Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:22

"Birinchi tun huquqini 10 ming dollarga sotaman”. Dushanbelik 23 yoshli qiz “bokiralik” auksionida ishtirok etmoqda


First Night (“Birinchi tun”) xalqaro auksioni saytidan skrinshot.
First Night (“Birinchi tun”) xalqaro auksioni saytidan skrinshot.

Dushanbelik 23 yoshli qiz First Night (“Birinchi tun”) xalqaro auksioni orqali o‘z “qizligi”ni 10 ming dollarga sotishga qaror qildi. Mazkur auksion orqali har yili turli davlatlardagi yuzlab qizlar “birinchi tun” huquqini boy erkaklarga sotadi.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining xabar berishicha, yaqinda auksionda 23 yoshli dushanbelikning: “Men nozik qizman, kelajakda yaxshi xotin bo‘lish uchun boy erni izlayman. Itoatkor, nazokatli va mehribonman. Men hali bokiraman”, degan e’loni paydo bo‘ldi.

Ozodlik radiosi tojik xizmati mazkur platforma orqali dushanbelik qiz bilan bog‘landi. Uning nomi radioga ma’lum, ammo etika qoidalariga rioya qilgan holda uning ismini oshkor etmaymiz.

Qisqacha yozishmada u oilasi og‘ir moliyaviy vaziyatda ekanini, oilasining qarzlari ko‘payib ketganini bildirdi. Unga ko‘ra, ayni shu vaziyat ortidan u oilasiga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida auksionda o‘zini sotmoqchi bo‘lgan.

Qolgan savollarimizga qiz javob bermadi. U “bokiraligi uchun 10 ming dollar to‘lashga tayyor va BAA yoki Turkiyaga safarini to‘lab berishga qodir jiddiy mijoz bilan gaplashish istagida” ekanini bildirib, gapni qisqa qildi.

Qizning aytishicha, agar mijoz harajatlarini to‘lasa, bokiraligini tasdiqlovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tishga ham tayyor.

"Horijdan boy er izlayman"

First Night onlayn auksionida Markaziy Osiyo davlatlarida yashovchi qizlarning e’lonlari juda ko‘p uchraydi. Musulmon davlatlari orasida eronlik qizlarning e’lonlari ko‘proq.
Auksionda “qizlik” yosh va chiroyga qarab baholanadi hamda uning narxi 3 ming dollardan 1 million dollargacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.

Marshall orollaridagi shirkat ta’sis etgan First Night auksioni rasmiy saytida ta’kidlanishicha, shirkat “oldi-sotdi jarayoni uchun mas’ul emas va hech qanday javobgarlikni zimmasiga olmaydi”.

Saytdagi ma’lumotlarga qaraganda, qizlar ham, erkaklar ham o‘z e’lonlarini mustaqil qoldirish va o‘chirib tashlash huquqiga ega.

Sayt rasmiy vakilining aytishicha, oldi-sotdi jarayoni “sotuvchi va xaridor” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi, auksion bu ishga aralashmaydi. Sayt ma’muriyati qizlardan kelgan fotosuratlarni tekshirish va ularning haqiqiyligini tasdiqlash bilan cheklanadi.

“Taqiqlanmaganmi? Demak mumkin”

Yurist va “Femida” tashkiloti rahbari Sanoat Soliyevaning aytishicha, Tojikiston qonunchiligida o‘z bokiraligini sotmoqchi bo‘lgan qizning harakatlariga huquqiy baho berish jarayoni aks etmagan.

“Tojikiston qonunchiligi bunday harakatlarni taqiqlamaydi va ayni paytda ruxsat ham bermaydi. Qonun bilan taqiqlanmagan harakat esa, xalq orasidagi mashhur ibora bilan aytganda, ruxsat etiladigan harakatdir. Ammo ma’naviy jihatdan olganda, bu harakat xalqimiz mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydi. Tojik ayoli o‘z bokiraligini saqlashi lozim. Ko‘p yillik yuridik faoliyatim davomida, tojik qizi o‘z bokiraligini sotayotganini birinchi marta eshitayapman”,-dedi Sanoat Soliyeva.

“Oila katta baxtsizlikka uchragan bo‘lishi mumkin”

Psixolog Maryam Davlatova globallashuv jarayonida bu kabi harakatlar yana-da ko‘payib boraveradi, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, dushanbelik qiz pul topishning bu usuli haqida kimdandir xabar topgan va uni qo‘ldan boy bermoqchi emas.

“Biz bu qizni ayblash uchun hech qanday ma’naviy huquqqa ega emasmiz. Psixologik nuqtai nazardan aytadigan bo‘lsam, bizning jamiyatimizda o‘z tanasini sotishga qaror qilgan qiz uchun yashash juda qiyin. Balki ularning oilasi katta baxtsizlikka uchragandir, buning ortidan u o‘zini sotmoqchi bo‘lgandir”,- dedi Maryam Davlatova.

Psixologning aytishicha, jamiyat qoralash o‘rniga oilaga amaliy yordam ko‘rsatsa, bu kabi holatlar takrorlanmasligi mumkin.

Tojikistonda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida bo‘lgani kabi nikohdan so‘ng o‘tadigan birinchi tunda qizlarning bokiraligi alohida ahamiyat kasb etadi. To‘ydan so‘ng kuyov tomon “bokira emas” deb hisoblagan kelin sharmandalarcha uydan haydaladi.

Bu kabi ayanchli vaziyatning oldini olish maqsadida Tojikistonda qizlar nikoh kechasidan oldin bokiraligini tasdiqlovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Huquq faollari bu holatni qizlar huquqini buzish sifatida tasniflaydilar va Tojikiston hukumatini qonunchilikdagi bu talabni bekor qilishga chaqirib keladi.

XS
SM
MD
LG