Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:56

“Cheksiz hokimiyat xatarli” – AQSh elchisi O‘zbekistonda konstitutsiya o‘zgarishiga munosabat bildirdi


AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum davlat boshqaruv bo‘g‘inlarining bir-birini tiyib turishi muhim tamoyil ekanini aytgan.

Gazeta.uz” nashriga bergan intervyusida AQShning Toshkentdagi yuqori martabali diplomati prezident Mirziyoyev islohotlari va konstitutsiyani o‘zgartirish jarayonlariga baho bergan.

U shuningdek, O‘zbekistonning Ukraina borasidagi neytral pozitsiyasini tushunishini aytib, ayni paytda bu pozitsiya Rossiyaga nisbatan unchalik ham neytral emasligiga ishora qilgan.

Deniel Rozenblyum O‘zbekistonda boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar haqida gapirar ekan, davlat boshqaruv bo‘g‘inlarining bir-birini tiyib turishi suv bilan havodek zarur ekanini urg‘uladi.

“Konstitutsiya davlat hokimiyatini cheklashi kerakligini ta’kidlashni istardim... Bu, har bir mamlakatda ayricha shakllanadi. Siz britancha, fransuzcha, xitoycha yoki amerikancha tizimni qabul qilmaysiz. Biroq ushbu hujjatda biz tiyib turish va muvozanat tizimi deb ataydigan jihat bo‘lishi kerak. Bu – hokimiyatning turli tarmoqlari o‘rtasida muvozanat mavjudligi va hokimiyatni tiyib turish tizimingiz bo‘lishini anglatadi. Chunki bir kishi yoki bir institutning juda ko‘p hokimiyatga ega bo‘lishi mamlakat uchun yomon. Bu yanglish qarorlarga olib keladi”, – deydi AQSh elchisi.

Diplomat Toshkentning Ukraina urushi bo‘yicha neytral pozitsiyasini “tushunish”ini qayd etgan. Mamlakat Ukrainaga gumanitar yordam yetkazib berganini ham olqishlagan.
“Biz O‘zbekiston tushib qolgan pozitsiyani to‘liq tushunamiz va hurmat qilamiz. O‘zbekiston suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik kabi tushunchalarni yuksak qadrlashini ham bilamiz. O‘zbekiston rasmiylari ushbu tamoyillar Ukraina uchun ham muhim ekanini ochiqchasiga ta’kidladi”, – deydi u.

Rozenblyum O‘zbekiston hukumati mojaroda betaraf ekanini bildirgani holda, Rossiya bilan faol aloqada ekani, Ukraina bilan esa muloqot o‘rnatishga urinishlar kuzatilmayotganini savol ostiga olgan.

“Biz betaraflikni shunday tushunamiz: O‘zbekiston bundan keyin ham har ikki tomonga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi, aloqalarni saqlab qoladi va bir tomon ikkinchisidan to‘g‘riroq ekanini ko‘rsatadigan harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi. Men Ukraina, Ukraina hukumati bilan qo‘shma muloqot yoki aloqa o‘rnatishga urinishlarni hali ko‘rmadim. Holbuki, urush boshlanganidan beri Rossiya hukumati bilan ko‘plab tadbirlar, uchrashuvlar, tashriflar bo‘lib o‘tdi”, – deya e’tiroz bildiradi diplomat.

Elchi O‘zbekistonda Ukraina voqealarining yoritilishidan qoniqmayotganiga ham ishora qilgan. Taassuf bilan qayd etilishicha, Kremldan kelgan maqolalar matbuotda Ukraina tomoni izohisiz, shunchaki qayta chop etilgani ham kuzatildi.

“Muvozanatga rioya etilmayotgani vajidan bizga betaraflik yo‘qdek ko‘rinadi. Ma’lumotni shu tarzda taqdim etish orqali siz amalda bir tomonga yon bosgan bo‘lasiz. Bular bizni xavotirga solayotgan masalalardir”, – deydi Rozenblyum.

Diplomat Vashington prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlash asnosida olti yillik o‘zgarishlarga ham baho bergan. Jumladan, valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi, Soliq kodeksi va biznesga doir me’yoriy-huquqiy bazaning isloh etilishi, shuningdek, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi o‘zgarishlar muvaffaqiyat o‘laroq baholangan. Shu bilan birga, xususiylashtirish jarayoni jadal emasligi, bu boradagi urinishlar to‘siqqa uchrayotganidan bahs etilgan, davlat boshqaruvi islohotlari ham sust kechayotgani ta’kidlangan.

“Prezident va uning jamoasi avval-boshdanoq iqtisodiyot va hatto ijtimoiy institutlarni isloh qilishning o‘zi yetarli emasligini tan oldi. Bir vaqtning o‘zida siyosiy institutlar, boshqaruv bilan ham shug‘ullanish kerak. Davlat boshqaruvi sohasida jarayon o‘ta sust kechmoqda, ehtimol, bu yo‘nalishda o‘zgarishlarni amalga oshirish juda qiyinligidandir. O‘ylaymanki, ba’zi joylarda muayyan qarshiliklar mavjud. Shunday odamlar borki, ular barchasini muayyan shaklda bajarishga odatlanib qolgan va o‘zgarishlarni xohlamaydilar”, – deydi AQSh diplomati.

XS
SM
MD
LG