Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:22

"Bizgacha kukuni yetib keladi". O‘zbekistonda "Karimov ko‘miri"ga talab saqlanib qolmoqda


O‘zbekistonning gaz quvuri yetib bormagan joylarida shu kunlarda aholiga arzon ko‘mir tarqatilmoqda.
O‘zbekistonning gaz quvuri yetib bormagan joylarida shu kunlarda aholiga arzon ko‘mir tarqatilmoqda.

Qishning ilk kunlaridanoq energetik bo‘hron ichida qolgan O‘zbekistonning gaz quvuri yetib bormagan joylarida shu kunlarda aholiga arzon ko‘mir tarqatilmoqda.

Kilosi 303 so‘m bo‘lgan “xalq ko‘miri” yoki "Karimov ko‘miri"deya nom chiqargan bu yonilg‘i uchun ba’zi joylarda navbatlar yuzaga kelgan.

Lekin, joylarda odamlar yetkazib berilayotgan ko‘mirning sifatidan norozi.

Andijon viloyati Paxtaobod tumanilik Ahmadjon aka Ozodlik bilan suhbatda ko‘mirni yoqolmay xunob bo‘layotganini aytadi.

“Mana shu uyumdan chiqqan ko‘mirni yirigi mana shu, qolgani mayda kukun. Hamma norozi. Ko‘mir hokasi, maydalanib ketgan, shuni bizga beryapti. Mana, pechkani qizdirmayapti. Buni o‘zini yoqib ishlatolmaysiz. Yonib turgan olovning ustiga sepasiz. Yoki baklajkaga kukunni solib, ustiga suv qo‘yib qotirib qo‘yasiz. Shunda ham yaxshi yonmaydi. Mana, qarang yonmaydi. Mana shuni bizga berishdi. Yirigini olaman desangiz u chayqovchilarda, unga qurbimiz yetmaydi”, - deydi Ahmadjon aka.

2012-yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi aholini davlat tomonidan belgilangan arzon narxda ko‘mir bilan ta’minlashga oid dastur qabul qilgan edi.

Bu dasturda mamlakat aholisini qish paytida Angrenda qazib olingan ko‘mir bilan ta’minlash nazarda tutilgan edi.

Arzon, ammo yaxshi yonmaydigan sifatsiz ko‘mir xalq orasida "Karimov ko‘miri" nomini olgan.

"Yonmaydi va sassiq tutun chiqaradi", - deydi Ahmadjon aka.

Hayot-mamot masalasi

O‘zbekistonning gaz quvuri yetib bormagan qishloqlari aholisi ko‘mir ular uchun hayot-mamot masalasi ekanini aytishadi.

Andijonning Eski shahar qismida yashovchi tadbirkor Hayotullo Baybayevning Ozodlikka aytishicha, sovuq tushishi bilan Angren ko‘mirining kilosi qo‘lda 2 ming so‘mdan oshib ketgan.

“Yaxshi ko‘mir olaman desangiz 2 ming, 2 yarim ming so‘m, kilosi. Angrenning ko‘miri. O‘tgan sezonda 800-900 so‘m edi. Bu yil birdan qimmatlab ketdi. Hozir ko‘mir yoqmasa bo‘lmaydigan bo‘lib qolgan-da. Gaz umuman yo‘q. Pechka yoqish uchun ko‘mir kerak”, - deydi Hayotulla Baybayev.

Farg‘onalik bloger Dima Qayum bir oilaning qishdan eson-omon chiqishi uchun 5-6 tonna ko‘mir zarurligini ta’kidlaydi.

“Bitta qishdan chiqish uchun ikkita kelini bor oila uchun 5-6 tonna ko‘mir kerak. O‘tin ham kerak. Ko‘mirni yoqish uchun . Ko‘mirning kilosi hozir 2 yarim ming so‘m atrofida bo‘lsa, demak bir oilaga qishdan chiqish 2 ming AQSh dollariga tushyapti. Qishloq joylarida bu juda katta pul. Shuning uchun aholi navbatda turib bo‘lsa ham o‘sha sifatsiz ko‘mirni olishga majbur, yoki tappi yoqishdan boshqa chorasi yo‘q”, - deydi Dima Qayum.

Blogerning aytishicha, yana bir muammo ko‘mir transportirovkasi.

“Ko‘mir yuk mashinalarda tashiladi, metan, benzin ham qimmatlab ketgan. Tashish puli ham ko‘mir narxi ustiga minyapti, qimmatlayapti. Shuning uchun qishga yozda zaxira qilib qo‘yish kerak”, - deydi Dima Qayum.

Ko‘mir chayqovchiligi

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy aholi vakillari arzon ko‘mirning katta qismi chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketayotgani yoki o‘g‘irlanayotganidan tashvish bildirdi.

"Ko‘mir Angrendan to bizga kelgunicha o‘g‘irlanib, bizgacha kukuni yetib keladi", - deydi andijonlik Ahmadjon aka.

