Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:12

Bloger Olimjon Haydarov ustidan tergov tugab, jinoyat ishi sudga oshirildi


Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovning ozodlikdagi so‘nggi surati. 29-iyul, 2023
Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovning ozodlikdagi so‘nggi surati. 29-iyul, 2023

Shu yilning 29-iyul kuni tovlamachilikda gumonlanib qamoqqa olingan bloger Olimjon Haydarov ustidan tergov yakunlanib jinoyat ishi sudga oshirildi.

Bu xabarni Ozodlikka Olimjon Haydarovning advokati Dilshod Jabborov tasdiqladi. Sudning qachon boshlanishi hozircha noma’lum.

Bloger qamoqqa olinganidan buyon uning ahvoli va tergov tafsilotlari haqida jamoatchilikka hech qanday ma’lumot berilmagan.

Bu orada Olimjon Haydarovning advokatlaridan biri noma’lum sabablar bilan uning himoyasidan voz kechgan.

Advokat Dilshod Jabborov Ozodlik bilan suhbatda Olimjon Haydarovga qo‘yilgan ayblarni “asossiz” deb atadi.

“Olimjon Haydarovning umuman aybi yo‘q. Soliqdan bo‘yin tovlash masalasi bo‘yicha aybi bo‘lishi mumkin, lekin unda ham faqat ma’muriy javobgar bo‘ladi. Olimjon O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tovlamachilik, haqorat qilish, tuhmat qilish moddalari bo‘yicha ayblanyapti. Ammo bu ayblovlarning bari asossiz, biror bir dalillarga asoslanmagan ham, isbotlanmagan ham. Biz sudda Olimjonning to‘la oqlanishiga harakat qilamiz va bunga qo‘limizda yetarli dalillarimiz bor”.

Bir necha kun oldin, Olimjon Haydarov tergov izolyatoridan maktub chiqardi. Ozodlikda nusxasi mavjud maktubda u o‘zining siyosiy mahbus ekanligini ta’kidlar ekan, tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olinishini uzoq va puxta tayyorlangan “spektakl” deb ataydi.

29-iyul, Olimjon Haydarov qamoqqa olingan kuni u ukasi Salimjon Haydarov bilan telefonda qisqa gaplashishga muvaffaq bo‘lgan edi.

“Kecha akam telefon qildi, bir minutcha gaplashdik. Meni “podstava” qilishdi, deyishdi. Bir tanishim bilan turganimda kelishib, qo‘limni qayirib o‘sha pulni ushlatishdi, dedi. Shuncha gaplasha oldik, xolos. Keyin advokat orqali menga yetkazdi, “shunaqa nohaqlik bo‘lgani uchun ochlik e’lon qildim, dedi”, - degan edi Salimjon Haydarov.

Olimjon Haydarov esa uning hibsga olinish jarayoni aslida qanday bo‘lgani haqida bunday deb yozadi:

“Menga nisbatan ochilgan ish oddiy tovlamachilik ishi emas. DXX, IIB mening telefon qo‘ng‘iroqlarimni eshitish orqali men bilan shartnoma qilmoqchi bo‘lgan, IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan tadbirkordan katta ehtimol bilan «ixtiyoriy» ariza yozishi «iltimos» qilingan . Normal tovlamachilik ishlarida bunday bo‘lmaydi, tadbirkor o‘zi kelib , o‘zi shartnoma taklif qilib kelishuvdagi pulni yarmini berib, keyin ariza yozmaydi. Bu ish to‘liq siyosiy xarakterda bo‘lib, oxirgi kunlarda Qo‘qondagi ayrim amaldorlar faoliyatini keskin tanqid qilishim natijasida buyurtma tadbiri deb hisoblayman”.

Olimjon Haydarovning yozishicha, uni uyushtirilgan ayblov bilan hibsga olishlari uchun, kamida yetti kun tayyorgarlik ko‘rilgan.

“Avvaldan qilingan rejaga ko‘ra, men boshqa tomonga qarab turganimda maxsus kimyoviy kukun surtilgan pullarni mashinamga solib qo‘yib, qo‘limni qayirib, majburlab, o‘ng qo‘limning ichki kaft qismiga kimyoviy kukun surtib qo‘yishgandan keyin taxminan o‘ntacha telefon va kameralar yordamida videotasvirga tushirish bilan tadbir boshlandi”.

Olimjon Haydarov hibsga olish jarayonida uning konstitutsiyaviy huquqlari qo‘pol ravishda buzilganini ta’kidlaydi:

“Avvaldan odam yig‘ilishini oldini olish maqsadida GAI xodimlari ham tadbirga jalb qilingan bo‘lib, tadbir davomida tabiiy xolis guvohlarni voqea joyidan qasddan ketishga majburlashdi, IIB xodimlari o‘zlari bilan olib kelgan maxsus guvohlargina o‘sha yerda qolishdi. Men tadbir vaqtida ular olib kelgan advokatdan foydalanishdan bosh tortib o‘zimga tanish advokatga aloqaga chiqishni so‘radim, lekin IIB xodimlari aloqa vositalarimni tortib olib, meni tadbir vaqtida xolis advokat xizmatidan foydalanish huquqimdan mahrum qilishdi”.

Olimjon Haydarov maktubida o‘zini siyosiy mahbus deb ta’riflaydi. U avvalida hukumat va prezident jamoasi bilan do‘stona munosabatda bo‘lgani, ammo so‘ngra prezident olib borayotgan siyosatni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilishi ortidan ta’qib va kuzatuvga tushganini yozadi:

“Men nima uchun o‘zimni siyosiy mahbus deb hisoblayman? Men o‘zimga nisbatan qilinayotgan harakatlarni jurnalistik, blogerlik, biroz bo‘lsa-da muxolif fikrlarim, faoliyatim sabab deb hisoblayman. Hammasi Mirziyoyevning 2-saylovda yutganidan keyin boshlandi. Saylovdan keyin erkin fikr, diniy qarashlarga nisbatan kichik-kichik repressiyalar boshlandi. Prezident Konstitutsiya eskirgani haqida gapirganda xayolimga, «nahotki Mirziyoyev ham Karimov kabi prezidentlik muddatini uzaytirish uchun Konstitutsiyani yangilasa» degan fikr keldi. Shu vaqtdan buyon yaxshi Prezident qonunlarga amal qilgan Prezident ekani, Konstitutsiya yangilansa xam Prezident qayta saylanishi demokratik jarayonga yomon ta’sir qilishi haqida yoza boshladim va xorijiy OAV larga ham bu haqida fikrimni ayta boshladim.

Keyinroq Qozog‘iston voqealarini yoritishim, Ukrainaga ruslarni hujumi haqida yozganlarim, mening nazarimda Prezidentning noto‘g‘ri harakatlari haqidagi fikrlarim meni hukumat nazdida «muxolif»ga chiqardi.

Shu kabi sabablar bilan 2 yilda yaqin do‘stdan yomon dushmanga aylandim. Men o‘tgan 2 yilda xech ham o‘zgarmadim. Avval ham, hozir ham o‘zbek xalqi erkin, farovon, har tomonlama mustaqil bo‘lib yashashini hohlayman, shuning uchun harakat qilaman. Kim davlat rahbari bo‘lsa ham, maqsadlarimiz mushtarak bo‘lsa, qonunlarga amal qilsa, hamfikr bo‘laman, qo‘llab quvvatlayman. Agar qonunlarga amal qilmasa, xalqni emas, xalqumini o‘ylasa, avtoritar-diktator bo‘lsa, - unga qarshi tomonda tanqid qilaman. Shu harakatlarim sabab, hukumat o‘z siyosatiga meni muxolif sifatida ko‘rib dushmanlik qilayapti. Meni bu maydondan yo‘q qilib tashlashga topshiriq bo‘lgani sababli o‘zimni siyosiy mahbus deb hisoblayman”.

Rasmiylar Olimjon Haydarov ustidan olib borilgan tergov tugagani haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Bundan avval, faqat bir marta, O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, Olimjon Haydarov hisbga olingani haqida xabar bergan edi.

Olimjon Haydarov ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlari ortidan hibsga olingan birinchi bloger emas. Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida o‘ndan ortiq jurnalist va bloger turli xil ayblovlarda ayblanib hibsga olindi, ayrimlari uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida 19-sentabr kuni nutq so‘zlagan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston so‘z va vijdon erkinligi printsiplariga sodiqligini iddao qilgan edi.

“Joriy yil aprel oyida milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Referendumda ovoz berganlarning 90 foizdan ziyodi ushbu chinakam xalq Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa islohotlarimizning ortga qaytmaydigan muqarrar tus olishi ta’minlandi”,- degan edi prezident.

Avvalroq Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik o‘zbek rasmiylarini so‘z va matbuot erkinligini hurmat qilishga chaqirgan edi:

“O‘zbekiston oxirgi bir necha yilda matbuot erkinligi borasida ulkan qadamlarni qo‘ydi. Ammo shu bilan birga, blogerlarga qarshi jinoyat ishlari tashvishga sabab bo‘lmoqda. Men O‘zbekiston hukumatini matbuot, so‘z va ifoda erkinligini hurmat qilishda davom etishga chaqiraman. Hukumat bu jinoyat ishlari ortida siyosiy sabablar turmaganiga amin bo‘lishi kerak, deb hisoblayman”.

Demokratiya, siyosiy erkinliklar va inson huquqlarini kuzatuvchi Freedom House xalqaro nodavlat tashkiloti o‘zining 2023-yilgi hisobotida O‘zbekistonni internet erkin bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatida qoldirdi. Tashkilotga ko‘ra, prezident Mirziyoyevning ayrim islohotlariga qaramasdan O‘zbekiston avtoritar davlat sifatida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG