Линклар

Шошилинч хабар
29 июл 2021, Тошкент вақти: 08:20

Braziliya O‘zbekistonda sinash rejalangan Xitoy vaksinasi sinovini to‘xtatdi


Xitoyning koronavirusga qarshi Sinovac vaksinasining Braziliyadagi uchinchi bosqich sinovlari ko‘ngillilar orasida "og‘ir oqibatlar" keltirib chiqargani sabab to‘xtatildi.

O‘zbekiston Sinovac Biotech shirkati ishlab chiqqan ushbu vaksinani o‘zbekistonliklar orasida sinab ko‘rish ustida muzokaralar olib borayotgandi.

Ayni paytda Xitoyning boshqa bir vaksinasining sinov jarayoni O‘zbekistonda boshlanish arafasida.

“Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” shirkati ishlab chiqargan vaksinani 5000 o‘zbekistonlik ko‘ngillida sinab ko‘rish rejalangan.

10 - noyabr kuni AQShning Pfizer va Germaniyaning BioNTech shirkatlari hamkorlikda ishlab chiqargan COVID-19ga qarshi vaksina sinovning uchinchi bosqichida 90 foiz natija ko‘rsatgani xabar qilindi.

ЭКСКЛЮЗИВ - Қабристон сукунати: Ковид қурбонлари ошмоқда, расмийлар сукутда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Braziliyaning Anvisa Sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoyning Sinovac Biotech shirkati ishlab chiqargan va Braziliyada yozdan beri sinovdan o‘tkazilayotgan koronavirusga qarshi vaksina sinovi to‘xtatilganini bildirdi. Biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.

Bloomberg nashriga ko‘ra, Xitoy vaksinasi Braziliyadagi ko‘ngillilar orasida "o‘ta jiddiy holatlar" keltirib chiqargani sabab to‘xtatilgan.

Xitoy vaksinasini olgan braziliyalik ko‘ngillilardan biri oktabr oyi oxirida vaksina asoratlari sabab vafot etgani aytilyapti.

Xitoyning ushbu vaksinasi Turkiya va Indoneziyada ham sinovdan o‘tkazilmoqda, biroq bu mamlakatlar hozircha vaksina sinovini to‘xtatmagan.

O‘zbekiston ham Xitoyning ushbu vaksinasini o‘zbekistonliklar orasida sinashni rejalashtirayotgandi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 3 - noyabr kuni "Xalq so‘zi" nashriga bergan intervyusida hozirda bu boradagi muzokaralar yakuniga yetayotganini aytgan.

"Xitoyning «Sinofarma» kompaniyasining vaksinasining sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. U hozir yetilib pishgan. Shu bois «Sinofarma» kompaniyasini mahsulotini ham Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari va Xitoydagi elchixonamiz tomonidan O‘zbekistonga olib kirish ishlari chora tadbirlari ko‘rilyapti", - degan vazir Abdurahmonov.

Braziliyadagi holatdan so‘ng O‘zbekiston Xitoyning ushbu vaksinasini mamlakatga olib kelish qarorini o‘zgartirgan-o‘zgartirmagani Ozodlikka hozircha ma’lum emas.

Ayni paytda Xitoyning boshqa bir vaksinasini O‘zbekistonda sinash jarayoni boshlanish arafasida.

“Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” shirkati ishlab chiqargan vaksinadan 5000tasi Toshkentga olib kelindi. Hozirda vaksina qabul qilish uchun 5000 ko‘ngilli izlanmoqda.

5000 ko‘ngilli-ular kimlar bo‘lishi mumkin?

Innovatsion rivojlanish vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, vaksina qabul qilgan shaxsni muntazam kuzatib turish uchun faqat toshkentliklar ko‘ngilli sifatida qatnashishi mumkin. Shu bois Xitoy vaksinasi sinovi faqat poytaxtdagi 10ta oilaviy poliklinikada o‘tkaziladi.

Rejaga ko‘ra, vaksina 18 va undan katta yoshdagi, koronavirus infeksiyasi yuqtirmagan ko‘ngillilarda sinab ko‘riladi.

«Ko‘ngilli bo‘lgan shaxslarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Jiddiy kasalliklari bo‘lmagan, sog‘lom kishilargina tanlab olinadi», - dedi Innovatsion rivojlanish vazirligining Ozodlik bog‘langan xodimi.

Sinovni ikki bosqichda o‘tkazish rejalangan: birinchi bosqichda 18-60 yosh oralig‘idagi ko‘ngillilar ishtirok etadi, ikkinchi bosqichda esa, 60 yoshdan katta ko‘ngillilar qatnashadi.

Ko‘ngillilar tanlab olingach, dastlab ular uchun o‘quv jarayoni o‘tkazilib, vaksina borasida batafsil ma’lumot berish ko‘zda tutilgan.

Ko‘ngillilarga pul beriladi!?

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning mahalliy matbuotga bildirishicha, har bir ko‘ngilli tibbiy sug‘urta qilinadi.

Vazirga ko‘ra, vaksina sinovida qatnashayotgan ko‘ngilli harajatlari to‘la qoplanadi:

  • Ko‘ngillini dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
  • Ko‘ngillini tibbiy sug‘urta qilish;
  • Vaksina olgan ko‘ngillida nohush holatlar kuzatilganda uni davolash;
  • Ko‘ngilli vaksina olgach, uni bir yilda 8 marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

Shuningdek, ko‘ngillilarga pul ham to‘lanishi va’da qilingan.

9 - noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining Ozodlik bog‘langan xodimi hozircha ko‘ngillilarga beriladigan pul miqdori aniq emasligini aytdi.

Vaksinaning aks ta’siri natijasida ko‘ngilli vafot etsa, uning yaqinlariga tovon puli beriladimi, degan Ozodlik savoliga javob bergan vazirlik xodimi bu borada ham aniq ma’lumot yo‘qligini aytdi.

«Hali harajatlar masalasi o‘rganilmoqda. Aniq bir to‘xtamga kelingach, matbuotda e’lon qilamiz» , - dedi vazirlik mulozimi.

Rejaga ko‘ra, vaksina olgan ko‘ngillilarning 30 foizida xavfli ta’sirlar kuzatilgan taqdirda, sinov jarayoni butunlay to‘xtatiladi.

Tarmoqlardagi ishonchsizlik va vazirlikning ishonchi

Ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Feysbukda Xitoy vaksinasining O‘zbekistonda sinalayotgani turlicha munosabatlar uyg‘otgan.

Jumladan, Feysbukdagi Ozodlik kanalida e’lon qilingan Xitoy vaksinasi haqidagi xabarga 600dan ziyod sharh qoldirilgan.

Sharhlarning aksarida Xitoy vaksinasiga ishonchsizlik bildiriladi. Biroq yaxshi pul to‘lansa, vaksina sinovida qatnashish istagini bildirganlar ham bor.

Jumladan, Erkaboyev Ilesbek ismli Feysbuk foydalanuvchisi shunday sharh qoldirgan:

"Bizning fuqarolar sinash quyonchalarimi?.. Avval pulning summasini buyruq bilan chiqaringlar, keyin xalq o‘ylab, jonini kundaga qo‘yadi".

9 - noyabr kuni Ozodlik suhbatlashgan Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimi esa, ko‘ngillilar borasida muammo bo‘lmasligiga ishonadi:

«Tarmoqlardagi ishonchsizlik bildirganlar aniq vaziyatni belgilamaydi. Kimdir salbiy sharh qoldirsa, ortidan hamma shunday sharh yozishni boshlaydi. Aslida bizga allaqachon odamlar ko‘ngilli bo‘lish borasidagi istaklarini bildiryapti. Jumladan, blogerlar va jurnalistlar orasida ham vaksina sinovida qatnashish istagida bo‘lganlar bor. Shuning uchun 5000 ko‘ngillini topish borasida muammo bo‘lmasligi aniq, ular kutilganidan ham ko‘p bo‘ladi».

O‘tgan oy O‘zbekiston koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasi klinik sinovlarining uchinchi bosqichini 5000 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabgor o‘rtasida o‘tkazishni o‘z zimmasiga olgani rasman xabar qilindi.

Klinik sinovlarning barcha bosqichlari muvaffaqiyatli yakunlangani taqdirda, O‘zbekiston ushbu vaktsinani birinchilardan bo‘lib hamda arzon narxlarda xarid qilishda ustuvorlikka ega bo‘lishi ta’kidlangan.

Ayni paytda g‘arbda shubha bildirilgan Rossiya vaksinasini ham O‘zbekistonda sinab ko‘rish rejalanmoqda. Bu haqda avvalroq Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov mahalliy matbuotga bildirgan.

Covid-19 va dunyo vaksinalari

Hozirda dunyo bo‘ylab 200dan ziyod tajriba tariqasidagi vaktsina sinovlari o‘tkazilmoqda. Ulardan o‘ndan ziyodi uchinchi klinik bosqichda.

AQShda uchinchi klinik sinovdan o‘tgan Pfizer vaksinasi esa 90 foiz ijobiy natija ko‘rsatdi.

Ushbu vaksina 43538 ko‘ngilli orasida sinalgan va ulardan 94 nafari koronavirus infeksiyasini yuqtirgani aniqlangan.

Pfizer va BioNTech shirkatlari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu vaksina eng yuqori ijobiy ko‘rsatkich qayd etilgan dunyodagi ilk vaksina bo‘ldi.

Ayni paytda Oksford universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilayotgan eksperimental COVID-19 vaksinasi ham yoshlarda, ham qariyalarda immun reaksiyasini hosil qildi.

Vaksinani ishlab chiqish jarayoniga jalb qilingan Britaniyaning AstraZeneca shirkatiga ko‘ra, emlash vositasi keksalarda boshqa o‘xshash vaksinalarga solishtirganda, kamroq salbiy reaksiya keltirib chiqarishi aniqlangan.

Ushbu vaksina ham rasmiy ruxsat beriladigan ilk vaksinalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Ayni paytda jahonda koronavirusga chalinganlar soni 51 milliondan oshdi. Bemorlarning 1 million 200 mingdan ziyodi vafot etdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG