Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:25

Chexiya – Rossiya ziddiyati tobora keskinlashmoqda


Rossiyaning Pragadagi elchisi Aleksandr Zmeyevskiy Chexiya TIV binosidan chiqishda, 2021 - yil 21 - aprel
Rossiyaning Pragadagi elchisi Aleksandr Zmeyevskiy Chexiya TIV binosidan chiqishda, 2021 - yil 21 - aprel

Chexiya yanada ko‘proq rossiyalik diplomatlarga mamlakatni tark etishni buyurdi. Slovakiya esa qo‘shnilarga xayrixohlik ifodasi o‘laroq rus elchixonasining uch nafar xodimini badarg‘a etishga qaror qildi.

2014 - yili Chexiya hududidagi o‘q-dori omborida sodir bo‘lgan portlashda Rossiyaning qo‘li borligi gumoni o‘rtaga chiqqach, ikki mamlakat o‘rtasida jiddiy ziddiyat yuzaga keldi.

22 - aprel kuni Chexiyaning yangi tayinlangan tashqi ishlar vaziri Yakub Kulxanek Rossiyaning Pragadagi elchixonasida diplomatlar soni Moskvadagi chex elchixonasi diplomatlari sonidan oshishiga yo‘l qo‘yilmasligini aytdi.

Avvalroq vazir Lidovky.cz nashriga bergan intervyusida agar Moskvadagi Chexiya elchixonasining chetlatilgan xodimlariga 22 - aprel tushga qadar ishga qaytishga ruxsat berilmasa, Pragadagi Rossiya elchixonasining 60 ga yaqin xodimi chiqarib yuborilishini ma’lum qilgan edi.

Moskva Praganing ushbu ultimatumini “qabul qilib bo‘lmas” holat deb atadi.

“Rossiyaning Pragadagi elchixonasi diplomatlari soni Moskvadagi elchixonamiz xodimlari soniga teng bo‘lishi uchun rus diplomatlari sonini qisqartiramiz”, – dedi Yakub Kulxanek Rossiyaga berilgan muddat yakuniga yetgach.

Vazir bu qaror oshig‘ich kuchga kirishi, diplomatlarini olib chiqib ketish uchun Rossiyaga may oyi oxiriga qadar muddat berilishini qo‘shimcha qildi.

Bunga javoban Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Chexiya elchixonasidan mavjud nomutanosiblikni hisobga olgan holda Moskvadagi xodimlar sonini kamaytirish talab qilinganini aytdi.

“[Chexiya] elchisiga Rossiyaga qarshi jazavali kampaniya yanada avj oladigan bo‘lsa, biz boshqa choralarni ko‘rishimiz mumkinligi bildirildi”, – deyiladi Zaxarova bayonotida.

Kulxanekning chiqishidan keyin Slovakiya bosh vaziri Eduard Heger Rossiya diplomatik vakolatxonasining uch vakili Slovakiyadagi faoliyatini tugatishi va yetti kun ichida mamlakatni tark etishi kerakligini e’lon qildi.

Rossiyaning Bratislavadagi elchixonasi ushbu qarorni ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stona munosabatlarga zid qadam deb atar ekan, Slovakiya hukumati javob choralar to‘g‘risida yaqin kunlarda xabar topishiga shama qildi.

19 - aprel kuni Praga rossiyalik 18 nafar diplomatni badarg‘a qilishga qaror qildi. Chexiya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, “istalmagan shaxslar” deb topilgan 18 diplomat 2014 - yilda Vrbetitsedagi o‘q-dori omborida sodir bo‘lgan portlashlarga aloqadorlikda gumon qilinayotgan Rossiya maxsus xizmati vakillari bilan muloqotda bo‘lgan.

Chexiya tashqi ishlar vazirligi vaziyat haqida NATOga ham ma’lumot bergan.

“Ittifoqchilar Rossiyaning Yevropa – Atlantika mintaqasi bo‘ylab, shu jumladan, alyans hududida amalga oshirayotgan beqarorlashtiruvchi harakatlaridan chuqur xavotir bildirdilar va Chexiya bilan to‘liq birdamlik izhor etdilar”, – deyiladi rasmiy Praga 22 - aprel kuni e’lon qilgan bayonotda.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayblovlarni rad etdi va Chexiya ko‘rayotgan tadbirlarni “ikki mamlakat munosabatlariga zarar yetkazuvchi choralar” deb atadi.

Chexiya tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozir Moskvadagi elchixonada 5 diplomat va 19 nafar xodim qolgan. Rossiyaning Pragadagi elchixonasida esa 27 diplomat va 67 nafar xodim bor. Bundan tashqari, har ikki mamlakatning turli shaharlardagi konsulliklarida qo‘shimcha ishchilar faoliyat yuritadi.

Diplomatik mojaro zo‘rayar ekan, Chexiya hukumati Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasini Dukovani atom elektr stansiyasida yangi blok qurish bo‘yicha milliardlab dollar qiymatga ega tenderdan chetlatdi.

Ichki ishlar vaziri Yan Hamachek Praga Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini xarid qilish niyatidan voz kechganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Chexiya hukumati 2014 - yil oktabrda Vrbetitse qishlog‘idagi o‘q-dori omborida yuz bergan portlashda Rossiya maxsus xizmatlarining qo‘li bo‘lishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.

Ushbu portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 50 tonna o‘q-dori yonib ketgan. Oradan ikki oy o‘tgach ro‘y bergan navbatdagi portlashda 13 tonna o‘q-dori havoga uchgan.

XS
SM
MD
LG