Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2021, Тошкент вақти: 02:45

“Buyuk Chin sarkardasi Chingizxon”. Xitoy mahalliy mo‘g‘ullarni qanday assimilyatsiya qilayotgani haqida


Mongoliyaliklar Xitoyning Ichki Mongoliyadagi maktablarda faqat mandarin (Xitoy) tilida o‘qitiladigan sinflarni tashkil etish rejasiga norozilik bildirmoqa- Ulan-Bator, Mongoliya, 31 - avgust, 2020

Xitoy hukumati XXR hududida – Ichki Mongoliya muxtor tumanida yashovchi mo‘g‘ullarni “hazm qilib yuborish” siyosatini olib bormoqda. Bu yo‘lda eng g‘alati usullardan, masalan, Chingizxonni “xitoy” deb e’lon qilishdan ham tap tortmayapti.

XXRning Ichki Mongoliya muxtor tumani aholisi Mongoliya aholisidan sakkiz baravar ko‘p, garchi mintaqa maydoni qariyb bir yarim karra kichik bo‘lsa-da. Ammo Ichki Mongoliyada mo‘g‘ullar etnik ozchilik hisoblanadi – ularning salmog‘i 17 foizdan bir oz ortiq xolos, xitoylar, aniqrog‘i, xanlar esa umumiy nufusning salkam 80 foizini tashkil qiladi.

Shu kunlarda Ichki Mongoliya hukumatiga – Xitoy shimoli-sharqidagi Lyaonin viloyatida tug‘ilib, o‘sgan mo‘g‘ul aslli siyosatchi ayol Van Lisya rahbar etib tayinlandi. U siyosiy karyerasini 2000 - yilda boshlagan bo‘lsa-da, Ichki Mongoliyaga 2016 - yildagina o‘tkazildi va u yerda bir necha yil hududiy partiya tashkilotini boshqardi. Van Lisyaga qadar Ichki Mongoliyada barcha partiya rahbarlari shu yerlik kadrlar edi.

O‘tgan yili Pekin Ichki Mongoliya maktablarida mo‘g‘ul tili o‘qitilishidan voz kechish rejasini e’lon qildi – mahalliy mo‘g‘ullar bunga ommaviy norozilik chiqishlari bilan javob berdi.

Ichki mongoliyalik cho‘ponlar qorda ot choptirmoqda - Xitoy, 26 - dekabr, 2017
Ichki mongoliyalik cho‘ponlar qorda ot choptirmoqda - Xitoy, 26 - dekabr, 2017

Xitoy tarixida mo‘g‘ullarning Yuan sulolasi bo‘lgan – XIII asr oxirida Xitoyni bosib olgan Chingizxonning nabirasi Hubilay asos solgan bu sulola bir asrga yaqin hukm surgan. Hozirgi Ichki Mongoliya hududi Xitoyga XVII asrda qo‘shib olingan edi. 1949 - yilda, XXR tashkil topganidan so‘ng Ichki Mongoliya muxtor tumani tuzildi. Nomi muxtoriyat bo‘lgani bilan amalda u Xitoy viloyatlaridan biridir.

“Madaniy inqilob” yillarida Ichki Mongoliya qatag‘onga uchraganlar surgun qilinadigan joy vazifasini o‘tagan. Yozuvchi Szyan Junning “Bo‘ri ilohi” nomli mashhur romanida “madaniy inqilob” yillarida “qayta tarbiyalanish” uchun Ichki Mongoliyaga jo‘natilgan pekinlik yosh talabaning ko‘chmanchi mo‘g‘ul chorvadorlari orasida kechgan hayoti haqida hikoya qilinadi. Darvoqe, bestsellerga aylangan mazkur roman asosida frantsuz rejissyori Jan-Jak Anno ayni nomda film suratga olgan.

