Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2022, Тошкент вақти: 14:03

Besh yildan yetti yilga: Qozog‘istondagi prezidentlik saylovlari haqida besh xulosa


Qasim-Jomart Toqayev oxirgi marta prezidentlik saylovlarida qatnashayotganini aytgan.

Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari natijasi hech kimni hayratga solgani yo‘q.

Unda kutilganidek, amaldagi prezident Qasim-Jomart Toqayev 80 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi.

Ozodlik tahlilchisi Kris Riklton oxirgi saylovlar haqida chiqarish mumkin bo‘lgan besh muhim xulosa haqida.

Hali ham haqiqiy raqobat yo‘q

Toqayev bilan bellashgan besh nomzod faqat nomiga raqib bo‘ldi.

Turli siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari tomonidan nomzod qilib ko‘rsatilgan bu shaxslar Toqayevni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqid qilishdan o‘zlarini tiydilar. Ba’zi hollarda ular hatto Toqayev siyosatini yoqlab chiqishdi.

Ammo ayrim nomzodlar saylov kampaniyasi davomida otlarni sog‘ish va taqalash qobiliyatlarini namoyish etishdi.

Qozog‘istonda haqiqatan mustaqil nomzodlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan to‘siqlardan biri – mamlakat qonunchiligi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlar davlatga kamida besh yil xizmat qilganliklarini ko‘rsatishlari kerak.

Saylov kuni norozilik namoyishi o‘tkazishga uringan o‘nlab faol hibsga olingan. Olmaota, 20-noyabr, 2022.
Saylov kuni norozilik namoyishi o‘tkazishga uringan o‘nlab faol hibsga olingan. Olmaota, 20-noyabr, 2022.

Siyosatshunos Do‘sim Satpayev Ozodlik radiosi qozoq xizmati bilan suhbatda mazkur qonunni birinchi prezident Nursulton Nazarboyev kiritgan «filtr» deb atagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qoida «saylov jarayoni va uning ishtirokchilarini nazorat qilish uchun» o‘ylab topilgan.

Satpayev qonun hamon kuchda qolayotgani Toqayevning «Yangi Qozog‘iston» to‘g‘risidagi da’volariga shubha tug‘dirishini aytdi. Yanvar oyida sodir bo‘lgan tartibsizliklar ortidan Toqayev Nazarboyevning qudratli urug‘ini chetlatib, «Yangi Qozog‘iston» shiorini ishlata boshlagan.

Hibsga olishlar

Rasmiylarning da’volariga qaramay, Qozog‘istonda hukumat yig‘ilishlar erkinligidan hamon hadiksiraydi.

Saylov arafasida saylov kuni namoyish o‘tkazishni rejalashtirgan siyosiy faollar hibsga olindi. Kamida olti odam 15 sutkagacha qamoqqa hukm qilindi.

Qozog‘iston davlat prokurori aholini namoyishga chiqqanlar qonuniy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi. Prokurorning bu bildiruvidan oldinroq surgunda yashayotgan muxolifat yetakchisi Muxtor Ablyazov qozog‘istonliklarni Toqayevni «tinch yo‘l bilan» ag‘darishga chorlagan edi.

Saylov kuni «Oyan Qazaqstan» guruhi faollari joriy yil boshida tinch namoyishchilar hukumat qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilgan maydonda banner ochishlari bilan qo‘lga olindilar. Xabarlarga ko‘ra, faollar o‘sha kunning o‘zida qo‘yib yuborilgan.

Qozog‘iston hukumatining ta’kidlashicha, politsiya faqat ruxsat berilmagan namoyishlarni tarqatmoqda. 2020-yilda qabul qilingan qonunga binoan, namoyish tashkilotchilari rasmiylarni oldindan xabardor qilishlari kerak.

Ammo ruxsat olishga uringanlarning ko‘pchiligiga turli rasmiy bahonalar bilan aksiya o‘tkazishga izn berilmadi.

Nazarboyevning o‘xshamay qolgan o‘xshatishi

Sobiq prezident Nazarboyev yanvar voqealaridan keyin kamnamo bo‘lib qoldi. Yanvardagi tartibsizliklar ortidan 82 yoshli sobiq prezidentning qarindoshlari qudratli va daromadli lavozimlardan mahrum bo‘ldilar.

Hatto Nazarboyev oilasi Toqayevni ag‘darishga uringani haqida mish-mish tarqaldi.

Zo‘ravonlik ortidan Nazarboyev ittifoqchilaridan Karim Masimov qo‘lga olindi. Masimov yanvar tartibsizliklari boshlangan paytda xavfsizlik xizmatini boshqarayotgan bo‘lgan.

Poytaxt Ostonadagi davlat opera teatrida ovoz bergan Nazarboyev Masimovning yopiq eshiklar ortida davom etayotgan sud jarayoni haqidagi savolga javob berdi.

«Masimov men bilan ko‘p yillar ishlagan, ammo qayerdan bilay? Iso Masih unga yaqin o‘tirgan Yahudo haqida bilmaganku?», dedi sobiq prezident.

Nazarboyevning bu analogiyasi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi, sababi ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ta’kidlaganidek, Injilda yozilishicha, Iso payg‘ambar shogirdi xiyonat qilishini bashorat qilgan, ammo buning oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Mustaqil kuzatuvchilarga bosim

2019-yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi davomida yoshlar orasida ovoz berish jarayonini kuzatishga qiziqish ortdi. Saylov davomida qonunbuzarliklar kuzatilgani iddao qilindi, natijada norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Bu safar o‘ndan ortiq mustaqil kuzatuvchi saylov uchastkalaridan haydab chiqarildi. Ayrim hollarda politsiya bunga jalb qilindi.

Mahalliy kuzatuv guruhlari ham saylov oldidan tazyiqlar haqida shikoyat qildi.

«Mustaqil kuzatuvchilar» deb nomlanuvchi guruh a’zolari Ozodlik bilan suhbatda kuzatish to‘g‘risida trening o‘tkazishlariga xalal berilganini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulot o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mehmonxona rahbariyati so‘nggi daqiqada binoni suv bosganini aytib, tadbirni bekor qilgan.

Hafta boshida tashkilotning Olmaotadagi ofisida elektr ta’minoti uzoq muddatga uzilib qolgan edi. Qizig‘i, ayni binodagi boshqa idoralar bu muammoga yo‘liqmagan.

Qozog‘istonda keyingi yil parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. 1-yanvardan kuchga kiradigan yangi qonunlar tufayli saylov kuzatuvchilari yanada ko‘proq to‘siqlarga duchor bo‘lishlarini kutish mumkin.

Yetti yil – siyosatda uzoq vaqt

Toqayev so‘nggi marta prezidentlikka nomzodini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon yangi konstitutsiyaga binoan har bir prezident faqat bir muddatga saylanadi.

Ammo masalaning bir jihati bor – prezidentlik muddati endilikda yetti yilga cho‘ziladi. Shu o‘rinda aytish joizki, Ekvatorial Gvineya, Suriya va Turkmaniston kabi demokratik bo‘lmagan davlatlarda mamlakatlarda prezident mana shuncha uzoq muddatga saylanadi.

Toqayev boshqa hech qachon nomzodini qo‘ymaslik va’dasini bajargan taqdirda ham, 2029-yilda o‘rnini unga sodiq bo‘lmagan odam egallashiga yo‘l qo‘yishi dargumon.

XS
SM
MD
LG