Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:23

"Bunkerdagi bobo": Kreml Baydenni qariya, Putinni esa kuchli rahbar sifatida ko‘rsatishga urinmoqda


Vladimir Putin va Jo Bayden
Vladimir Putin va Jo Bayden

So‘nggi paytlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga berilgan eng kuchli zarba AQSh prezidenti Jo Bayden uni «qotil» deb atagani emas, balki qamoqdagi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy uni «bunkeridagi bobo» deb atagani bo‘ldi, deb yozdi Washington Post gazetasi muxbiri Robin Dikson.

Keyingi oylarda Putin asosiy vaqtini mehmonlar uchun maxsus dezinfeksiya xonasi bilan jihozlangan qarorgohida xavfsizlik xizmatlari qurshovida o‘tkazmoqda. Washington Post maqolasiga ko‘ra, Navalniy Putinni takror va takror «bunkeridagi bobo» deb atagani prezidentning imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan: ayrim rossiyaliklar uni rus ayig‘i emas, balki qo‘rqoq qariya o‘laroq ko‘ra boshlagan.

Natijada Kreml 68 yoshli Putinni hali kelajagi oldida bo‘lgan kuch- g‘ayratga to‘la rahbar, 78 yoshli Baydenni esa qariya o‘laroq ko‘rsatishga qaratilgan davlat propagandasini boshladi.

G‘arbga qarshi chiqishlari bilan tanilgan telesharhlovchi Dmitriy Kiselyov Baydenni «amerikalik bemor» deb atadi. Kiselyov «Shamol olib ketganlar» (bu film o‘zbekchaga «Shamollarda qolgan hislarim» deb tarjima qilingan -tahr) yozuvi bilan Bayden Air Force One uchog‘i zinapoyasida qoqilib ketayotgani aks etgan lavhani o‘zida yo‘q mamnunlik bilan namoyish etdi.

Bayden 16 - mart kuni ABC News telekanaliga bergan intervyusida rossiyalik hamkasbi Putinni ruhsiz «qotil» deb hisoblashini aytib, Rossiya rasmiylarining g‘azabini qo‘zg‘atgan edi. Ammo ayrim rossiyalik tahlilchilarga ko‘ra, Bayden kuzga belgilangan saylovlar arafasida reytingi tushib borayotgan hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasi hamda Putin uchun juda qo‘l keladigan gapni aytdi.

Bayden Putinni o‘zini pandemiyadan himoya qilish uchun uyiga berkinib olgan qo‘rqoq emas, balki tashqi dushmanga qarshi kurashayotgan qudratli yetakchi o‘laroq ko‘rishlariga hissa qo‘shdi.

Moskva Karnegi markazi siyosiy tahlilchi Konstantin Gaaze «ichki siyosat nuqtai nazaridan [Baydenning sharhi] Putinga yordam berdi, chunki unda gapirishga mavzu deyarli qolmagan edi», - dedi.

«Kommersant’» gazetasida e’lon qilingan maqolada «Bayden tufayli» Putinning «Yedinaya Rossiya» partiyasi parlamentning quyi palatasidagi barcha o‘rinni egallashi mumkinligi taxmin qilindi.

Hayotida biron marta ichki siyosiy raqibi bilan debat o‘tkazmagan Putin 18 - mart kuni Baydenni jonli debatga chorladi. Washington Post maqolasida aytib o‘tilganidek, ikki mustaqil davlat yetakchisi debat o‘tkazganini ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan. Bu chaqiriq ortidan Putin Sibir taygasiga yo‘l oldi.

Kreml Putinning imijiga juda katta e’tibor qaratadi. Rossiyaning surishtiruvlar o‘tkazuvchi «Proyekt» nashri dekabr oyida uchoq parvozlariga tayangan holda prezident Sochida yashayotgani, buni yashirish uchun Moskvadagi ofisi replikasini qurdirganini xabar qildi. Kreml esa buni zo‘r berib rad etdi.

Yanvar oyida esa Navalniy Gelenjik yaqinidagi 1,36 milliard dollar deb baholangan «Putin saroyi» haqidagi surishtiruv videosini e’lon qildi. O‘shanda beri bu surishtiruv YouTube platformasida 115 million martadan ko‘p ko‘rildi.

Bu orada Rossiya hukumati Navalniyni avvaliga zaharlab, o‘lmay qolganidan keyin qamagani uchun AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalari joriy qildi va yana qo‘shimcha sanktsiya qo‘llashi mumkin.

Yanvar oyida Rossiyaga qaytib kelgan Navalniyning qamoqqa olinishi va Rossiya hukumati namoyishlarni bostirish uchun qabul qilgan keskin qonunlar tufayli Rossiyaning 100 dan ortiq shahrida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Rossiyalik yoshlarning ko‘chiligi uchun Putin sovuq, repressiv va hurmatga sazovor bo‘lmagan yetakchidir

Ammo Putin yaqinda yana e’tibor markaziga qaytdi. Xususan, prezident Rossiya 2014 - yilda Qrimni Ukrainadan anneksiya qilib olganini nishonlash uchun Moskvaning «Lujniki» stadionida to‘plangan olomon oldida nutq so‘zladi.

Buning ortidan Putin Kreml jurnalistlari qurshovida Sibirdagi Tuvaga bordi. U yerda prezident yo‘ltanlamasda qorli o‘rmonda yo‘l yurib, tabiat qo‘ynidagi stolda choy ichdi. Ushbu tadbir Baydenning «qotil» sharhidan ancha oldin rejalashtirilgan edi, ammo u Putinga o‘zini tabiatni sevuvchi «mujik» o‘laroq ko‘rsatishi uchun qo‘l keldi, deya xulosa qiladi Washington Post muxbiri Dikson.

XS
SM
MD
LG