Belarus Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovining dastlabki natijalarini e’lon qildi. Iddaoga ko‘ra, saylovda saylovchilarning 86,82 foizi Aleksandr Lukashenko uchun ovoz bergan.
Ovoz berish byulleteniga yana to‘rt nafar nomzodning ism-familiyasi kiritilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Sergey Sirankov 3,21 foiz, Belarus Liberal-demokratik partiyasi raisi Oleg Gaydukevich 2,02 foiz, parlament sobiq deputati Anna Kanopatskaya 1,86 foiz, Belarus Mehnat va adolat partiyasi raisi Aleksandr Xijnyak esa 1,74 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Saylovchilarning 3,6 foizi nomzodlarning hammasiga qarshi ovoz bergan.
Prezident saylovining yakuniy natijasi 3-fevral kuni ochiqlanadi.
Belarus MSK iddaosicha, saylovda davomat 85,7 foizni tashkil etgan.
Bu galgi saylovda xorijda saylov uchastkalari ochilmagan. Saylovda YXHTdan va g‘arb mamlakatlaridan rasman kuzatuvchi qatnashmagan. Lukashenko mamlakat rasmiylari YXHT kuzatuvchilarini taklif qilishgani, biroq ular kelishdan bosh tortishganini bildirgan. YXHT vakillari taklifnoma ovoz berishga 10 kun qolganda yetib kelgani va o‘sha paytga kelib kuzatuvchilikni uyushtirish imkonsiz bo‘lib qolganini ma’lum qilishgan.
Ayni paytda Belarus MSK mas’ullari prezident saylovini 52 ta mamlakatdan kelgan 486 nafar kuzatuvchi va 44 ming 361 nafar mahalliy kuzatuvchi kuzatib borganini iddao qilgan.
Belarus IIV rahbari Ivan Kubrakov “saylov kampaniyasi o‘tkazilgan joylarda jamoat tartibi buzilishi holatlari qayd etilmagan”ini bildirgan.
Belarusning 70 yoshli avtoritar rahbari Aleksandr Lukashenko prezidentlikka yettincha marta qayta saylanmoqda. U 1994-yildan buyon mamlakatni boshqarib keladi.
Yevropa Ittifoqi va ko‘plab g‘arb mamlakatlari rasmiylari fikricha, Lukashenko 2020-yilda ommaviy soxtalashtirishlar va muxolifat noroziligining ayovsiz bostirilishi kuzatilgan saylovdan keyin legitimliligini yo‘qotgan.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas 26 yanvar kungi bayonotida Belarusdagi saylov natijalariga ishonch yo‘qligini qayd etgan, saylovning o‘zini esa u “soxta, erkin bo‘lmagan va adolatsiz” deb atagan. Bayonotda YI Belarus rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy etishda davom etishi, ayni paytda Belarusdagi fuqarolik jamiyati va quvg‘indagi demokratik kuchlarni dastaklashni to‘xtatmasligi ta’kidlangan.
Aleksandr Lukashenko xorijiy o‘lkalarga chiqib ketishga majbur bo‘lgan muxoliflari va Belarus diasporasi 26-yanvar kuni Varshava, Vilnyus, Praga, Stokholm va boshqa shaharlarda aksiyalar tashkil etishgan. Polsha poytaxti Varshavada muxolifat lideri Svetlana Tixanovskaya ishtirokida “Beloruslar bundan yaxshirog‘iga munosib” deb nomlangan forum bo‘lib o‘tgan. Kiyevda esa o‘nlab odam Ukraina uchun halok bo‘lgan beloruslar xotirasiga uyushtirilgan yurishda ishtirok etishgan.