Tarmoqlarda esa ko‘mir ortilgan poyezdlardagi o‘g‘riliklar aks etgan videolar muhokama bo‘lmoqda.

Videotasvirda ko‘mir ortilgan yuk poyezdi harakatlanib ketayotgani, vagonlar ustida o‘rta yoshlardagi erkaklar ko‘mir toshlarini yerga uloqtirayotgani aks etgan.

Kadr ortidan gapirgan erkak bu hodisa Angren ko‘mir koniga yaqin joyda bo‘lganini aytadi.

O‘zbekistonlik bloger Shokir Xondavlatov ko‘mir o‘g‘riliklari haqida Facebook sahifasida yozdi:

“Angren ko‘mir konidan ko‘mirni yuklashyotgonda o‘sha joyni o‘zidayoq "ispareniya" bo‘ladi. Yana yo‘lga chiqgach, yo‘l-yo‘lakay o‘g‘rilar to‘dasi yopiriladi. Ha aytgancha, ko‘mir o‘g‘rilari bilan mashinistlar xam sherik. Ya’ni o‘sha o‘g‘rilar vagon tepasiga chiqqanida poyezdni sekinlashtirar ekan. Shu o‘g‘rilar 8-10 tonnagacha ko‘mirning sarasini o‘g‘irlashlarini eshitdim. Nahot shunchalik qaroqchi o‘g‘ri xalq dushmanlarini yig‘ishtirib qo‘yishning imkoni bo‘lmasa? ”, - deb yozdi bloger.

Ulkan ko‘mir zaxirasiga ega davlat

Global Energy Monitor ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘mir yetishtirish bo‘yicha dunyo davlatlari orasida 34-o‘rinda turadi.

Mamlakatda har yili 4 million tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinadi.

Bu esa O‘zbekistonda ko‘mirga bo‘lgan talabning sakson foizini qondiradi.

O‘zbekiston konlarida 1853 million tonna qo‘ng‘ir ko‘mir va 47 million tonna qora ko‘mir mavjud.

Ko‘mirning umumiy zaxiralari 5, 7 milliard tonnadan ko‘proqni tashkil qiladi.

O‘zbekiston shuncha ko‘mir zaxirasiga ega bo‘laturib, nega xalqini sifatli va arzon ko‘mir bilan taminlab berolmayapti?

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mas’ul xodimi Ozodlikning bu savoliga javob berar ekan, joylarda ko‘mir tanqisligiga chayqovchilik sabab bo‘lishi mumkinligini aytdi.

- Chayqovchiliklar bor. Tonnalab olib, qimmatga sotishadi. O‘zaro til biriktirish, kelishib harakat qilish holatlari yo‘q emas. Lekin bizda aholiga yetadigan keragidan ham ortiq ko‘mir bor, - dedi "O‘zbekko‘mir" AJ mulozimi.

Tabiiy gazga qaraganda ko‘mir yoqish arzonroqqa tushadi. Shu sababdan ko‘pchilik uylarini ko‘mir bilan isitadi. Ammo ko‘mirning narxi davlat nazoratiga olinganiga qaramay, keskin qimmatlagan va narxlar yana o‘smoqda.

Газ-свет ваъда қилган Мирзиёев Ўзбекистони: ўтин қиммат, кўмир танқис, газ-свет ҳамон йўқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:13 0:00

Ushbu dasturda mamlakat aholisini qish paytida Angrenda qazib olingan ko‘mir bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

Sohani yaxshi bilgan mutaxassislar O‘zbekistonda aholiga arzon narxda sotilayotgan Angren ko‘mirining sifati talabga javob bermasligini aytishadi.

Qish mavsumida ko‘mir yetishmasligining yana bir sababi esa, mamlakatda qazib olinadigan ko‘mirning qariyb 90 foizi elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarflanishidir.

O‘zbekistonda asosiy ikkita ko‘mir koni bo‘lib, bulardan biri Toshkent viloyati Angren shahri hududida joylashgan “O‘zbekko‘mir” AJga qarashli bo‘lsa, ikkinchisi Surxondaryoda joylashgan “Sharg‘unko‘mir” konidir. Angren ko‘mir zavodidan qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olinsa, Surxondaryoda joylashgan ko‘mir konida toshko‘mir qazib olinadi.

“Angren” ko‘mir koni Markaziy Osiyodagi yirik konlardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda qattiq yoqilg‘i ishlab chiqarish hajmining 85 foizi shu korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.

“O‘zbekko‘mir” AJ ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda har yili qazib olinadigan 4 million tonnadan ortiq ko‘mirning qariyib 3 yarim million tonnasi issiqlik elektr stantsiyalariga, 400 ming tonnasi byudjet tashkilotlariga, qolgan 900 ming tonnasi aholiga yetkazib beriladi.

Qattiq yoqilg‘ining asosiy iste’molchisi elektr energiyasi sektori hisoblanadi. Bu esa ko‘mir umumiy iste’molining 85 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG