Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:45

Bosh prokuraturadan havo ifloslanishi yuzasidan chora ko‘rish so‘raldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkentda atmosfera havosi ifloslanishi yuzasidan xavotir bildirib, Ekologiya vazirligi hamda Bosh prokuraturadan bu borada tezkor chora ko‘rishni so‘radi.

Ekopartiyaga ko‘ra, Toshkent shahri havosining kuz-qish oylarida ko‘proq ifloslanayotganiga zararli tashlamalar, turg‘un manbalar va transport vositalari ko‘proq sabab bo‘lmoqda. Partiya iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortishi sabab uglevodorodlar va ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishning oshishi kuzatilayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Toshkent shahri atrofida 1314 gektar maydonda 631 ta issiqxona faoliyat yurityapti. Ularning 60 foizi ko‘mirdan, ba’zan esa rezina shinalar va boshqa yonuvchi vositalardan foydalanyapti. Ekopartiya ta’kidicha, shahar havosining yomonlashuviga ushbu issiqxonalarning ta’siri ko‘p.

Shuningdek, havo ifloslanishiga ko‘p sanoat korxonalarida uskunalarning eskirgani va aksar korxonalar zamonaviy filtrlar o‘rnatmayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ayni paytda o‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchilari havo ifloslanishi muammosining tub ildizi energetika sohasidagi islohotlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidlab keladi.

Ozodlik uchinchi noyabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri havosida zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshgani, ifloslanishning asosiy sababi bo‘lmish PM2,5 zarrachasi JSST tasdiqlagan me’yordan 93,2 barobardan ortib ketgani haqida xabar bergandi.

Jahon banki hisobotiga qaraganda, Toshkentda PM2,5 mayda zarrali changlar ta’siri oqibatida yiliga o‘rtacha 3042 kishi bevaqt vafot etadi.

XS
SM
MD
LG