Buxoro viloyati Jondor tumanidagi xonadonda yuz bergan gaz portlashi oqibatida oilaning ikki a’zosi vafot etdi, yana ikki a’zosi jarohatlandi.
17-noyabr tongida ro‘y bergan baxtsiz hodisadan mahalliy matbuot oradan o‘n kun o‘tib voqif bo‘lgan.
Gazeta.uz nashri xabariga ko‘ra, o‘sha kuni soat 5:30 atrofida xonadon yotoqxonasida gaz sizib chiqqan va uning oqibatida yong‘in ro‘y bergan.
Xonada bo‘lgan 41 yoshli ota va ona kuyish jarohatini olib vafot etgan. Ularning ikki nafar voyaga yetmagan qizi tuman tez tibbiy yordam markaziga murojaat qilgan. Marhumlarning ikki o‘g‘li jabrlanmagan.
Bosh prokuratura holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Ozodlik kuni kecha O‘zbekistonda 2024-yil boshidan buyon gaz bilan bog‘liq 74 ta baxtsiz hodisada 82 nafar odam qurbon bo‘lgani, 80 dan ziyod kishi jarohatlangani haqida xabar qilgandi.
Joriy yil 22-oktyabr kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida ro‘y bergan gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 a’zosi vafot etgandi.