Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:44

Bloomberg:  AQSh Markaziy Osiyo davlatlaridan Tolibondan qochishga urinayotgan afg‘onlarni bag‘riga olishni so‘ragan


AQSh kuchlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonlik tarjimonlar Kobuldagi AQSh elchixonasi oldida. 25 -iyun, 2021 - yil.
AQSh kuchlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonlik tarjimonlar Kobuldagi AQSh elchixonasi oldida. 25 -iyun, 2021 - yil.

AQSh hukumati Markaziy Osiyoning uch davlati: Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondan NATO kuchlari bilan hamkorlik qilgan, ayni paytda Tolibondan qochishga urinayotgan 9000ga yaqin afg‘onistonlikni vaqtincha o‘z bag‘riga olishni so‘ragan.

Bloomberg nashri bu haqda mazkur masalaga oid muhokamalarda bevosita qatnashgan ikki amerikalik mulozimga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, erishilajak bu bitim Afg‘oniston masalasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan keyingi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kengroq kelishuvning bir qismi bo‘lishi mumkin.

Lekin, AQSh Davlat departamenti bu xabarlarni hanuz izohlamagan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida 1 - iyul kuni AQSh Davlat kotibi bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida 1 - iyul kuni AQSh Davlat kotibi bilan uchrashdi.

Iyun oyida AQSh Kongressining Tashqi aloqalar qo‘mitasida ko‘rsatma bergan Davlat kotibi Entoni Blinken, Qo‘shma Shtatlar afg‘onistonlik ishchilar - tarjimonlar, haydovchilar, qurilish ishchilari va boshqa xodimlarga yordam berish uchun "har qanday imkoniyat" ni ko‘rib chiqayotganini aytgandi.

Blinken payshanba kuni Davlat departamentida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashdi.

Bloomberg nashriga ko‘ra, muloqot chog‘ida tomonlar afg‘on muhojirlari masalasidan tashqari AQShga razvedka va kuzatuv ishlarini olib borishga imkon beruvchi kelishuvni ham muhokama qilganlar.

Ammo, AQSh Davlat departamentining payshanba kungi muhokamalar bo‘yicha bayonotida bu haqda aytilmagan.

"Entoni Blinken Komilovga Afg‘onistonda adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatishdagi ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirgan", deyiladi departament bayonotida.

Blinken, shuningdek, Abdulaziz Komilovga AQSh O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, inson huquqlari va demokratiyani mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashini ham aytgan.

Ilgari Associated Press agentligi ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiylariga tayanib, Amerika harbiylari Bag‘rom havo bazasini tark etgani va Afg‘oniston mudofaa kuchlariga topshirganligi haqida xabar bergandi.

Bayden ma’muriyati AQSh kuchlari bilan yaqin hamkorlik qilgan afg‘onlarga immigratsion vizalar berishni tezlashtirishni va’da bergan.

Ular vizani olgunicha qayerda bo‘lishi muammo bo‘lib turibdi.

Bloomberg nashriga ko‘ra, afg‘onlarni AQShning Tinch okeanidagi Guam oroliga jo‘natish g‘oyasi ham bor.

Orol gubernatori hatto ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlaganligi haqida tvit ham yozgan.

Tolibon so‘nggi haftalarda Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida o‘z hujumlarini kuchaytirdi.

Afg‘oniston shimolidagi Shibirg‘on shahrida yashovchi jurnalist Abdul Bashir Ilg‘or Ozodlik bilan suhbatda ko‘pchilik afg‘onistonliklar Markaziy Osiyo davlatlarini najot qal’asi sifatida ko‘rayotganini aytadi.

"Hozir ko‘pchilik Tolibondan qochib O‘zbekistonga o‘tish qayg‘usida. Lekin chegara yopilgan ancha kundan beri. Undan oldin urush avj olayotgan paytda ba’zi odamlar qochib o‘tgan edi. Sobiq qo‘mondon Jo‘rabek ham 20 kun oldin Shibirg‘ondan O‘zbekistonga o‘tgan oilasi bilan. Termizda hususiy bizneslari bor ularni. Puli borlar o‘tyapti. Oddiy aholiga qiyin.

Tolibon hozir bizdan 25 kilometr uzoqda. Bu yerdagi aholi qayerga qochishni bilmayapti. O‘zbekiston qaytarib yuboryapti.

Tolibon bosib olgan tumanlarda o‘z qoidalarini joriy qilgan. Qarshi chiqqanlar o‘lim bilan jazolanadi. Xotin qizlarga cheklovlar qo‘yilgan. Mahrami bo‘lmagan ayollar o‘zlari bozorga chiqolmaydi. Shuning uchun dunyoviy afg‘onlar Markaziy Osiyoni najot qal’asi sifatida ko‘rmoqda, lekin ular yordamiga ko‘p ham umidvor emaslar", - deydi Abdul Bashir Ilg‘or.

Tolibon tahdidi kuchaygani manzarasida Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining shu oy o‘rtalarida O‘zbekistonga tashrifi kutilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

G‘anining 15-16 - iyul kunlari Toshkentda "Markaziy va Janubiy Osiyodagi mintaqaviy bog‘liqlik, tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda qatnashishi kutilyapti.

XS
SM
MD
LG