Roman va filmda ko‘chmanchi mo‘g‘ullar turmushi, ularning o‘shandayoq mo‘g‘ul an’analarini nazar-pisand qilmagan Xitoy kommunistik hukumati bilan murakkab munosabatlari ochib berilgan. “Mo‘g‘ullar tarixini dushmanlarimiz yozgan”, deydi “Bo‘ri ilohi” romani qahramonlaridan biri bo‘lmish keksa mo‘g‘ul. Kitobda yana bir ta’sirli lavha bor. Bo‘ri tishlagan bola penitsillin dorisi yordamida tuzalganida bosh qahramon buni zamonaviy tibbiyotning kuchi o‘laroq izohlaydi. Bolaning sog‘ayishini “mo‘’jiza” deb biluvchi sevgilisi – mo‘g‘ul qizi esa bunga javoban “Sen xitoysan”, deydi.

Xitoy mo‘g‘ullarining 1980-yillarda, islohotlar siyosatining dastlabki o‘n yilligida kechgan turmush tarzi haqida Nikita Mixalkov 1991 - yilda fransuzlar bilan hamkorlikda suratga olgan “Urga. Muhabbat makoni” filmi ham bir qadar tasavvur beradi. Film qahramoni o‘tovlarda, ota-bobolari kabi yashab kelayotgan ko‘chmanchilar manzilgohini tashlab, Ichki Mongoliya shaharlaridan biriga boradi va u yerda “Mongoliya” nomiga yarashiqli biron alomat ko‘rmaganidan, butun shahar xitoylashganidan hayratga tushadi. Uyur ichidan otni tutib olish uchun ishlatiladigan uchi sirtmoqli uzun tayoq – urga – mazkur filmda mo‘g‘ullarning Xitoy “bir oilaga bir bola” siyosatini boshlagan o‘sha kezlarda o‘z oilaviy an’analariga sodiq qolishga intilishi ramzi sifatida tasvirlangan.

Ichki Mongoliyani jadal shaharlashtirish 1990-yillar oxirlarida boshlandi, deya ta’kidlaydi Rossiya Fanlar akademiyasining Ekologiya va evolyutsiya muammolari instituti yetakchi ilmiy xodimi Suran-Xanda Sirtipova.

Xitoy urbanizatsiya darajasini shiddat bilan oshirish bo‘yicha davlat dasturini qabul qilganidan so‘ng mahalliy mo‘g‘ul madaniyati chinakamiga yo‘q bo‘la boshladi. Ushbu dasturga muvofiq XXR 2025 - yilga qadar shahar aholisi salmog‘ini 80 foizga etkazmoqchi. Dastur ijrosiga ulkan mablag‘ ajratilgan. Xitoy shaharlashuv ko‘rsatkichini ilg‘or G‘arb mamlakatlari darajasiga yetkazishga intilmoqda.

– Qishloq xo‘jaligi, jumladan chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilarni yangi qurilgan shaharlarga ko‘chira boshlashdi, tomorqa va yaylovlaridan voz kechib, shaharga ko‘chganlar uchun nafaqalar tayin qilindi. Bu ayniqsa mo‘g‘ul chorvadorlariga qattiq zarba bo‘ldi, axir yaylov chorvachiligi qishloqlar, beton qoplamalar yoki ekin yerlari bilan band qilinmagan keng hududlarda erkin ko‘chib yurishni taqozo etadi.

Mo‘g‘ullarni bir joyga “bog‘lab qo‘yish”ga tomon qo‘yilgan birinchi qadam – mol boqish shartlarining o‘zgartirilishidir: cho‘ponlarga yaylovlarni tomorqa misoli chegaralab chiqish majburiyati yuklatildi. Madaniyati va turmush tarzi butkul boshqa bo‘lgan shahar odamlarining buni idrok etishi qiyin, ammo mazkur chora mo‘g‘ul an’anaviy madaniyatining tub negizi amalda yo‘q qilinishini bildiradi – Mo‘g‘ul platosi jo‘g‘rofik hududida tomorqada chin ma’noda yaylov yaratib bo‘lmaydi.

Ikkinchi yirik dastur – cho‘l va dasht mintaqalarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘lib, Xitoy ma’muriy va moliyaviy boshqaruvining bor qudrati shunga yo‘naltirilgan. An’anaviy ishlab chiqarish vositalaridan ayrilgan sobiq mo‘g‘ul cho‘ponlari yalpi ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni ekish va parvarishlash bilan shug‘ullanishga majbur. Tan olish kerak, bu ishda yaxshi natijaga erishayotganlarga davlat byudjetidan mo‘may haq to‘lanadi.

