O‘zbekistondagi ilk muxolifat tashkiloti bo‘lgan “Birlik” xalq harakati asoschilaridan biri, kibernetik olim Abdurahim Po‘latov 78 yoshida AQSHda vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qildi.
1998-yildan buyon Qo‘shma Shtatlarda muhojirotda yashab kelgan Po‘latov Karimov rejimining ashaddiy tanqidchilaridan biri bo‘lgan.
Abdurahim Po‘latov 1945-yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1962-yilda o‘rta maktabni, 1968-yilda esa Moskva energetika institutini tamomlagan. 1973-yili u nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganidan keyin 1991-yilgacha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kibernetika institutida faoliyat yuritgan. Bu orada u (1984-yili) robotsozlik va sun’iy intellekt yaratish muammolariga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.
Abdurahim Po‘latovning siyosiy faoliyati 1988-yil bahorida Orol dengizini qutqarish qo‘mitasi tarkibida ekspert o‘laroq ishtirok etishdan boshlangan. O‘sha yilning noyabr oyida “Birlik” xalq harakati tashkil etilgan va Po‘latov uning tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.
1989-yil 28-mayida “Birlik”ning ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tgan va u yerda Abdurahim Po‘latov harakat raisi etib tayinlangan. Shundan so‘ng u 1980-yildan buyon o‘zi a’zo bo‘lib kelgan KPSS safidan chiqqanini e’lon qilgan.
1992-yilning may oyida Abdurahim Po‘latov bu paytga kelib partiyaga aylangan “Birlik”ka qaytadan rais etib saylangan.
O‘sha yilning iyun oyi oxirida Abdurahim Po‘latov va “Birlik” faollaridan biriga qarshi suiqasd uyushtirilgan, natijada u reanimatsiyaga tushgan.
Karimov rejimi tomonidan ta’qib to‘xtamayotganidan shikoyat qilgan Abdurahim Po‘latov 1992-yili O‘zbekistonni tark etib, dastavval Ozarbayjonga, keyin esa Turkiyaga ketgan.
Turkiyada olti yil yashaganidan keyin u 1998-yilda AQSHdan siyosiy boshpana olgan. Ikki farzandning otasi bo‘lgan Po‘latov umrining so‘nggi 25 yilini Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazgan.