Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida profilatika noziri xotini, 7 oylik farzandi va o‘zini xizmat qurolidan otib o‘ldirdi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mahalliy jurnalistlarga ma’lum qildi. BP muozimiga ko‘ra, hodisa 6-avgust kuni soat 21:00 larda Bo‘stonliq tumanida profilaktika inspektori yashagan xizmat xonadonida sodir bo‘lgan. “Bo‘stonliq tumani IIB JXX XPB profilaktika inspektori (1996-yilda tug‘ilgan) turmush o‘rtog‘i (1996-yilda tug‘ilgan) bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik davomida o‘ziga biriktirilgan “PM" tabel quroli bilan turmush o‘rtog‘i va 2024-yilda tug‘ilgan o‘g‘liga o‘q uzib, qasddan o‘ldirgan. Shundan so‘ng u o‘z jinoiy qilmishlaridan qutulib qolish maqsadida “PM" tabel quroli bilan boshiga bir marotaba o‘q uzib, o‘z joniga qasd qilgan", degan Shamsutdinov. Hodisa yuzasidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergovoldi surishtiruvlari olib borilmoqda. Bo‘stonliqdagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, hodisaga rashk sabab bo‘lgan. Bu mavzuda er-xotin o‘rtasida avval ham bir necha bor janjal bo‘lib o‘tgani aytilmoqda.