlarni to‘xtatmayotir.

Oxirgi ikki yakshanbada o‘tgan namoyishlarda 1000 dan ortiq odam hibsga olingan edi.

Namoyishchilar Lukashenkodan hokimiyatni muxolifat lideri Svetlana Tixanovskayaga topshirishni talab qilmoqda. Muxolifat saylovda aslida Tixanovskaya g‘alaba qozongan, deb hisoblaydi.

Bugunga qadar minglab namoyishchi hibsga olindi, bir necha namoyishchi o‘ldirildi.

Qator jurnalistlar jazolandi va mamlakatdan chiqarib yuborildi, muxolifat yetakchilari esa qamoqqa tashlandi yoki mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldilar.

XS
SM
MD
LG