Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:19

Belaruslik sobiq sudya: “Nohaq jazolashdan bosh tortdimu, “xavfli” odamga aylandim”


Aleksey Patsko Brest sudi binosi yonida
Aleksey Patsko Brest sudi binosi yonida

33 yoshli Aleksey Patsko besh yil Belarusning Pinsk tumanida sudya bo‘lib ishlagan. U sud tizimiga qisqagina davom etgan liberallashuv chog‘ida va o‘zining “idealistik” qarashlari bilan kelganini aytadi. 2019 - yilgi saylovdan so‘ng sudlar ustidan hukumat nazorati keskin kuchaydi – shu qadarki, sudyalarga “ijtimoiy muhim moddalar” bo‘yicha hukmlarni “kelishgan holda” qabul qilishni tavsiya eta boshlaydilar. Avgustdagi prezident saylovlaridan so‘ng ommaviy norozilik boshlanganida esa, Belarus sudlari qonunlarni pisand qilmay qo‘ydi.

2020 - yil 9 - avgust kuni Aleksey o‘zi uchun qaror berdi: namoyishchilarni jazolamaydi, ularni qamoqqa olishdan bosh tortadi. Shundan so‘ng uni dastlab “siyosiy” ishlarni ko‘rishdan chetlatishdi, keyin esa ishdan bo‘shatishdi. Unga va advokat onasiga qarshi jinoyat ishi ochilgani ma’lum bo‘lgach, butun oila Ukrainaga ko‘chib ketdi.

Aleksey Patsko “Ozodlik”ning belarus xizmatiga intervyusida 9-10 - avgust kunlari Pinskda siyosiy ishlar bo‘yicha sud qarorlari qanday qabul qilingani va Belarus hukumati sud tizimini qay tariqa nazoratga olgani haqida so‘zlab berdi.

“Men Pinskda tug‘ilganman va yashaganman. BelDU yuridik fakultetini bitirdim. Xotinim, uch farzandim bor. Sudda ish boshlagunimcha turli shirkatlarda huquqiy maslahatchilik qildim. Karyera qurishga intildim. Ammo na men va na oilam hech qachon tamoman hukumat yonini olmaganmiz.”

2015 - yilda meni sudyalikka tayinlashdi. O‘shanda 28 yoshda edim, tizimga nisbatan maksimalistik va idealistik qarashlarim bor edi. Vaziyat ham boshqacha edi hali: liberallashuv yuz berib, tizim o‘zini o‘zi yaxshilashga harakat qilardi. Yoshlarni turli lavozimlarga taklif etishar, qo‘limizda nimalarnidir o‘zgartirish imkoni bordek tuyulardi. Sudyalik faoliyatim boshlarida bu mansab siyosiy mazmunga deyarli ega emasdi”, deya hikoya qiladi Aleksey.

Uning aytishicha, siyosiy bosim zo‘rayganini u 2017 - yilda, Pinsk va boshqa shaharlarda Lukashenkoning “Tekinxo‘rlar to‘g‘risida”gi farmoniga qarshi norozilik chiqishlari o‘tkazilgan paytda payqagan. O‘shanda odamlar hech qayerda ishlamaydigan, hatto o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda ishsiz qolgan fuqarolardan ham “tekinxo‘rlik solig‘i” undirilishiga qarshi bosh ko‘tarishgandi.

Keyinroq, 2019 - yil oxirida shaharda Rossiya bilan integratsiyaga qarshi chiqishlar bo‘lgan.

“O‘shanda biz, sudyalarga ustalik bilan bosim qilingan. Ya’ni namoyishchilarni bunday sud qiling, buncha muddat bering, deb to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq berishmagan, balki bu ishlar “jamiyat uchun muhim”ligi, ularga “mas’uliyat bilan qarash lozim”ligi va “qonun bo‘yicha” jazolash kerakligi haqida ishora va yo‘l-yo‘riqlar bo‘lgan, – deb xotirlaydi Patsko. – Bu chiroyli iboralar orqali ayon bo‘ldiki, mohiyat – ularning mazmunida emas, shaklida ekan. 2017 - yilgi mitinglarda qatnashganlardan ayrimlarini men ham sud qilganman. Esimda, ularga jarima tayinlagan edim: rasmiy jihatdan, ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi qonun buzilishi bor edi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlar faoliyatida o‘zgarishlar 2019 - yilgi parlament saylovlaridan so‘ng boshlangan: shunga qadar sudyalar qaror chiqarishda birmuncha mustaqil bo‘lgan.

“2019 - yilning kuzida sud raislari almashtirildi, jumladan, bizning Pinsk tumani va Brest viloyati sudlarida ham. Shundan so‘ng “jilov tortila boshladi”. Yarim-yorti demokratik tartiblar barham topdi. Yuqori bilan maslahatlashib ish ko‘rish amaliyotiga o‘tildi, boshliqlar nazorati kuchaydi. Bular bari “sifat va samaradorlik” shiori ostida qilinardi”, deydi sobiq sudya.

Barcha sudyalar qatorida Patskoga ham u ko‘rayotgan va ko‘radigan ishlar yuzasidan rahbariyatga ma’lumot kiritish talabi qo‘yildi. Bir oz keyinroq esa “sudning ish qobiliyatini buzgan va ish sifatini tushirgan” sudyalarni mukofotdan mahrum qilish tizimi joriy etildi.

“2020 - yilgi saylovlarga yaqin qolganda korrupsiya, giyohvand vositalar oldi-berdisi, mast holda mashina boshqarish kabi “ijtimoiy muhim” moddalar bo‘yicha rahbariyat bilan maslahatlashish amaliyoti kiritildi. Endi shunaqa ishlar ko‘rilsa, qarorni hukumat roziligi bilan chiqarish kerak edi. Buyruq emas, tavsiya sifatida qilinsa-da, bu ishlar odil sudlov faoliyatiga aralashish bo‘lib, jinoyat deb baholanmog‘i lozim”, urg‘ulaydi Patsko.

Lukashenko 2020 - yilgi saylovlarda nomzodini ko‘rsatmoqchi bo‘lganida Patsko uni quvvatlab imzo chekishdan bosh tortadi, yana ko‘p hamkasblari shunday qiladilar. Ularga hech nima deyishmaydi. Ammo saylovga oz qolgan paytda sudyalarga ochiqcha buyruq beriladi: “hamma muddatidan oldin ovoz berib, bu haqda yozma bildirishnoma taqdim etsin”.

“Men bormadim. Barchani ortidan kuzatib yurishning iloji yo‘q. Shunchaki, sudyalarni qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lishdi xolos”, deydi Patsko.

9 - avgust kuni, uning aytishicha, Belarusda odamlar “Lukashenkoga qasdma-qasd ovoz berganlar”.

“Biz ko‘proq Viktor Babariko yoki Valeriy Sepkaloga ovoz berishga moyil edik. Lekin ularga saylovda qatnashishga izn berishmadi. Tixanovskaya muqobil nomzod edi. Saylovchilarni birlashtirish va Lukashenkoga qarshi ovoz berish uchun ataylab uni tanlashdi, nomzodning shaxsi unchalik muhim emasdi. Xullas, “kim bo‘lsa bo‘lsin, faqat Lukashenko emas” prinsipi bo‘yicha harakat qilindi”, tushuntiradi Aleksey.

“9 - avgust yakshanba kuni edi. Men ishda edim, sud raisi va uning o‘rinbosarlari ham. Hamma ish joyida edi, chunki nimadir bo‘lishini sezib turardik”, ta’kidlaydi sobiq sudya.

Saylov arafasida Pinskda bir necha kuzatuvchi va faol hibsga olingan, ular dushanba, 10 - avgust kuni sud qilinishi kerak edi.

“Rahbariyat ertaga ularga 15 sutka berishni taklif qildi va ishni menga topshirmoqchi bo‘ldi. Men rad etdim. O‘zlaricha nasihat qilgan bo‘lishdi: “Oilangni, bolalaringni o‘ylasang-chi! Qiziqqonlik bilan nimaga erishmoqchisan?” Men oyoq tirab oldim. Shundan so‘ng hibsdagilarni sud qilish uchun boshqa sudyalarni ta’tildan chaqirib olishdi”, hikoyasini davom ettiradi Aleksey Patsko.

O‘ninchi va o‘n birinchi avgust kunlari Pinskda odamlar prezident saylovi natijalari soxtalashtirilishiga qarshi namoyishga chiqadilar. Kuch ishlatar idoralar namoyishni shafqatsizlarcha bostirdi, so‘ng Tergov qo‘mitasi “ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish” ayblovi bilan o‘nlab kishilar ustidan jinoyat ishi ochadi. 2021 - yilning aprelida Brest shahrining Moskva tumani sudi 14 kishini aybdor deb topib, ularni 5.5 yildan 6.5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Patskoga ko‘ra, “ommaviy tartibsizlik” uchun qo‘lga olinganlar bitta huquqbuzarlik uchun avvaliga ma’muriy, keyin esa jinoiy modda bo‘yicha sud qilingan bo‘lib, bu Jinoyat-protsessual kodeksga mutlaqo ziddir.

