Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:03

BMT: Ukrainadagi urush oziq-ovqat inqirozi va ocharchilik xavfini kuchaytirdi


Kiyev yaqinidagi Xrebeni qishlog‘i, 17-iyul, 2020
Kiyev yaqinidagi Xrebeni qishlog‘i, 17-iyul, 2020

BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Rossiyaning Ukrainaga bosqini global oziq-ovqat tanqisligiga va hatto dunyoda yuz millionlab kishini qamrab oluvchi chinakam ochlikka olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Ukrainadagi urush COVID-19 pandemiyasidan ustma-ust og‘ir zarba yegan jahon iqtisodiyoti endi-endi tiklanayotgan pallaga to‘g‘ri keldi.

Bir necha kun avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish sayyoramizni oziq-ovqat, energotashuvchilar va qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlarining jadal qimmatlashuvi kutayotganini aytdi. BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotiga ko‘ra, shusiz ham 2020-yil o‘rtalaridan boshlab pandemiya va boshqa omillar tufayli qariyb barcha oziq-ovqat mahsulotlari narxlari muttasil va tez oshib, 2022-yil fevralda, ya’ni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan paytda tarixiy maksimumga yetgan edi.

Ukraina esa bug‘doy, jo‘xori va kungaboqar moyi eksporti bo‘yicha peshqadam mamlakatlardan biri bo‘lib, 50 dan ortiq mamlakatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi. Buni o‘tgan kunlarda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham eslatgandi. Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi ko‘plab davlatlar, xususan, Eron, Turkiya hamda salkam 172 mln aholi yashaydigan Bangladesh ukrain bug‘doyi importiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaram. Shuningdek, Rossiya ham ayni mahsulotlar eksportida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlanguncha Ukraina va Rossiya bug‘doyi eksporti jahon bozorining qariyb uchdan bir hissasiga teng bo‘lgan.

Misol uchun, bugun Shimoliy Afrikaning barcha mamlakatlarida – Misrdan tortib Marokashgacha – aholi qahatchilik boshlanishidan qo‘rqib un va g‘alla g‘amlashga zo‘r bergan. Qator islom davlatlarining liderlari Rossiya-Ukraina urushi ommaviy tartibsizliklar va ijtimoiy portlashga sabab bo‘lishidan xavotirda – o‘z vaqtida aynan oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashuvi ketma-ket qo‘zg‘olonlarga va alal-oqibat “arab bahori”ga olib kelgan edi.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) rahbari Devid Bisli so‘nggi 4 yilda, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgunicha dunyoda ochdan o‘lish tahdidi ostida qolgan odamlar soni 80 milliondan 276 million nafargacha ko‘payganini urg‘ulaydi. “Masalan, Livanda bug‘doyning 60 foizdan ortig‘i hamisha Ukrainadan keltirilgan. Misr, Yaman, Suriya, Tunis – ularning barini Ukraina boqadi”, deydi u.

“Forbs” jurnalining FAO ma’lumotiga tayanib yozishicha, o‘tgan 2021-yilda Rossiya va Ukraina bug‘doyi importiga Eritreya 100 foiz va Somali 90 foiz qaram bo‘lgan. Mongoliya, Armaniston, Ozarbayjon hamda Gruziyaning Rossiya bug‘doyiga qaramligi 100 foizga yaqinlashgan, Qirg‘iziston, Belarus, Kongo Demokratik Respublikasi va Finlyandiya esa ehtiyojining 80 foizdan ortig‘ini Rossiya bug‘doyi hisobiga qondiradi. Ukraina bug‘doyi importiga qaramlik Seyshel orollarida 90 foizni, Liviya, Pokiston, Mavritaniya va Jibutida esa 40 foizdan ortiqni tashkil etadi.

Qolaversa, Ukraina kungaboqar yog‘i yetkazib berish bo‘yicha birinchi o‘rindagi mamlakat hamdir – 2020-yilda u jami global eksportning 40 foizini ta’minlagan (Rossiya 19 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan). Niger, Tanzaniya, Hindiston, BAA, Moldova, Keniya, Hollandiya va Shri-Lankada kungaboqar moyi importining 70 foizi aynan Ukraina hissasiga to‘g‘ri kelgan. Rossiya, shu bilan birga, kolza yog‘i yetkazib beruvchilar top-2 ligiga va soya yog‘i eksportchilari kuchli beshligiga kiradi.

Kiev iqtisodiyot maktabi prezidenti va prezident Vladimir Zelenskiyning maslahatchisi, o‘tmishda Ukraina iqtisodiyot vaziri bo‘lgan Timofey Milovanov “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga bergan intervyusida eksportga jo‘natish uchun hozirlangan 5 million tonnadan ortiq g‘alla harbiy harakatlar tufayli Ukraina portlarida qolib ketayotganini aytgan edi:

“Biz Ukrainadan bug‘doy eksport qila olmay qoldik, chunki, Mariupol qamalda. Odessada esa, garchi Mariupoldagidek qizg‘in bo‘lmasa ham, baribir harbiy harakatlar davom etyapti. Ikkovi ham port shahar – bug‘doy shu portlar orqali eksportga jo‘natiladi. Agar bu bahorda ekin ekolmasak, kelasi yili eksport hajmlari jiddiy kamayishi turgan gap”.