Bir paytning o‘zida mo‘g‘ullarni “madaniy” assimilyatsiya qilish – aholini yoppasiga birxillashtirish siyosati olib borilmoqda. Hamma bir xil bo‘lsa, hukumat aholini oson boshqara oladi. Ammo mo‘g‘ul madaniyati yerdan va tabiatdan foydalanishning ularga xos usullari saqlanib qolgan taqdirdagina yashashi mumkin. Agar bular tortib olinsa, inson butunboshli tizimning bir murvatiga aylanadi, davlatga qaram bo‘lib qoladi. Bir so‘z bilan aytganda, Xitoy ko‘chmanchilik madaniyati ildizini sug‘urib olmoqda.

Urbanizatsiya jarayonini tezlashtirish Hozirgi Xitoy hukumatiga, G‘arbdagi kabi, iqtisodiy taraqqiyot va farovonlik kaliti bo‘lib ko‘rinmoqda. Katta maydonlardan yaylov sifatida foydalanish va hatto mayda dehqonchilik ham yerni isrof qilish deb tushuniladi. Biroq ulkan aholi cheklangan hududga jamlangan megapolis tamaddunlarini yaratishning o‘ziga yarasha shartlari mavjud. Tarixda ekologiya muammolari tufayli halokatga uchragan qadim mutaraqqiy tamaddunlar haqida o‘qiganmiz. Ular tabiiy muvozanat va tabiiy xilmaxillikka putur yetkazishgani uchun yo‘q bo‘lib ketgan. Hukumat hamma bir xil bo‘lishi va har kim o‘z joyini bilishi, sanash va safga tizdirish oson bo‘lishi uchun ham bir xil “odammakonlar” qurishni afzal ko‘radi. Bu nafaqat Xitoyga, balki yana ko‘plab avtoritar va qisman avtoritar davlatlar hukumatlariga xos jihatdir.

– Hozirgi Ichki Mongoliyada ko‘chmanchi chorvadorlik o‘rnini egallayotgan qishloq xo‘jaligi qanchalik muvaffaqiyat keltirishi mumkin?

– Hamma gap shundaki, u hududda yaylov chorvachiligi va ziroatchiligi uchun ideal tabiiy-jo‘g‘rofik sharoit mavjud, ammo qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish juda qaltis ish bo‘lib, katta sarf-xarajat talab qiladi. Axir bu yassitog‘lik, Mo‘g‘ul platosi-ku. Mongoliyada tabiatdan foydalanish muammolari, jumladan yaylov xo‘jaligini o‘rganuvchi Rossiya-Mongoliya qo‘shma ekspeditsiyasidagi ko‘p yillik faoliyatim mobaynida shunga amin bo‘ldimki, sayyoramizda tuproq degradatsiyasi o‘tkir muammoga aylangan.

Tuproqshunoslar aytishicha, yerning tabiiy hosildor qatlami allaqachon insoniyat tomonidan “yeb bitirilgan”, shu bois ham nitratlaru turfa kimyoviy o‘g‘itlarni ayamay ishlatishadi, chunki yer inson xohlagani qadar “tug‘may qo‘ygan”. Yer yuzasidagi tuproqni hamisha shamol uchiradigan Mo‘g‘ul platosi sharoitida muntazam dehqonchilik bilan shug‘ullanish noma’qul ish. Bu ko‘pga bormaydi, oriq tuproq hademay bor-yo‘q quvvatini sarflab bo‘ladi va bepoyon maydonlar o‘lik cho‘lga aylanadi. O‘shanda bu yerlarga hayotni ta’minlash uchun yanada ko‘pro mablag‘ va ichki resurslarni sarflashga majbur bo‘lishadi, lekin ularni ham qayerdandir olish kerak-ku? Afsus, olimlarning bashoratlari siyosatchilarni, jumladan xitoy siyosatchilarini uncha qiziqtirmayapti. Aslida esa hukumat olimlarga quloq solishi va yerdan foydalanishda o‘sha yerda ming yillab yashagan aholining tajribalariga tayanishi lozim.

Ichki Mongoliya olimlari – biologlar, geologlar va geograflar hozirgi siyosatning xatoligini tushuntirishga urinishmoqda. Yerlarni chegaralash mahalliy ekotizimni buzadi va biologik xilmaxillikka raxna soladi. Yaylov chorvachiligi bejizga necha asrlardan beri yashab kelayotgani yo‘q – u ayni sharoitda inson hayot kechirishining eng maqbul vositasi bo‘lgan.

– Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanida, Tibetda mahalliy aholini assimilyatsiya qilish, u yerlarga xanlarni ommaviy ko‘chirishga urinishlar ko‘p hollarda qurolli qarshilikka duch kelgan edi. XXR hududida yashayotgan mo‘g‘ullar shunaqa qarshilik ko‘rsatishga qodirmi?

– Mo‘g‘ullar o‘zlarining mol boqadigan yerlari tomorqalarga aylantirilishiga, mo‘g‘ul va xitoy madaniyatining ushbu yaqqol to‘qnashuviga qarshilik ko‘rsatishdi, albatta. Masalan, cho‘ponlar asfalt yotqizadigan mashinalar yo‘liga yotib olgan hollar bo‘lgan. Ammo hech kim qo‘liga qurol olgan emas, har holda mening bunaqa voqeadan xabarim yo‘q. Tinchlik bilan niyatlariga erishmoqchi bo‘lishgan. Lekin, afsuski, bundan unchalik naf chiqmayapti. Assimilyatsiya shiddat bilan davom etmoqda.

Biz u yerda yuz berayotgan voqealar haqida juda kam ma’lumotga egamiz. Xitoy OAVlari bu haqda yozishmaydi, faqat shaxsiy so‘zlashuvlardagina biror nimani aniqlash mumkin. Biroq keyingi yillarda shaxsiy aloqalar ham uzilmoqda. Hukumat siyosatiga qarshiligini ochiq tan oladiganlarni u yerda, yumshoq qilib aytganda, ayab o‘tirishmaydi.

Хитойлаштирилаëтган Сибирь
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:36 0:00

– Axir shundoq yonlarida – aholisi juda siyrak yashaydigan Mongoliya davlati bor-ku? Ichki Mongoliya mo‘g‘ullari nega u yerga ko‘chib borishmaydi?

– Bunaqa holatlar kam. Birinchidan, Mongoliya aholisining asosiy qismini tashkil euvchi xalxa-mo‘g‘ul xalqi ularni unchalik xushlamaydi. Hozirgi Ichki Mongoliya Xitoy tasarrufiga o‘tganidan beri kechgan 300 yil ichida xalxa-mo‘g‘ullar bilan Ichki Mongoliya mo‘g‘ullari o‘rtasida sezilarli madaniy tafovut yuzaga keldi. Assimilyatsiya siyosati o‘z mevasini bermoqda – xitoylik mo‘g‘ullar, ayniqsa yoshlar orasida o‘z ona tilida so‘zlashadiganlar tobora kamayib bormoqda. 2001 - yilda Xux-Xoto universitetida deyarli barcha talabalar mo‘g‘ul tilida so‘zlashishardi. 2017 - yili borganimda esa men mo‘g‘ulchalab bergan savollarga emin-erkin javob beradigan talabani topa olmadim. Ko‘rdingizmi, 15 yilda shuncha o‘zgarish!

Xitoyni qonuniy tark etish ham oson emas. Har gal mamlakatdan chiqayotganda pasport rasmiylashtirishing, Xitoy hukumatiga sodiqligingni isbotlashing, ko‘pqavatli tekshiruvlardan o‘tishing kerak. Xullas, XXRdan muhojirlikka ketishning mashaqqati bisyor. Shuning uchun ham ommaviy migratsiya yo‘q-da. Mongoliya fuqaroligini olishning ham o‘zi bo‘lmaydi, Ulan-Bator kelgan odamlarning barchasiga pasport tutqaziladigan joy emas. Migrantlarning katta oqimini qabul qilishga mamlakatning qurbi yetmaydi: ish joylari kam, ijtimoiy ta’minot hamin qadar va hkz. Mo‘g‘ullarning XXRdan Mongoliyaga ko‘chib borishiga g‘ov bo‘ladigan tartib va sharoitlar ikkala tomonda ham bor. Garchi, men eshitishimcha, aynan o‘zligini asrash maqsadida ko‘chib ketishni istovchilar ko‘p bo‘lsa-da.

