O‘zbekistonda farzandlarni oilaning kambag‘alligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinmoqda. Bu haqda 5-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimotida ma’lum qilingan.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar joylashtiriladi. Ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi hamda kasb egallashiga ko‘maklashiladi.
Shuningdek, endilikda kambag‘al oila vakillari ishga joylashgan taqdirda, bolasi uch yoshga to‘lguncha bog‘cha xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya jamg‘armasidan kompensatsiya beriladi.
O‘zbekiston prezidenti 23-sentyabr kuni imzolagan farmon asosida qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida ham ijtimoiy yetimlikning oldini olishga doir vazifalar belgilangan. Unga muvofiq, mamlakatda bolani tarbiyaga berishda oila muhitini saqlab qolishga ustuvorlik beriladi. Bunda avvalo vasiylik, homiylik yoki farzandlikka berish qo‘llab-quvvatlanadi. Ixtisoslashtirilgan muassasaga eng so‘nggi chora sifatida joylashtiriladi.
Ma’lumot o‘rnida: 2021-yilda mamlakatdagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari Milliy gvardiyaga biriktirilgandi.