Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:24

Besh kishini o‘ldirgan erkakka umrbod qamoq jazosi tayinlandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi bir oilaning 5 nafar a’zosini o‘ldirgan va ularni uyi bilan birga yoqib yuborgan 29 yoshli erkakni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Jazo maxsus tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov qaydicha, 1995-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Z. S. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam o‘ldirish), 118 (nomusga tegish), 134 (qabrni tahqirlash), 164 (bosqinchilik) va 173 (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Mazkur jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

Qonunchilikka muvofiq, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Joriy yil 26-iyul Yangiyo‘l tumani Nurafshon ko‘chasida joylashgan xonadonda yong‘in sodir bo‘lgan edi. Xonadon ko‘zdan kechirilganda 5 nafar (1991-yilda tug‘ilgan erkak, 1999-yilda tug‘ilgan ayol, 2021 va 2022-yilda tug‘ilgan bola va 2018-yilda tug‘ilgan qiz) shaxsning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan.

Keyinroq huquq idoralari 5 nafar shaxsni qasddan o‘ldirishda gumonlanayotgan shaxsni ushlagandi.

Prokuratura axborotiga ko‘ra, sudlanuvchi jabrlanuvchi erkakning (marhum) qarindoshi bo‘lgan. U ushbu jinoyatni o‘rtalarida mavjud bo‘lgan qarz munosabati sabab sodir etganini aytgan.

XS
SM
MD
LG