Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:00

Bryusselda boshlangan YeI sammitida Rossiya bilan aloqalar istiqboli hal bo‘ladi


24 - iyun kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rahbarlarining ikki kunlik sammiti boshlandi. Sammit davomida ittifoqning Rossiya bilan munosabatlari bo‘yicha yangi strategiyasi hamda Vengriyada maktab materiallarida LGBT mavzusini taqiqlash to‘g‘risida qabul qilingan qonun muhokama qilinadi.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari yangi strategiya doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan sammit o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqadilar. O‘tgan hafta AQSh Prezidenti Jo Bayden Putin bilan yuzma-yuz uchrashgan edi.

Sammit oldidan Fransiya va Germaniya elchilari Rossiya bilan tobora yomonlashib borayotgan aloqalarni tiklashning bir yo‘li o‘laroq Putin bilan sammit o‘tkazish taklifini o‘rtaga tashladilar.

Ammo ba’zi YeI diplomatlari Rossiya rahbari bilan sammit o‘tkazishdan oldin munosabatlar yaxshi tomonga o‘zgarishi kerakligiga ishonadi. Qolaversa, bir necha Yevropa davlati, xususan Sharqiy Yevropa davlatlari Kreml bilan muzokara olib borishga oshiqmayapti.

YeI va Rossiya Ukraina va Belarusdan tortib, inson huquqlariga qadar bir nechta masala bo‘yicha bir-biriga zid qarashlarga ega. Shuningdek, ikki tomon bir-birini saylovlarga aralashishda, dezinformatsiya tarqatishda va Sharqiy Yevropada xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solishda ayblamoqda.

«Biz, Yevropa Ittifoqi sifatida, Rossiya va Rossiya prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lishga intilishimiz kerak», - dedi Germaniyaning iste’foga chiqayotgan kansleri Angela Merkel sammit oldidan Germaniya parlamentning quyi palatasi Bundestagda qilgan chiqishida.

«AQSh prezidenti Rossiya prezidenti bilan suhbatlashgani yetarli emas. Men bundan mamnunman, lekin YeI ham muloqot uchun forum yaratishi kerak».

2024 - yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ravishda ariza berishga hozirlanayotgan Ukraina Rossiya bilan qayta sammit boshlash taklifini keskin qoraladi.

Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Josep Borrell bilan uchrashuv ortidan so‘zlagan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bu taklifni tanqid qildi.

«Rossiya tomoni biror o‘zgarishga qo‘l urmasdan Rossiya bilan YeI sammitlarini qayta yo‘lga qo‘yish tashabbuslari Yevropa Ittifoqining sanksiyalar siyosatidan xatarli og‘ish bo‘ladi», - deb ogohlantirdi Kuleba.

Moskva 2014 - yilda Ukrainaning Qrim yarim orolini anneksiya qilib, Ukrainaning sharqiy qismida rossiyaparast ayirmachilarni dastaklay boshlagani uchun Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa mamlakatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni joriy qilgan.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari joriy oyning boshida Yevropa Komissiyasi va Yevropa Ittifoqi diplomatik xizmati tomonidan hozirlangan strategik hujjatda keltirilgan maslahatlarga amal qilishga umid qilishmoqda.

Ozodlik 24 - iyun kuni strategiya bilan tanishib chiqdi. Unga ko‘ra, YeI «Rossiya bilan YeIning manfaatlari bo‘yicha muayyan masalalarda muzokara olib borishga hozir», ammo Rossiya o‘z fuqarolarining fundamental inson huquqlari himoya qilinishini ta’minlash uchun ko‘proq chora ko‘rishi kerak.

«Yevropa Kengashi Rossiyada asosiy erkinliklar cheklanayotgani va fuqarolik jamiyati uchun muhit torayib borayotganini qoralaydi», deyiladi hujjatda.

«Kengash odamlar bilan aloqalar zarurligi va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning fuqarolik jamiyati, inson huquqlari tashkilotlari va mustaqil ommaviy axborot vositalarini muntazam ravishda qo‘llashi zarurligini urg‘ulaydi».

