Joriy yilning 25-avgust kuni Rossiyada qarovsiz qoldirilgan 9 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan. Bu haqda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Bolalar ombudsmani matbuot xizmati qaydicha, avvalroq qarovsiz qolgan 22 nafar o‘zbekistonlik bola Ichki ishlar vazirligi vakillari tomonidan vataniga qaytarilgan – ulardan 13 nafari Sankt-Peterburg shahridan, 9 nafari Moskva shahridan, 8 nafari Novosibirsk shahridan, 1 nafari esa Qozon shahridan olib kelingan.
Xabarnomada Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova o‘zining rossiyalik hamkasbi Mariya Lvova-Belovaga yo‘llagan so‘rovida qarovsiz qoldirilgan voyaga yetmagan bolalarni hozirda O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish choralari ko‘rilayotganligi, O‘zbekiston mas’ul idoralari (IIV, TIV) tomonidan bolalarni vatanga qaytarilgunlariga qadar ularni hozirda Rossiya Federatsiyasida yashab turgan hududlaridagi bolalar muassasalarida vaqtincha joylashtirilishida tezkor amaliy yordam so‘ragani qayd etilgan.
“O‘zbekiston Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra, RF Bolalar ombudmanining tezkor choralari natijasida mazkur masalada zarur ko‘mak ko‘rsatildi va ular joylashgan hududlarda bolalar uchun qulay va munosib shart-sharoit ta’minlandi”, deya qo‘shimcha qilingan xabarnomada.
Avvalroq Ozodlik Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan sakkiz nafar bola Novosibirskdan O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar qilgan. Bu bolalarni vataniga qaytarib kelgan o‘zbekistonlik rasmiylar ularning nima sababdan ota-ona qaramog‘isiz qolganiga aniqlik kiritgan emaslar.