Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 07:21

Bizda endi ikki xotin... Tarmoqni titratgan trendlar


Tarmoqlar haqida kollaj

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik o‘tgan haftada tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentidagi kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka TikTokchi bloger Diyora Abdujabborova hamrohlik qildi:

“Olti platformada mashhur bo‘lgan mavzular boshida deputat Rasul Kusherbayev turadi. Geylarga qarshi qonun moddasi Jinoyat kodeksidan olib tashlansa O‘zbekiston o‘ladi yoki qoidabuzar haydovchilarni videoga olganlar “kozyol” degan gapi katta munozaraga sabab bo‘ldi. Ikkkinchi mavzu yangi muxolif partiya tuzayotgan Xidirnazar Allaqulovga qarshi xeyterlar hatti-harakati. Uchinchisi esa 1929 - yili Samarqanddagi orfografiya konferensiyasida qabul qilingan lotin alfbosiga qaytish muhokama qiilindi”.

Diyora Abdujabborova
Diyora Abdujabborova

Suhbatdoshga ko‘ra¸ tarmoq “Munisa Rizayevaning kasalxonada bir o‘limdan qolgani¸ Toshkentga kelib, ketgan Qirg‘iziston prezidentining “o‘zbek samoletlari” haqidagi gapi¸ tilanchiga pul bera olmagan Yulduz Usmonova va aktrisa Durdona Qurbonova aktyor Sardor Ahrorovga tegishli Malibu avtomobilining old oynasini temir bilan urib sindirib tashaganini ham muhokama qilgan.

Munisa Rizayeva
Munisa Rizayeva

O‘zbekiston nimadan o‘lishini “bashorat” qilgan deputat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning haydovchilar “xatosini” sotadiganlar va jinsiy ozchiliklar haqidagi gaplari tarmoqning olti platformasida muhokama qilindi.

Rasul Kusherboyev
Rasul Kusherboyev

Kusherbaevning O‘zbekiston ko‘chalarida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi radar tizimli kameralar o‘rnatish uchun tadbirkorlarga izn berilganiga munosabati:

“Biz yetarli infrastruktura yaratmay turib hamma joyga radar qo‘ydik, yana telefonda suratga olib, jo‘natvorsa pul beradi deb… Qo‘pol qilib aytganda “kozyol”lar jamiyatiga o‘xshab ketyaptti. Bu sotqinlik, “kozyol”lik-ku, deb men ham aytaman. Men shuni bildimki, o‘zining foydasi yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan odamlar ko‘p ekan. Ularga 10-15 ming so‘m beryaptimi, ertaga 100 ming so‘m berib, Vataningni sot, desa ham sotvorishga tayyorlar ko‘p ekan. “

Kusherbayevning "Ilga Europe" tashkilotining O‘zbekiston qonunchiligidan besoqolbozlik (erkak bilan erkakning jinsiy aloqa qilishi)ni taqiqlovchi normani chiqarib tashlash haqidagi murojaatiga javobi:

“Erkak bilan erkakning o‘zaro er xotin sifatida turmush kechirib, munosabat qilishlarini hech qachon qabul qilolmayman. Va toki tirik ekanmiz O‘zbekistonda bunday bema’ni harakatga qonunan ruxsat berilmasligiga ishonaman.Ruxsat berilgan kun bizning o‘lganimiz bo‘ladi. Agar bu inson huquqlariga zid, deyishsa tupurdim bunday huquqiga.”

Kusherbayev bu gaplarni joriy yilning 14 - mart kuni o‘z Telegramida qoldirdi. Har ikkala fikr tanqidchilari ham o‘zini kechiktirmay yetib keldi.

Komil Allamjonov
Komil Allamjonov

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov o‘zining facebokdagi sahifasida Kusherboyevning fikrlariga qarshi chiqdi.

“Jamiyat qonunbuzarliklarni berkitishi kerak emas. Bu haqda gapirgan odamlar “kozyol”ga chiqishi xato.”

Tarmoqning olti platformasida bahs qizidi
Tarmoqning olti platformasida bahs qizidi

Jurnalist Sardor Salim esa o‘zining facebokdagi sahifasida Kusherbayevni populist deb atadi

"Bitta populist "LGBTga ruxsat berilgan kun bizning o‘lganimiz bo‘ladi" debdi. Haqiqatan ham, qiyin bo‘ladi bularga. Axir, olomonga yoqib tushadigan, va ayni damda, xayoti va lavozimiga hech qanday xavf tug‘dirmaydigan bunday arzon hayp mavzu boshqa topilmaydi-ku".

Rasm markazida Nikita Makarenko
Rasm markazida Nikita Makarenko

Jurnalist Nikita Makarenko esa "jamoatchilik umid ko‘zi bilan qaragan Kusherbayev kriminal dunë lug‘atini qo‘llab o‘z aslini namoyish qildi" deya ta’kidladi:

"Kusherbayev chiqib “o‘g‘rilar dunyosi”si oid ikkita asosiy qadriyatga – gomoseksualga yaqin bo‘lish qo‘rquviga sodiqligini e’lon qildi va u hokimiyatni tamsil qilgan rasmiylar bilan hamkorlik qilishni “kozyollik” deb atadi. Ushbu ikkala fobiya uning uchun muhimdir – axir, yopiq xonada erkaklar o‘rtasida maxsus ierarxiya rivojlanadi va “kozyollik” jinoiy tashkilotning muvaffaqiyati uchun juda xavfli. Oddiy dunyoda oddiy odamlar “o‘g‘rilar qadriyatlari”iga sig‘inadiganlar ustidan kulishadi va ularga past nazar va afsus bulan karashadi. Oliy Majlisning barcha nazarida bo‘lgan yagona deputati arzon plastmassa xitoy soat ustiga surkalgan zarhal kabi ko‘chib tushgani juda achinarli".