Urush Qora dengiz portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilishda qo‘llanilgan barcha logistika zanjirlarini uzib tashladi. Tabiiyki, Rossiya bosqinidan so‘ng Ukraina portlarida tijorat yuklarini jo‘natish-qabul qilish to‘xtab qolgan. Qora va Azov dengizlarida kamida 100 ta savdo kemasi qolib ketgan, ularning sohiblari Rossiyani chiqib ketish uchun “yashil yo‘lak” ochib berishga chaqirmoqda.

O‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda eng yirik shirkatlardan biri bo‘lmish Yara International (Norvegiya) Rossiya-Ukraina urushi bu sohaga zarba berishi mumkinligi va natijada oziq-ovqatlar narxlari yanada oshib ketishidan ogohlantirdi. O‘g‘itlar narxi shundoq ham gaz ulgurji bahosiga parallel tarzda ko‘tarilib ketgan. Boz ustiga, G‘arb mamlakatlari savdo aloqalarini uzayotgan Rossiyaning o‘zida ham kaliy va fosfat kabi o‘g‘itlar juda katta miqdorda ishlab chiqariladi, zamonaviy dunyo qishloq xo‘jaligini bu o‘g‘itlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Yara International rahbari Sveyn Tore Holsterga ko‘ra, vaziyat bundan battar bo‘lishi mumkin. “Jahon aholisining yarmi o‘g‘itlar hisobiga ovqatlanadi, agar dalalarga o‘g‘it solinmasa, ayrim ekinlar hosildorligi 50 foizga kamayib ketadi”, deydi u.

Yevropa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda qo‘llanadigan eng muhim o‘g‘itlarning qariyb chorak hissasini Rossiyadan olardi. Ikki hafta muqaddam Rossiya hukumati o‘z ishlab chiqaruvchilaridan o‘g‘it eksportini taqa-taq to‘xtatishni talab qildi. Shuningdek, bug‘doy, javdar, suli va arpa eksportini “vaqtincha chekladi”.

Ammo bu hisob-kitoblarda e’tiborga olish kerak bo‘lgan yagona omil emas – Ukrainadagi voqealarning jahon oziq-ovqat bozoriga ta’siri o‘ylaganimizdan kuchli bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Yevropa zavodlarida azotli o‘g‘itlarning eng muhim masallig‘i – ammiak ishlab chiqarish uchun katta miqdorda tabiiy gaz yoqiladi, gaz esa Rossiyadan keladi. O‘tgan yili gazning ulgurji narxlari oshib ketishi tufayli YeIdagi ishlab chiqaruvchilar o‘z quvvatlarini 40 foizgacha kamaytirishga majbur bo‘lishgan edi. Bu tashish xarajatlarining o‘sishi, yana bir yirik kaliy ta’minotchisi – Belarusga qarshi sanksiyalar joriy etilishi va ekstremal ob-havo sharoiti kabi boshqa omillar bilan birga o‘g‘itlar bahosi keskin ko‘tarilishiga va pirovardida oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishiga olib keldi.

Ustiga ustak, iqlim o‘zgarishi ham vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Chunonchi, dunyodagi eng yirik bug‘doy eksportchilaridan biri bo‘lmish Kanada o‘tgan yili keng ko‘lamli qurg‘oqchilik va jaziramadan katta talafot ko‘rishi natijasida pasta (italyancha makaron mahsulotlari) ishlab chiqarishda qo‘llanadigan qattiq bug‘doy narxi 90 foizga oshdi.

AQShning bug‘doy yetishtiriladigan asosiy hududlarida o‘tgan yili ekstremal yong‘inlar kuzatilgan bo‘lsa, Lotin Amerikasining qishloq xo‘jaligi rivojlangan mamlakatlari, xususan, Braziliyani dahshatli qurg‘oqchilik holdan toydirdi. Bu yoqda Avstraliya suv toshqinlaridan katta talafot chekmoqda. Sharqiy Afrikada ham ahvol og‘ir: ketma-ket uch yil davom etgan anomal qurg‘oqchilik ekinlarni nobud qildi, chorva mollari qirildi. Suv va yaylov tanqisligi yuz minglab odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qilib, turli qabila va elatlar o‘rtasida nizolar avj olishiga sabab bo‘layotir.

Yuqoridagi barcha omillarning umumiy hosilasi bo‘lmish global oziq-ovqat inqirozi nafaqat Osiyo va Afrikaga, balki Rossiya, Yevropa hamda Shimoliy Amerikaga ham ta’sir qiladi. BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari Ukrainadagi urush tufayli dunyoda oziq-ovqat narxlari o‘rtacha 22 foizga oshishini bashorat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG