Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:08

Chexiya TIV rahbari Rossiyani Alsu Qurmashevani ozod etishga chaqirdi


Alsu Qurmasheva
Alsu Qurmasheva

Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy Ozodlik radiosining tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Qurmashevani qo‘llab-quvvatlab chiqish qildi. Qurmasheva Rossiyada qamoqqa olingunga qadar Pragada yashagan va ishlagan.

Lipavskiy BMT Xavfsizlik kengashida bo‘lgan debatlar doirasida nutq so‘zlarkan, Rossiya rasmiylarini jurnalist ayolni ozod etishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada Qurmashevaga bir necha ayblov bo‘yicha 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Yan Lipavskiy qatnashgan munozara urush va mojarolar oldini olish mavzusida edi. Chexiya vaziri, xususan, tinchlikni mustahkamlashga ko‘maklashayotgan ayollar, huquq faollari va jurnalistlar, gender tenglik himoyachilari uchun xavfsizlik muhitini yaratish zarurligini urg‘uladi.

“Shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, Chexiya Rossiyani zudlikda Alsu Qurmashevani qamoqdan ozod qilishga chaqiradi”, ta’kidladi Lipavskiy. Chexiya TIV rahbaridan Novinky.cz nashri iqtibos keltirgan.

Muhokamalar chog‘ida Lipavskiy “BMT Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘la turib Ukrainaga qarshi urush qilish bilan BMT mohiyatiga ochiqcha xilof yo‘l tutayotgan, BMT nizomida mustahkamlangan butun xavfsizlik tizimi obro‘siga putur yetkazayotgan” Rossiya hukumatini qattiq tanqid qildi.

Rossiya va AQSH fuqarosi bo‘lmish Alsu Qurmasheva “chet el agentlari”ga oid qonunchilikni buzganlikda va Rossiya armiyasi haqida “feyklar” tarqatishda ayblanmoqda. Jurnalist aybini tan olgan emas. Hamkasblari Qurmasheva professional faoliyati uchun ta’qibga olindi, deb ishonishadi. “Memorial” uni siyosiy mahkum deb tan olgan.

20-fevral kuni Tatariston Oliy sudi Alsu Qurmashevani 4-aprelga qadar hibsda qoldirish haqida qaror chiqardi. Advokat Qurmashevaning sog‘lig‘i zaiflashgani sababli ehtiyot chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirishni iltimos qilgan edi. Sudya Olga Migunova iltimosni rad etdi.

Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi prezidenti vazifasini bajaruvchi Stiven Kapus Alsu Qurmashevaning jinoiy ta’qib etilishi munosabati bilan bergan bayonotida “unga AQSH jurnalisti bo‘lgani uchungina jabr qilishyapti”, degan edi.

XS
SM
MD
LG