Ayni paytda tarmoqning yuzminglagan yuzerlari Kusherbayevni qo‘llab¸ unga “sakragan”larni esa la’natlab izoh qoldirgan.

Xidirnazar Allaqulov partiyasi piligini ko‘tarayotgan “banditlar”

Yangi ta’sis etilgan muxolif partiya yig‘ilishining "blogerlar va ayollar bosqini" tufayli buzilganini odatda siyosiy mavzularga qiziqmaydigan TikTokdan tortib Youtube platformasigacha 12 - martdan to 16 - martgacha batafsil yoritib bordi.

Xidirnazar Allaqulov
Xidirnazar Allaqulov

Tarmoq yuzerlari o‘zini bloger deb atab aslida siyosiy partiya tashabbuskorlariga hujum uyushtirayotganlarni qoralashdi. Ular o‘z talqinida “xeyter” va “pogromchi” deb atagan Musayev kontentlari joylangan ijtimoiy tarmoq platformasiga shikoyat yozish tadbirini boshlashdi.

Facebook platformasi faoli Zokir Ali bu tadbir samara berganini o‘z sahifasida yozdi:

Yollanma blogger Shuhrat Musayev ketma ket yog‘ilayotgan “Dizlayk” va shikoyat -Spam bosganlardan boshini ko‘taralmay qolgan ko‘rinadi..Popugi pasayishga boshlabdi...Kundan kunga oshayotgan dizlayk va Spam unga eng katta jazo — Nizo va nafratni targ‘ib qilayotganini Youtube hizmatiga yana ham ko‘proq yetkazaylik do‘stlar, taraqqiyot dushmani bo‘lgan bunday nusxalarga o‘z noroziligimizni bildirishga DAVOM ETAMIZ !!

Partiya matbuot kotibi Bahrom G‘oyibning Ozodlikka bildirishicha, 12 - mart yig‘ilish kunidan tortib to shu kungacha o‘zlarini blogerman deb atagan guruh Xidirnzar Allaqulov va boshqa partiya tashabbuschilariga tixirlik qilib bosim o‘tkazishda davom etmoqda.

“Xalq manfaatlari” partiyasi faoli Ayubxon Rahmonov Ozodlik bilan suhbatda ayni bu guruh ularning ham yig‘ilishlariga bostirib kelib “shantaj va ig‘vo uslubida janjal” chiqrishga uringan.

Bizda endi ikki xotin¸ biri kirill biri lotin...

Eng ko‘p muhokama qilingan mavzular uchtaligiga “lotin yozuviga birato‘la” o‘tish muammosi ham kirdi.

Bu muammo haqida shoir Yigitali Nur o‘z facebook sahifasida she’r ham ëzdi:

Bizda endi ikki xotin¸

biri kirill biri lotin...

kirilligi otinoyi ,

lotinchasi bibiotin.

Lotin yozuvida yozilgan shior
Lotin yozuvida yozilgan shior

Aksar platformalardagi faollar “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirdi.

Adliya vazirligi mulozimasi va bloger Shahnoza Soatova yangi alifbo qanday bo‘lishi haqida bir qadar tushunarli izoh ëzdi:

Noqulay o', g', sh, ch harflaridan voz kechilyapti. Katta Ng alifbodan chiqarilib, faqat kichigi qolyapti (o‘zi mantiqsiz edi shu katta Ng, o‘zbek tilida bu harf bilan so‘z boshlanmaydi).

Alifboda asosan shakliy o‘zgarishlar qilinib, texnik jihatdan noqulay harflar o‘zgartirilyapti. Mazmuniy o‘zgarish yo‘q - biron tovushga yangi harf berilmayapti.

Menimcha, alifboga belgilangan muddatda to‘liq o‘tish uchun shunisi ma’qul.

Loyiha bu yerda:

https://regulation.gov.uz/uz/d/31596

Shahnoza Soatova
Shahnoza Soatova

Qoqtiradiganlar va tiktiradiganlar

TikTokchi bloger Diyora Abdujabborovaga ko‘ra, tarmoqning Instagram va TikTok platformasi o‘z an’anasiga sodiq qolib keyingi bir hafta ichida ham ko‘ngilochar mavzularni “aylantirgan”.

TikTok platformasida Munisa Rizayeva kasalxonaga kirib chiqqani bilan bog‘liq lavha ko‘pchilik e’tiborini tortgan.

Lavhada bilagiga ukol olayotgan qo‘shiqchi Munisa Rizayeva “bir o‘limdan qolganligini” aytadi. Lavhadan qo‘shiqchi allergik shok bois kasalxonaga tushgani tushuniladi.

Eng ko‘p tomosha qilingan lavhalardan biri
Eng ko‘p tomosha qilingan lavhalardan biri

Xafta davomida TikTokda tomoshabop bo‘lgan lavha “Etikchi va qizaloq” deb ataladi.

Videorolikda oyoq kiyim remont qilayotgan yigit oldiga kelgan qizdan "Xizmat?" deya so‘raydi.

Qiz bo‘lsa “Qoqtirgani keluvdim. Ertaga tiktirgani kelaman” deydi. Toshkent ko‘chalarida olingan bu bir daqiqalik klip tagida ëqtirish belgisi o‘laroq qo‘yilgan minglab yurakchalarni ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram)

ozodlikmail@gmail.com

XS
SM
MD
LG