Линклар

Шошилинч хабар
14 сентябр 2024, Тошкент вақти: 22:04

Bir saylovchiga bir necha byulleten bergan shaxslar jazolanadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda fuqaroga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov byulletenini bergan saylov komissiyasi a’zosi bundan buyon javobgarlikka tortiladi. Bu tartib O‘zbekiston prezidenti tomonidan shu yilning 4-sentyabrida imzolangan qonun bilan mamlakat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan o‘zgartishda aks etgan.

Adliya vazirligiga qarashli “Huquqiy axborot” telegram-kanali qaydicha, qonun bilan mazkur kodeksga siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga oraliq yoki yakuniy hisobotni taqdim etmaganlik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaganlik yoxud hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha ham kiritilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi aytilgan.

O‘zbekistonda galdagi saylovlar (parlament saylovi) joriy yilning 27-oktyabrida o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan buyon ikkinchi parlament saylovi bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftadagi nutqida bu galgi parlament saylovi “xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligiga to‘la muvofiq holda, kuchli raqobat muhitida bo‘lib o‘tishi”ga ishonch bildirgan edi.

Mirziyoyev o‘z boshqaruvining ilk davrida siyosiy islohotlar o‘tkazish, jumladan, muxolif partiyalarga yo‘l berish haqida gapirgan, ammo hozirgacha Karimovdan qolgan siyosiy tuzumni o‘zgartirish yo‘lida biron jiddiy qadam qo‘ygan emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni isloh qilish uchun “ba’zi qadamlar”ni qo‘ygandan so‘ng “islohotlarning ushbu ruhi”ni saylovlarga “yuqtira olmagan”ini Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti ham 2019-yildagi o‘z bayonotida e’tirof etgan edi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda mustaqillik davrida bo‘lib o‘tgan barcha saylovlar nufuzli xalqaro tashkilotlar, shu jumladan YXHT kuzatuvchilari tomonidan biron marta ham “to‘laligicha xalqaro standartlarga muvofiq”, teng raqobat asosida va qonunbuzarliksiz o‘tgan, deya tan olingan emas. Kuzatuvchilar bu qonunbuzarliklar orasida boshqalari qatori bir kishiga bir necha marta saylov byulleteni berilgani va bir kishining boshqa shaxs nomidan ovoz bergani kabi holatlarni ham qayd etishgan.

XS
SM
MD
LG