Buxoro shahrida yashovchi 28 yoshli SH.R. 3 yashar o‘g‘lini kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgan, buning oqibatida bola vafot etgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning mahalliy matbuotga bildirishicha, joriy yilning 4-oktyabr kuni mazkur holat yuzasidan ayolga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qamoqqa olingan.
Hodisani o‘rgangan Xabar.uz nashriga ko‘ra, ayol farzandini tungi soat 01:00 larda kaltaklagan. Norasida bola taloq yorilishi oqibatida ikki soatcha qiynalgan va soat 03:00 larda jon bergan.
Ayol Buxoro shahri Gulshan mahallasida ijarada yashab kelgan, turmush o‘rtog‘i esa Rossiya Federatsiyada ishlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, qotillikda gumonlanib qamoqqa olingan ayol oldin ham 5 yashar farzandini kaltaklab o‘ldirgan. Ushbu jinoyat ishini ko‘rib chiqqan sud ayolning qilmishidan pushaymonligi va qaramog‘ida 1 yoshli farzandi bo‘lgani vajidan unga yengilroq jazo tayinlagan. Ayol avvalgi jinoyati uchun berilgan jazo muddati tugamasdan turib ikkinchisiga qo‘l urgani aytilmoqda.
Joriy yilning 9-iyul kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida 30 yoshli erkak qonuniy nikohsiz yashab kelgan xotini bilan janjallashuv ortidan ayolning birinchi turmushidan bo‘lgan 3 yashar o‘g‘lini chavaqlab o‘ldirgandi.
2022-yil 24-dekabr kuni esa Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi erkak xotini va 5 oylik bolasini o‘ldirib, so‘ng o‘zini osgan edi.