Qirg‘iziston poytaxtida militsiya xodimlari mamlakat hududida qonuniy yashab va ishlab kelgan 56 nafar xorijlikni qo‘lga olishgan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati Bishkek SHIIB matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Qayd etilishicha, Bangladesh fuqarolari bo‘lib chiqqan noqonuniy migrantlar 25-iyun kuni o‘tkazilgan reyd chog‘ida ushlangan. Xorijliklarning hammasi militsiya bo‘limi yetkazilib, ularga nisbatan Qirg‘iziston Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 431-moddasi (Xorijlik fuqarolar tomonidan Qirg‘izistonda bo‘lish tartibi, mehnat faoliyatini amalga oshirish qoidalari yoki tranzit o‘tish tartibining buzilishi) bo‘yicha 18 ta ma’muriy bayonnoma tuzilgan.
Bishkek SHIIB huquqbuzarlarga umumiy hisobda 99 ming so‘m (shu kundagi kurs bilan 1145 AQSH dollari atrofida) miqdorida jarima tayin qilingan.
Noqonuniy migrantlarni aniqlash bo‘yicha reydlar militsiyadan tashqari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan ham o‘tkazilmoqda. 25-iyun kuni MXDQ vakillari reyd chog‘ida viza muddati o‘tib ketgani holda Chuy viloyatidagi parrandachilik fabrikasida ishlab kelgan pokistonlik va bangladeshlik 45 kishi aniqlanganini bildirishgan. Bu shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilib, so‘ngra vataniga deportatsiya qilinishi uchun Qirg‘iziston IIVga o‘tkazib berilgan.
Qirg‘izistonda huquq-tartibot va maxsus xizmatlar xodimlari noqonuniy migrantlarni aniqlash bo‘yicha shu yil aprelidan buyon reydlar o‘tkazib kelyapti. Noqonuniy migrantlar xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida - ko‘pincha tikuvchilik va yetkazib berish xizmatlari sohalarida aniqlanayotgani aytilmoqda.