Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2021, Тошкент вақти: 09:30

BMT afg‘on bank tizimining inqirozi haqida ogohlantirdi


Dushanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonda kredit to‘lay olmaydiganlar soni ortishi, omonatlarning kamayishi va naqd pul likvidligi pasayishi moliyaviy tizimning inqiroziga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi va afg‘on banklarini qo‘llab-quvvatlash uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

BMT Taraqqiyot Dasturiga ko‘ra (UNDP), agar bank tizimi qulasa, bu jiddiy iqtisodiy oqibatlarga va salbiy ijtimoiy ta’sirga olib keladi. Bu haqda “Reuters” taqdim etgan Afg‘oniston bank va moliya tizimiga oid uch sahifalik hisobotda ma’lum qilingan.

15 - avgustda Afg‘onistonda Tolibon hukumatni qo‘lga kiritganidan so‘ng xorijiy ko‘mak mablag‘larining kelishi to‘xtab qoldi. Bu esa afg‘on iqtisod va bank tizimini tang ahvolga solib qo‘ygan.

“Afg‘onistonning moliya va bank tizimi abgor ahvolda. Cheklangan ishlab chiqarish salohiyatini yaxshilash va bank tizimining qulashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muammoni tezda hal qilish kerak”, deyiladi BMT Taraqqiyot dasturi hisobotida.

Tolibon yetakchilariga qo‘yilgan xalqaro va bir tomonlama sanksiyalar tufayli inqiroz oldini olish yanada qiyinlashgan.

“Biz Tolibonni emas faqat bank sektorini qo‘llab-quvvatlash yo‘lini topishimiz kerak. Hozir boshqacharoq fikrlab, barcha mumkin bo‘lgan choralarni o‘ylab ko‘rish kerak bo‘lgan mushkul vaziyatdamiz. Uch oy oldin hech kimning xayoliga kelmagan muammo endi hal qilinishi lozim", degan BMT Taraqqiyot dasturining Afg‘onistondagi rahbari Abdulloh ad‑Dardoriy “Reuters” agentligiga.

Afg‘oniston bank tizimi Tolibon hokimiyatga kelishidan oldin ham zaif edi. Ammo Tolibon kelgach, xalqaro yordam to‘xtadi, Afg‘onistonning xorijdagi milliardlab dollar mablag‘lari muzlatib qo‘yildi. Ayni damda, BMT va boshqa yordam guruhlari mamlakatga naqd pul olib kirishda qiynalmoqda.

BMT Taraqqiyot Dasturi bank tizimini saqlab qolish uchun omonatlarni sug‘urtalash sxemasini, qisqa va o‘rta muddatli ehtiyojlar uchun likvidlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni, shuningdek, kredit kafolatlari va kredit to‘lovlarini kechiktirishni taklif qilgan.

BMT Tolibon hokimiyatni qo‘lga olganidan beri Afg‘oniston iqtisodi tanazzul yoqasidaligi, bu qochqinlar inqirozini yanada kuchaytirishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. BMT Taraqqiyot Dasturi hisobotiga ko‘ra, agar bank tizimi qulasa, uni qayta tiklash uchun o‘nlab yillar kerak bo‘ladi.

Hisobotda aytilishicha, joriy tendensiyalar, cheklovlar sababli Afg‘onistondagi depozitlar bazasining taxminan 40 foizi yil oxirigacha yo‘qotilishi mumkin. Banklar yangi kredit berishni to‘xtatgan va kreditlar qaytmasligi 2020 - yil oxiridan buyon deyarli ikki baravar ko‘payib, 57 foizga etgan.

“Agar sur’at o‘sishda davom etsa, banklar keyingi olti oyda omon qolmasligi mumkin”, dedi ad‑Dardoriy.

“Afg‘oniston banklari ko‘p jihatdan AQSh dollaridagi jo‘natmalarga tayanib kelgan, ular esa hozir to‘xtagan. Mahalliy afg‘on valyutasi haqida gap ketganda, iqtisodiyotda qariyb 4 milliard dollarlik afg‘oni bo‘lsa‑da, atigi 500 ming dollarga yaqin pul muomalada. Qolgani sandiqda yoki yostiq ostida saqlanmoqda, chunki odamlar qo‘rqishadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

“O‘tgan yili Afg‘oniston 7 milliard dollarga yaqin asosan oziq-ovqatdan iborat tovar va xizmatlar import qilgan. Agar savdo moliyalashtirilmasa, yo‘qotishlar katta bo‘ladi. Bank tizimisiz esa bularning bari imkonsiz”, deb so‘zlarini yakunlagan Abdulloh ad‑Dardoriy.

XS
SM
MD
LG