Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2021, Тошкент вақти: 01:28

Belarusda norozilik namoyishlari boshlanganiga 13 hafta bo‘ldi


7 - noyabr Minskdagi norozilik namoyishi payti.

8 - noyabr kuni Belarusda minglab odam prezident Aleksandr Lukashenko iste’fosini talab qilib 13- marta yakshanba kuni norozilik namoyishiga chiqishi kutilmoqda.

O‘tgan yakshanbada Belarus politsiyasi 200 nafar norozilik aksiyasi qatnashchisini hibsga olgan edi.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun shovqinli granatalar, ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va dubulg‘alarni ishga soldi.

Kuni kecha esa rasmiy ruxsat berilmagan norozilik aksiyasida qatnashgan o‘nlab tibbiyot xodimi hibsga olindi.

«Vesna» inson huquqlari guruhining xabar berishicha, 7 - noyabr kuni 60 ga yaqin tibbiyot xodimini politsiya qo‘lga olib, politsiya bo‘limlariga olib ketgan.

Shu yil 9 - avgustida bo‘lib o‘tgan prezident saylovidan keyin Minsk va Belarusning boshqa shaharlarida norozilik chiqishlari boshlangan.

8 - noyabr Minskda namoyishchini hibsga olish payti.
8 - noyabr Minskda namoyishchini hibsga olish payti.

Norozilar rasmiylarni misli ko‘rilmagan soxtalashtiruv va miting ishtirokchilariga nisbatan shafqatsizlikda ayblab, Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko iste’fosini va qayta saylov o‘tkazilishini talab qilmoqdalar.

Muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya tibbiyot xodimlarini ko‘rsatgan jasoratlari uchun olqishlab, pandemiya davom etayotgan bir paytda sog‘liqni saqlash xodimlari qo‘lga olinganini keskin tanqid qildi.

Bir necha shifokor namoyishlarda qatnashgani yoki ish tashlagani uchun ishidan ayrildi.

Tixanovskaya bu holatni qoralab, Lukashenko hokimiyat tepasida qolish uchun o‘z xalqini qurbon qilayotganini aytdi.

Lukashenko koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida keng ko‘lamli karantin cheklovlarini joriy qilishdan bosh tortib keladi.

Bahorda u pandemiyaga ahamiyat bermadi, ammo kuzga kelib, Yevropada pandemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanishi ortidan mamlakat chegaralarini qisman yopdi.

9 - avgust kuni o‘tkazilgan saylov natijalari e’lon qilinishi ortidan Litvaga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya Belarus rasmiylarini pandemiya ko‘lamini kichraytirib ko‘rsatishda ayblab keladi.

7 - noyabrga qadar 105 283 nafar odam virusga chalindi, ularning 1 004 nafari nobud bo‘ldi.

«Vesna» guruhining bildirishicha, 7 - noyabr kuni ayollar o‘tkazgan yana bir norozilik aksiyasining kamida 14 nafar qatnashchisi hibsga olingan.

7- noyabrdagi ayollar namoyishi payti. Minsk
7- noyabrdagi ayollar namoyishi payti. Minsk

Tixanovskaya Lukashenkoni Ostrovets tumanida, Litva bilan chegara yaqinida xalq roziligisiz atom elektr stansiyasini (AES) qurgani uchun tanqid qildi.

Litva AES atrof-muhitga tahdid solishini aytib, loyihaga keskin qarshi chiqib keladi.

7 - noyabr kuni Belarusdagi ilk AESning ochilish marosimida Lukashenko:

«Ostrovets atom elektr stansiyasi kelajak sari, mamlakatimizning energiya sohasida xavfsizligini ta’minlash yo‘lida tashlangan yangi qadamdir», - dedi.

AES Rossiya hukumatiga tegishli «Rosatom» korporatsiya tomonidan qurildi. Moskva loyiha uchun 10 milliard dollar qarz bergan.

Ostrovets AES Viliya daryosidan olingan suv bilan sovitiladi. Ayni daryo Litvani ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.

AES hafta boshida ishga tushdi. Loyihaga boshidan beri qarshi chiqib kelayotgan Litva Belarusdan elektr tokini import qilishni to‘xtatdi.

Belarus xalqi 1986 - yil sodir bo‘lgan Chernobil avariyasidan katta talafot ko‘rgan edi. Shu sababdan ko‘plab belorus mamlakatda AES qurilishiga e’tiroz bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG