Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:21

Bishkekda yangi konstitutsiya loyihasiga qarshi namoyish bo‘ldi. Norozilar uni “Xonstitutsiya” deb atamoqda


Norozilar yangi konstitutsiyani Xonstitutsiya deb atamoqdalar.
Norozilar yangi konstitutsiyani Xonstitutsiya deb atamoqdalar.

Bishkekda Qirg‘iziston konstitutsiyasining yangi loyihasiga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Aksiya ishtirokchilari loyihani bekor qilishni, mamlakat parlamenti tarqatilishini va tez orada yangi saylov o‘tkazilishini talab qilmoqda.

9 - mart kuni Bishkekning Olatog‘ markaziy maydonida o‘tgan miting ishtirokchilari konstitutsiya yangi loyihasida prezidentga juda katta huquq berilgani, ammo uning javobgarligi ko‘zda tutilmaganini aytishdi.

“Parlament tarqalsin”, “Xonlikka yo‘l yo‘q”, “Stop, Xonstitutsiya” kabi shiorlarni ko‘tarib namoyishga chiqqanlar yangi konstitutsiyada prezidentga hokimiyatning barcha butoqlarni boshqarish huquqi berilgani avtoritarizmga olib kelishidan tashvishlanmoqda. Shuning uchun norozilar yangi konstitutsiyani "Xonstitutsiya" deb atamoqda.

Miting tashkilotchilari “Xonstitutsiyaga qarshi markaz” tashkil etib, ijtimoiy tarmoqlar orqali siyosat va jamoat arboblarining Bosh qonun yangi loyihasiga qarshi fikrini e’lon qilib bormoqda. Markaz rahbari Jenish Mo‘ldo‘qmatov konstitutsiyaning yangi loyihasini “noqonuniy”, deb hisoblaydi. U prezident va deputatlarni sudga bermoqchi.

“Mamlakatda noqonuniy konstitutsiyaviy davlat to‘ntarishi bo‘lyapti. Hukumat uzurpatsiya bo‘ldi. Sadir Japarovning xalq oldida saylovgacha, saylov payti aytgan gaplari gapligicha qolib ketdi. U “Men mas’uliyatli hukumat, adolatli boshqaruv o‘rnataman”, degan. Bunday bo‘lmadi. Konstitutsiya loyihasini o‘qib chiqdim, hokimiyat bir odam qo‘liga o‘tyapti. Ijroya hokimiyati, kuch organlari rahbarlarini prezidentgina tayinlaydi. O‘zi istagan paytda bo‘shatadi. Biroq o‘zi hech kim oldida javobgar bo‘lmaydi. Birlashgan kuch, partiyalar,siyosatchilar, jamoat arboblari bilan birga parlamentning har bir deputatini, prezident Sadir Japarovni hokimiyatni uzurpatsiya qilish bo‘yicha sudga beramiz. Javob berishsin”, - dedi mitingda Jenish Mo‘ldo‘qmatov.

U, shuningdek, yangi loyiha qabul qilinsa, so‘z erkinligi, inson huquqlari cheklanishi mumkinligini aytdi.

Mazkur hujjatni birinchi o‘qishda qo‘llagan parlament deputatlari ham tanqidga uchradi. Mitingga chiqqanlar parlament deputatlarining vakolat muddati tugagani, shu sababli ularni moliyalashtirishni to‘xtatishni talab qilishdi.

Avvalroq Konstitutsiyaviy kengash raisi Bekbo‘sun Bo‘rubashev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati efirida yuqoridagi ayblovlarga quyidagicha javob bergandi:

“89-moddaning 5-punktida “ijroya hokimiyati faoliyati uchun prezident shaxsan javobgar”, deb turibdi. 73-moddada esa, “prezident Konstitutsiyani, qonunlarni buzsa, sud sistemasi, Jo‘g‘o‘rqu Kenesh ishiga aralashsa javob beradi”, deb yozilgan”, - degan edi Bo‘rubashev.

O‘tgan yili parlament saylovlaridan keyin sodir bo‘lgan tartibsizliklardan so‘ng 22 - oktabrda Jo‘g‘o‘rqu Kenesh muddati uzaytirilgan. Parlament qayta saylovi 1 - iyunga qadar tayinlanishi kerak edi. Biroq Prezident Sadir Japarov 1 - mart kuni Qozog‘istonning “Kazinform” agentligiga bergan suhbatida Jo‘g‘o‘rqu Kenesh saylovlari kuzda o‘tishini aytgan.

Deputatlar esa o‘zlarini legitim deb hisoblashadi. Ular o‘tgan yil oktabr voqealarida o‘zlarini mamlakatning huquqiy maydonga qaytishiga hissa qo‘shgan deb bilishadi.

Prezident matbuot kotibi Galina Bayterek 9-mart kuni o‘tgan mitingni izohlar ekan:

“Biron narsaga ma’qul bo‘lishmasa sudga murojaat qilish ularning konstitutsiyaviy huquqi. Bu oddiy ko‘rinish. U yerda qanday qaror chiqishi bu sudning huquqi”,- deya fikr bildirdi.


Loyihani parlament qachon qabul qilishi va prezident uni qachon imzolashi hozircha noma’lum.

XS
SM
MD
LG