Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Britaniyaning Moskvadagi elchixonasi harbiy attashesi Adrian Kogxillni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilinganini ochiqladi.
Kogxill Rossiyani bir hafta ichida tark etishi lozim. Rossiya TIV bu britaniyalik rasmiylarning muqobil qaroriga javob ekanini bildirgan.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi 8-may kuni Rossiya harbiy attashesi mamlakatdan chiqarib yuborilishini e’lon qilgan edi. TIV ma’lumotlariga ko‘ra, u harbiy razvedka ofitseri bo‘lib hisoblanadi. Britaniya ichki ishlar vaziri Jeyms Kleverli bu chorani Rossiyaning Ukrainaga bosqini hamda Rossiyaning Britaniya va Yevropadagi badniyatli harakatlariga javob, deb atagan.
Rossiyaning Londondagi elchixonasi o‘shanda qabul qilingan qaror diplomatik missiya ishini qiyinlashtirishini bildirgan. Rossiya TIV esa britaniyalik rasmiylar qarorini “rusofoblik xarakteriga ega siyosiy sababli xatti-harakat” deb atab, javob choralarini ko‘rilishini va’da qilgan.