Lekin alohida holatlarni bilaman. Ular juda faol, iste’dodli kishilar bo‘lib, Mongoliyada ham yaxshi hayot kechirishyapti. Mish-mishlarga qaraganda, keyingi yillarda ko‘plab xitoy xanlari Mongoliyaning olis aymoqlariga borib, qandaydir yo‘llar bilan erlashib, mo‘g‘ul ayollariga uylanayotgan va mo‘g‘ulcha kiyinib mol boqishga o‘tayotgan emish...

– Xitoyda mo‘g‘ullar bilan xanlar o‘rtasidagi ziddiyatning tarixiy sabablari bormi? Axir zamonaviy mo‘g‘ullar – bir paytlar Xitoyni bosib olgan fotihlarning avlodlari-ku. Mongoliyada Chingizxonni benihoya qadrlashadi: unga atab Ulan-Batorda bahaybat haykal o‘rnatishgan, aeroportga nomini berishgan...

– Xitoy hukumati zarur hollarda qattiqqo‘llik bilan harakat qilishdan o‘zini tiyadi. Buning o‘rniga, yangi hududlarni egallash uchun tinch usullardan foydalanishadi, “barqut inqiloblari” bo‘yicha ish ko‘rishadi. Qo‘shnilar madaniyatini yutib yuborishning boshqa yo‘llarini topishadi.

Masalan, Chingizxonni oladigan bo‘lsak, uni shunchaki “xitoy” deb e’lon qilishdi, vassalom! Shu bilan hamma narsa o‘z o‘rniga tushdi: Chingizxon – xitoy, demakki atrofdagi hamma xitoylar, mo‘g‘ullar esa xanlarning bir qismi xolos, ya’ni “ikkalasi bitta xalq”. Mo‘g‘ullar va xitoylik mo‘g‘ullar masalaning bu tariqa qo‘yilishiga qarshilik qilib, Chingizxon xitoy emas, balki mo‘g‘ul bo‘lganini isbotlashga harakat qiladilar. Ammo elementar nodonlik bu urinishlar yo‘liga bamisoli Xitoy devoridek to‘g‘anoq bo‘lmoqda: nachora, zamonaviy yoshlarning aksariyati o‘z tarixidan deyarli bexabar.

Mo‘g‘ul imperiyasi asoschisini xitoy deb e’lon qilish – barchani laqillatishning ayyorona, ammo samarali usulidir. Axir, agar Chingizxon xitoy bo‘lsa, o‘rta asrlarda mo‘g‘ullar zabt etgan o‘lkalar ham Xitoyga tegishli bo‘lib chiqadi-da.

– Ushbu nuqtai nazar tarix darsliklariga tiqishtirilyaptimi yoki seriallar orqali singdirilmoqdami?

– Xitoyda Chingizxon va chingiziylarning “xitoyi” fathlarini aks ettiruvchi son-sanoqsiz xaritalar chop etilgan. Xitoyliklar qoyilmaqom qilib bajaradigan yana bir usul bor: “savdo belgisi”ni o‘zlashtirib olish. Mamlakatda qanchadan-qancha savdo belgilari “buyuk xitoy sarkardasi” Chingizxon nomi bilan ataladi.

Xitoyning ushbu siyosatiga qarshilik ko‘rsatish maqsadida so‘nggi ikki yilda Mongoliyada, poytaxt Ulan-Batorning qoq markazida Chingizxonga bag‘ishlab to‘qqiz qavatli tarix muzeyi barpo etildi. Unda mo‘g‘ul ko‘chmanchilar davlatining ikki ming yillik tarixi aks etgan. Zero Chingizxon – mo‘g‘ullar olamidagi eng mashhur shaxsdir. Uning nomi mo‘g‘ul milliy va madaniy o‘ziga xosligini saqlash uchun nihoyatda muhim. Xitoy hukumati esa Chingizxon nomini o‘z iqtisodiy va mafkuraviy maqsadlari yo‘lida qo‘llamoqda, – urg‘ulaydi tarix fanlari doktori Surun-Xanda Sirtipova.

XS
SM
MD
LG