Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:38

BMTning maxsus ma’ruzachisi Afg‘onistonga kiritilmadi


Richard Bennett
Richard Bennett

“Tolibon” harakati BMT inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennettning Afg‘onistonga kirishini taqiqlab qo‘ygan. Bu haqda “Tolibon” ma’muriyati vakizi Afg‘onistondagi Tolo xabar kanaliga ma’lum qilgan.

Mulozimga ko‘ra, Bennett Afg‘onistonga qarshi “dezinformatsiya va propaganda” bilan shug‘ullanyapti hamda mamlakatda inson huquqlari buzilishi ko‘lamini kattaroq qilib ko‘rsatmoqda.

BMTdagi lavozimiga tayinlangan 2022-yil aprelidan buyon Bennett vaziyatni baholash uchun muntazam ravishda Afg‘onistonga kelib turgan. Shu yil yozida Afg‘oniston TIV unga viza rasmiylashtirib berishdan bosh tortgan va bundan buyon Bennettning mamlakatga kirishi taqiqlanganini bildirgan.

Bennett Afg‘onistonda inson huquqlariga rioya qilinmayotgani, eng avvalo ayollar huquqlari buzilishi, siyosiy muxoliflar va diniy ozchilik vakillari ta’qib qilinayotganini keskin tanqid qilib keladi. Mamlakatda ayollar huquqlari buzilayotganini Bennett “gender aparteidi” o‘laroq baholaydi va uni insoniylikka qarshi jinoyatlar sirasiga qo‘shadi.

“Tolibon” vakili Zabihulloh Mujohid uning bahosini “propaganda” deb atagan. Mujohid iddaosicha. “Tolibon” ayollar huquqiga “islom fiqhi va afg‘on an’analaridan kelib chiqqan holda” hurmat va rioya qilib kelmoqda.

“Tolibon” harakati 2021'yil avgustida hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Afg‘onistonda ayollar huquqlari bo‘yicha keskin cheklovlar kiritgan. Ularga maktabning oltinchi sinfidan keyin ta’lim olish, mahalliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarida ishlash, sport bilan shug‘ullanish, parklar va ko‘plab ommabop joylarga borish taqiqlangan. Ko‘pincha ayollar ko‘chaga mahramsiz chiqishmaydi.

Toliblar Afg‘onistonda har qanday siyosiy partiya faoliyatini ham taqiqlab qo‘yishgan.

XS
SM
MD
LG