Bugun boshlangan sammit davomida YeIning Belarusga qarshi yangi sanktsiyalari ham e’lon qilinishi mumkin.

23 - may kuni Belarus hukumati Afinadan Vilnyusga uchib ketayotgan Ryanair uchog‘ini Minskka majburan qo‘ndirib, uning ikki yo‘lovchisi — o‘tgan yilda tazyiqlar tufayli Belarusdan qochib ketgan bloger Roman Protasevich hamda uning qiz o‘rtog‘i, rossiyalik talaba Sofiya Sapegalarni hibsga oldi. Bunga javoban Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi iqtisodiy sanksiya joriy qilinishini e’lon qildi.

Oy boshida o‘tkazilgan sammit xulosalarida blokning Belarusdagi barcha siyosiy mahbuslar va o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan shaxslar, shu jumladan, Protasevich va Sapega zudlik bilan ozod qilishga va «fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari repressiyasini to‘xtatishga» chorlovchi chaqiriqlari yana bir bor takrorlandi.

YeI «Belarus xalqining yangi, erkin va adolatli saylovlar orqali o‘z prezidentini saylashga bo‘lgan demokratik huquqini urg‘ulaydi», deyiladi sammit xulosalari kiritilgan hujjatda.

Bugun boshlangan sammitda Vengriyaning munozarali LGBT qonuni muhokama qilinishi kutilmoqda. Qonun 15 - iyunda qabul qilindi va tez orada kuchga kiradi.

Yangi qonunga binoan, 18 yoshga to‘lmaganlar orasida «gomoseksualizmni namoyish etish va targ‘ib qilish» taqiqlanadi. Ushbu taqiq hokimiyat tomonidan gomoseksualizm va jinsni o‘zgartirishni targ‘ib qiladi, deb topilgan ma’lumotlarga tatbiq qilinadi.

23 - iyun kuni Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyaen «qonun odamlarni jinsiy orientatsiyasi bo‘yicha ochiq-oydin diskriminatsiya qilishini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi organi Vengriyaga qashi chora ko‘rish masalasini ko‘rib chiqmoqda, chunki qonun blokning fundamental qadriyatlariga ziddir.

YeI davlatlarining yarmidan ko‘pi, shu jumladan, Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya ushbu qonun yuzasidan «jiddiy xavotir» izhor qildi va Yevrokomissiyani qo‘shimcha chora ko‘rishga chorlovchi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Sammitda sovuq kutib olinishi mumkin bo‘lgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban qonunni himoya qilib chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun bolalar huquqlarini himoya qiladi, ota-onalarning huquqlarini kafolatlaydi va 18 yoshdan oshganlarning jinsiy orientatsiya huquqlariga ta’sir ko‘rsatmaydi.

«Unda hech qanday kamsituvchi elementlar mavjud emas», deyiladi konservativ Orban 23 - iyun kuni e’lon qilgan bayonotda.

Sammit kun tartibiga, shuningdek, Turkiya masalasi ham kiritilgan. Yevropa Komissiyasi Suriyadagi fuqarolar urushi qochqinlarini qabul qilgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatish doirasida kelgusi uch yil ichida Anqaraga 3,5 milliard yevro (4,2 milliard dollar) berish taklifini ilgari surmoqda.

Qo‘shimcha mablag‘ Turkiyani Gretsiya bilan bahsli masalalarni hal qilish va Kipr atrofidagi suvlarda gaz izlashni to‘xtatishga undash maqsadida ajratilayotgani aytilmoqda.

Oy boshida o‘tkazilgan sammit xulosalarida ta’kidlanishicha, YeI Turkiya bilan «bir qator umumiy manfaatlar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish uchun bosqichma-bosqich» aloqada bo‘lishga tayyor.

Bugun boshlangan sammitning birinchi kunida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh kotibi Antoniu Guterrish Yevropa Ittifoqi rahbalari bilan tushlik qilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG