Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:38

Britaniya ommaviy tadbirlarda COVID-19 pasportlarini sinab ko‘rmoqchi


Bosh vazir Boris Jonsonning konservatorlar partiyasi a’zolari COVID-19 pasporti joriy etish rejalariga qarshi chiqmoqda.
Bosh vazir Boris Jonsonning konservatorlar partiyasi a’zolari COVID-19 pasporti joriy etish rejalariga qarshi chiqmoqda.

Buyuk Britaniya kelgusi haftalarda «koronavirus maqomi sertifikatlarini» sinab ko‘rmoqchi. Maqsad – bunday guvohnomalar sport arenalarida, tungi klublarda va konsertlarda ommaviy tadbirlarni xavfsiz o‘tkazish imkonini bera olish-olmasligini aniqlash. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.

Joriy oyda va may oyida bo‘lib o‘tadigan qator tadbirlar, shu jumladan, Angliya kubogining asosiy o‘yinlari tomoshabinlari tadbirlardan oldin ham, keyin ham test topshirishlari kerak bo‘ladi. Sinovlar davomida, shuningdek, shamollatish va ijtimoiy masofa saqlashga bo‘lgan turli xil yondashuvlar samarasi haqida dalillar to‘planadi.

Mamlakat rasmiylar COVID-19 pasportlarini sinovdan o‘tkazishni rejalamoqda. Bunday guvohnomalarda kishi vaksina olgani yoki yo‘qligi, topshirgan sinovlari yoki o‘tgan olti oy ichida koronavirus bilan kasallanganligi sababli immunitetga egaligi ko‘rsatiladi.

Vaksina pasportini joriy qilish masalasi butun dunyoda, shu jumladan, AQSh va Isroilda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Hukumatlar, ish beruvchilar, tadbir o‘tkaziladigan muassasalar va boshqa joylar odamlarning virusi holati to‘g‘risida bilish huquqiga egaligi yoki yo‘qligi asosiy savol bo‘lib qolmoqda. Shaxsning o‘z tibbiy hayoti va sog‘lig‘ini sir saqlashga bo‘lgan huquqi bilan olomon ichidagilarning boshqalar tomonidan xavfli kasallikni yuqtirmaslik huquqi o‘rtasida qanday qilib muvozanatga erishish mumkinligi to‘g‘risida murosaga kelingani yo‘q.

Ba’zi tanqidchilarning so‘zlariga ko‘ra, vaksina pasportlari kambag‘al odamlar va vaksinalardan foydalanishga hozir bo‘lmagan qashshoq davlatlar kamsitilishga zamin yaratadi.

Buyuk Britaniya rasmiylariga ko‘ra, bunday ruxsatnomalar telefon ilovalari yoki qog‘oz sertifikatlar shaklida joriy qilinishi mumkin.

Ammo Buyuk Britaniya Sport vaziri Nayjel Xaddlston jurnalistlarga «eng dastlabki sinovlar sertifikatlash elementlarini o‘z ichiga olmasligi aniq» ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, boshida shunchaki tadbirlar boshlanishidan oldin va yakunlanganidan keyin koronavirus testi olinadi.

O‘nlab britaniyalik qonunchilar, shu jumladan, bosh vazir Boris Jonsonning konservatorlar partiyasi a’zolari bu rejalarga qarshi chiqmoqda.

Rejalarni tuzish uchun mas’ul ishchi guruhni boshqarayotgan vazir Maykl Gov vaksina pasportlari «amaliy va axloqiy savollarni» tug‘dirishini tan oldi.

Rasmiylarning aytishicha, mart oyining oxirida Londonning «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tadigan Angliya kubogi yarim finali davomida ilk sinov o‘tkaziladi. O‘yinni 90 ming o‘ringa ega stadionda 4 ming kishi tomosha qiladi. 15 - may kuni bo‘lib o‘tgan finalni esa 21 ming futbol ishqibozi tomosha qiladi.

Buyuk Britaniyada pablar, restoranlar, oziq-ovqat mahsulotlaridan boshqa mollar sotiladigan do‘konlar va sartaroshxonalar cheklovlar yumshatilishiga hozirlik ko‘rmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining 47 foizi birinchi vaksina dozasini olgan, 5 milliondan ortiq kishi ikkinchi dozani ham olgan.

Buyuk Britaniyaning emlash dasturi yutuqlariga qaramay, mamlakatda COVID-19 tufayli qayd etilgan o‘limlar soni Yevropa mamlakatlari orasida eng yuqori bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda bugunga qadar virus taxminan 127 ming odam yostig‘ini quritdi.

Ammo keyingi haftalarda Britaniyada yangi infeksiyalar sezilarli darajada kamaydi. Yakshanba kuni hukumat bir sutka ichida 2297 nafar odam virusga chalingani va 10 odam virus tufayli nobud bo‘lganini ma’lum qildi. Yanvar oyida bir kunda virus yuqtirganlarning o‘rtacha soni 70 ming, kundalik o‘limlar soni esa 1800 ni tashkil qilgan edi.

XS
SM
MD
LG