Jinoyat ishlari bo‘yicha Chimkent shahar tumanlararo sudi 26-avgust kuni 31 yoshli o‘zbekistonlik Alisher Saparovni “politsiya xodimiga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llaganlik” ayblovi bo‘yicha ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Sud hukmiga muvofiq, u jazoni manzil-koloniyada o‘taydi. Bu haqda Ozodlikning qozoq xizmati xabar qildi.
O‘ziga qo‘yilgan ayblovni rad etgan Saparov sudda o‘zining noqonuniy qo‘lga olingani, so‘roq qilingani va kaltaklanganini bildirgan. Sudda uning himoyachisi sifatida ishtirok etgan onasi ular sud hukmi yuzasidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilishlarini ma’lum qilgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, Saparov “yonida hujjati bo‘lmagani” uchun 4-iyul kuni qo‘lga olinib, qabul-taqsimot markaziga keltirilgan.
Tergov qaydicha, 6-iyul kuni u politsiya xodimining chap yuziga musht tushirib, qochib ketishga uringan. Uning xatti-harakatlari videokuzatuv kamerasiga tushib qolgan.
Sudda jabrlanuvchi sifatida politsiya xodimi ham ishtirok etgan. U mahkama jarayonida o‘zini tasvirga olmaslikni so‘ragan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, unda “bosh-miya jarohati va miya chayqalishi” aniqlangan.
Saparov sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblovni rad etib, politsiyachini urmagani, balki “itarib yuborgani”ni ta’kidlagan. O‘zbekistonlik yigit politsiya uni qonunga xilof ravishda qo‘lga olib, unga nisbatan kuch ishlatganini iddao qilgan. Ishni ko‘rib chiqayotgan sudya jinoyat ishi sudga “hokimiyat vakiliga nisbatan kuch qo‘llanilishi” ayblovi bo‘yicha kelgani va shu ayblov doirasida ko‘rib chiqilayotganini bildirgan. Sudya sudlanuvchiga shikoyati bo‘lgan taqdirda tegishli idoraga ariza yozishni tavsiya qilgan.
Sudlanuvchining onasi Shahlo Saparova uning o‘g‘li Toshkentdan Chimkent orqali Olmaotaga o‘tib ketish uchun chiqqanini aytgan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, Saparov Chimkentda oyog‘i shishib ketganini ko‘rib, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. U “tegishli tibbiy yordam ololmagani”dan keyin politsiya chaqirilgan. Shahlo Saparovaning iddaosicha, politsiyachilar uning o‘g‘lini o‘sha yerda qo‘lga olishib, kaltaklab, hibsxonaga joylashtirishgan.
“O‘g‘limning hamma hujjatlari joyida edi. Biroq uni qo‘lga ushlashib, maxsus priyomnikka tiqib qo‘yishgan. Shu tariqa uning huquqlari buzilgan”, degan Shahlo Saparova sudda.
Sud muhokamasi chog‘ida prokuror sudlanuvchini aybdor deb topish va unga ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish shaklida jazo tayinlashni so‘ragan.
Chimkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi Saparov 13-poliklinikaga murojaat qilganini tasdiqlagan. Ayni paytda boshqarma o‘zbekistonlik erkak shovqin-suron ko‘targani, buning ortidan vrachlar politsiya chaqirishga majbur bo‘lishganini bildirgan.
Ozodlikning qozoq xizmati qo‘lga olingan shaxsga nisbatan “kuch qo‘llanilganiga oid” ma’lumot yuzasidan izoh so‘rab Chimkent shahar politsiya departamentiga murojaat qilgan, biroq departament vakillari bu savolni javobsiz qoldirishgan.