Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2021, Тошкент вақти: 03:07

Belarusda siyosiy mahbuslarni himoya qilgan advokatlar litsenziyasidan mahrum qilindi


Minskdagi norozilik namoyishlaridan biri.

Belarusda kamida 20 nafar advokat litsenziyasidan mahrum qilindi. Ular siyosiy mahbuslar, jumladan, Viktor Babariko va Mariya Kolesnikovani, shuningdek, yurist Maksim Znakni himoya qilishda ishtirok etishgan.

“Nastoyashchee vremya”ning Minskdagi muxbiri o‘z kasbi bo‘yicha ishlashdan mahrum qilingan va ta’qiblarga qaramay o‘z faoliyatini davom ettirayotgan advokatlar bilan uchrashdi.

“Shahar markazida niqobli uch erkak yo‘limni to‘sdi, qo‘llarimni qayirib, lom-mim demay mashinaga sudradi”...

Mariya Kolesnikovaning advokati Lyudmila Kazak o‘zining 2020 - yilning sentabrida qo‘lga olinishini shunday xotirlaydi.

O‘shanda uni militsiyaga bo‘ysunmaganlikda ayblab bayonnoma tuzgan va Okrestinadagi hibsxonaga jo‘natgan. Keyinroq Lyudmila Kazak jarimaga tortilgan, bayonnoma esa uni advokatlik litsenziyasidan mahrum qilish uchun rasmiy sabab bo‘lib qolgan.

“Bunchalikka borishadi deb kutmagandim, albatta, – deydi u.- To‘g‘ri, har turli ko‘ngilsizliklar bo‘lishi aniq edi, chunki o‘tgan yillarda shov-shuvli ishlarda himoyachi sifatida ishtirok etib, Adliya vazirligi e’tiborini tortib ulgurgandim”.

Kasbidan chetlatilganlardan yana biri – Yelena Shinkarevich. Mart oyida u navbatdan tashqari attestatsiyaga chaqirilgan va advokatlik litsenziyasidan mahrum qilingan: rasman – malakasi yetishmagani uchun.

Shinkarevichning o‘zi esa, tinch namoyishlarda qatnashganlarni sudlarda himoya qilgani, zo‘ravonlik va qatag‘onlarni ochiqcha qoralab chiqqani uchun jazolanganini aytadi:

“Siyosiy jarayonlar endi boshlangan kezlar edi... Biz ahmoq emasmiz-ku, har qanaqa siyosiy ishning biz uchun oqibati nima bo‘lishini bilamiz. Hamkasblar bilan kengashdik: bu ishlarga bosh suqarkanmiz litsenziyamiz xavf ostida qolajagini tushunamiz, xo‘sh, tavakkal qilishga tayyormizmi? Bu avgustgacha bo‘lgan edi, garchi men o‘shangacha yoq uchastka saylov komissiyasi bilan kelisha olmaganlarni himoya qilishni boshlab yuborgandim. Ammo avgustda yuz bergan voqealardan so‘ng shaxsan men uchun boshqa axloqan to‘g‘ri variant qolmadi”.

Litsenziyasi olib qo‘yilganlardan yana biri – Olga Baranchikning “aybi” shuki, u siyosiy ishlar bilan shug‘ullangan va mamlakatda ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan oshkora fikr bildirgan hamkasbi Mixail Kirilyukni advokaturadan badarg‘a qilishlariga rozi bo‘la olmagan. Mart oyida uni ham imtihonga chaqirishib, pirovardida “malakasi yetishmaydi”, degan bahona bilan advokatlik litsenziyasidan ayiradilar.

“Biz advokatlarni, ular bor-yo‘g‘i “Facebook”dagi shaxsiy sahifasida o‘z fikrini bildirishgani uchun sohadan hayday olmaymiz. Adliya vazirligi “materiallar” deb shunaqa uchta xabarni yuborgan ekan. Men komissiya yig‘ilishiga qadar lingvistika ekspertizasi o‘tkazishni so‘radim: qani, bu xabarlarda kimnidir tahqirlovchi ma’lumot bormi, yo‘qmi? Lingvistlar xulosa berishdi. Keyin biz “mana, mutaxassislar xulosasi, qanday qilib advokatni o‘z kasbiga noloyiq ish qilganlikda ayblay olamiz”, deya e’tiroz bildirdik. Vazirlik buni bizning o‘z xulosamiz deb qabul qildi”, – deydi Olga Baranchik kasbidan chetlatilgani haqida eslarkan.

Mamlakatda avvalo, siyosiy mahbuslarni himoya qilgan va oshkora fikr bildirgan advokatlar qatag‘onga uchradi.

Aleksandr Lukashenko amaldorlardan advokaturada tartib o‘rnatishni talab qilganidan so‘ng advokatlarga bosim yanada kuchaydi.

Siyosatchi Viktor Babarikoni himoya qilgan Dmitriy Layevskiy advokatura to‘g‘risidagi qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish loyihasini “Facebook”da tanqid qilgani uchun “hayfsan” oldi.

“Bugungi kunda hukumat idoralariga – ushbu holatda Adliya vazirligini nazarda tutyapman – shunaqa keng vakolatlar berilganki, ular istalgan advokatni litsenziyasidan mahrum qila oladi”, - deydi Layevskiy.

Lyudmila Kazakka ko‘ra, amaldorlar qonunchilikka kiritmoqchi bo‘layotgan o‘zgarishlar Belarusda mustaqil advokaturani butkul yo‘q qilishi mumkin.

“Mustaqillik – advokat mavjudligining eng asosiy tamoyilidir. Agar advokat davlatning qat’iy nazoratida bo‘lsa, tabiiyki, advokatlik burchini halol ado etgani uchun bir burda nonini tortib olishlaridan qo‘rqib ishlaydi. Ehtimol maqsad aslida shudir: qo‘rqinglar, aks holda, ishlamaysanlar, demoqchi bo‘lishayotgandir”, -deydi u.

Olga Baranchikning aytishicha, mulozimlar advokatlarning yakka holda va advokatlik byurolari tarkibida ishlashini taqiqlashmoqchi.

“Mazkur o‘zgarishlar qabul qilinishi advokaturaning halokatini anglatadi”, - deydi u.

Yana bir o‘zgarishga ko‘ra, advokat stajyori bo‘lishga talabgor Adliya vazirligi roziligini olishi shart qilib belgilanmoqda. Layevskiyga ko‘ra, vazirlik rozilik bermasa, talabgor amaliyotni o‘tay olmaydi va, tabiiyki, unga advokatura eshiklari yopiladi.

“Umuman olganda advokaturaga ro‘shnolik yo‘q, chunki bizda qonunlar juda yomon ishlaydi. Advokat nega kerakligini, fuqarolar, birinchi galda, yuridik shaxslarga uning qanday foydasi tegishini, nega u ortiqcha emasligini takror-takror asoslashimizga to‘g‘ri kelyapti”, - deydi Shinkarevich.

So‘nggi bir necha oyda 20 dan ortiq kishi siyosiy sabablarga ko‘ra advokatlik litsenziyasidan ayrildi, ularning soni ortmoqda.

XS
SM
MD
LG