“O‘ninchi avgust kuni shaharda maxsus amaliyot e’lon qilindi. Shundan so‘ng ikki kun mobaynida 120-140 kishi qo‘lga olinib, militsiya yerto‘lasiga tashlandi. Oradan 72 soat o‘tdi. Endi ularni yo ozod qilish, yo ehtiyot chorasini belgilash kerak edi. Nima qilishdi deng? Soat 23:34 da ular, go‘yo ma’muriy qamoq jazosini olgandan so‘ng takroran huquqbuzarlik sodir etgani uchun qo‘lga olindi deya rasmiylashtirildi. Bayonnomalarni jinoyat ishi tartib-qoidalariga ko‘ra tuzib, sudga oshirishdi. Ammo kishini bitta qilmishi uchun ham ma’muriy, ham jinoiy javobgar qilib bo‘lmaydi axir!” – deya ishning huquqiy tomonlarini tushuntiradi sobiq sudya.

“Odamlarni jazolashdan bosh tortganimdan so‘ng ishxonada men bilan gaplashmay qo‘yishdi, chunki “xavfli” bo‘lib qolgan edim. Ma’lum vaqt mayda-chuyda ishlarni ko‘rib yurdim. Tez orada viloyat sudiga chaqirib, “o‘ylab ko‘rish”ni iltimos qilishdi. Gaplaridan anglashildiki, meni iste’foga jo‘natishmoqchi emas, ammo jim yurishim kerak edi. Besh yillik sudyalik vakolat muddatim yakunlayozgan ekan, hujjatlarimni qaytarib oldim. Oktabrda esa meni bo‘shatishdi”, deydi Patsko.

Aleksey sud raisining oldindan ogohlantirganiga qaramay, TUT.BY hamda “Nasha Niva” nashrlariga intervyu berib, ko‘p gaplarni ochiq aytadi, ya’ni “jim yurmaydi”. Shuning uchun uni hech qayerga ishga olishmaydi. Ayrimlar ro‘y-rost tan oladi: “KGB sizni qabul qilishimni taqiqlagan, o‘zingizdan qolar gap yo‘q...”

“Onam yurist bo‘lib ishlardi, meni o‘ziga yordamchi qilib oldi, – deydi Aleksey. – Roppa-rosa ikki kun o‘tgach, soliqdan tekshiruvchilar kelib, men yuridik xizmat ko‘rsatish bilan go‘yo noqonuniy tadbirkorlik qilayotganimni aytishdi. So‘ng KGB xodimlari tanishlarimdan ularga aslida onam emas, men xizmat ko‘rsatganim haqida ko‘rsatuv olishga uringani, hatto tazyiq qilayotganidan xabar topdik”.

Shu bilan birga, u sudyalik davrida ko‘rgan eski ishlar qayta boshdan “ekspertiza” qilinayotgani daragi keladi. Aleksey Patsko nishonda ekanini, uni o‘rab turgan halqa tobora torayotganini tushunadi. Va Ukrainaga jo‘nab ketadi.

O‘zining aytishicha, “ularni g‘aflatda qoldirgan”. Chunki, ketganidan so‘ng ikki kun o‘tgach shaxsan prokuror o‘rinbosari boshchiligida, uni izlab, onasi va singlisining uyini tintuv qilishibdi. Tintuv chog‘ida Alekseyga qarshi JK 380-moddasi (Hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan ish ochilganini aytishgan. Ertasi kuni esa onasi o‘zi ustidan 427-modda (xizmat soxtakorligi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini eshitadi. Shundan keyin Aleksey uni ham bu yerga ko‘chirib keltirgan.

“Yaqin orada Belarusga qayta olmasak kerak. Xotinim, bola-chaqamni ham olib kelganman. Eng asosiysi, ular xavfsizlikda. To‘g‘ri, majburiy ko‘chish odamni stressga solib, o‘rgangan turmush tarzi va qulayliklardan mahrum qiladi. Ammo afsuslanishdan foyda yo‘q. Amallaymiz. Eng muhimi, barchamiz birgamiz”, deydi Aleksey Patsko.

XS
SM
MD
LG