Линклар

Шошилинч хабар
17 июл 2024, Тошкент вақти: 23:40

Cho‘zilib ketgan qishlash. Rossiyalik "relokantlar" O‘zbekistonda qanday yashamoqda?


Rossiyalik sayyoh. Illyustrativ surat.
Rossiyalik sayyoh. Illyustrativ surat.

Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bostirib kirishi va u bilan bog‘liq repressiyalar, sanksiyalar va safarbarlik ko‘plab rossiyaliklarni mamlakatni tark etishga majbur qildi. Rossiyalik qochqinlar uchun eng mashhur joylar Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoning postsovet davlatlari bo‘lib, ular jo‘g‘rofiy va madaniy jihatdan yaqinligi, vizasiz rejim va nisbatan arzon narxlar tufayli muhojirlarni o‘ziga jalb etadi. Ozodlikning «Idel.Realii» loyihasi ruslarning O‘zbekistondagi hayoti haqida hikoya qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonga 400 mingdan ortiq Rossiya fuqarosi kelgan. Bu raqamga O‘zbekistonga uzoq muddatga ko‘chib kelganlardan tashqari sayyohlar, ishbilarmon sayohatchilar va tranzit yo‘lovchilar ham kiradi. Ukrainada urush boshlanganidan beri O‘zbekistonga aniq qancha "relokant" kelgani ma’lum emas.

O‘zbekiston davlat statistikasiga ko‘ra, 2022-yilda doimiy yashash uchun mamlakatga rasman ikki mingga yaqin xorijlik ko‘chib kelgan. Yangi muhojirlar bo‘lsa, ehtimol, bir necha baravar ko‘p – ko‘pchilik o‘zini vaqtinchalik yoki doimiy bo‘lmagan muhojir sifatida rasmiylashtiradi. Messenjerlardagi turli xil «relokantlar» chatlari ishtirokchilari soni ko‘rsatadiki, hozirda O‘zbekistonda kamida 10 mingga yaqin yangi kelgan rossiyalik istiqomat qiladi, ularning aksariyati poytaxtda.

Мобилизациядан қочаётганлар. Мигрантми ё релокант?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:33:07 0:00

Yangi muhojirlar mezbon mamlakat haqida qanday fikrda ekani va ularning kirib kelishiga mahalliy aholining munosabatini bilish uchun Idel.Realii bir necha rossiyalik va bir toshkentlik bilan suhbatlashdi.

"Yetarlicha avtoritar davlat"

Marketing bo‘yicha mutaxassis Alina (familiyasini aytmaslikni so‘radi) 2022-yil sentabr oyida «qisman» safarbarlik e’lon qilinganidan keyin sevgilisi bilan Rossiyani tark etdi. Ular ko‘chib o‘tish uchun O‘zbekistonni tanlashdi – Alinaning fikricha, o‘sha paytdagi eng arzon variantlardan biri shu bo‘lgan. Bundan tashqari, ularga bu mamlakat allaqachon tanish edi.

– Har qanday davlatning ijobiy va salbiy tomonlari bo‘ladi, har bir emigrantning didi va ehtiyoji turlicha. Shaxsan men O‘zbekistondagi ijobiy jihat sifatida mahalliy aholining do‘stona munosabati va Rossiyadan ko‘chib kelganlar uchun qulay bo‘lgan rus tilining keng qo‘llanilishini aytishim mumkin. Salbiy tomonlari – iqlim, yomon ekologiya. Toshkentda radarlar havo sifati sog‘liq uchun xavfli ekanligini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, bu yerda narxlar Sankt-Peterburgga juda o‘xshaydi va maoshlar sezilarli darajada past, – deydi marketolog.

Alina, shuningdek, muhojirlarga uncha xush kelmaydigan ayrim xususiyatlar haqida gapiradi: “Haydovchilarning agressivligi, shaxsiy masofa saqlanmasligi, bo‘shashgan odamlar va mas’uliyatsizlik. Shuningdek, «tanish-bilish»chilik ham bor. Bunaqasi har yerda uchraydi. Odamlar shifokor qabuliga navbatda turmasdan o‘tishi mumkin, sizdan oldin ovqatga buyurtma berishi mumkin, agar kassada «aka»ngiz o‘tirgan bo‘lsa. Bu keng tarqalgan hodisa. Siz ham shu oqimga qo‘shilishingiz kerak, aks holda, hayotingiz qiyinlashadi."

– O‘zbekistonda ayollarga bo‘lgan munosabat ham o‘ziga xos. Misol uchun, agar yigitim yonimda turgan bo‘lsa, qaytimni unga berishadi. Ko‘pincha odamlar men bilan emas, faqat u bilan gaplashishadi. Bir gal hatto ochiq yelkam haqida gapirishdi. Bu men uchun yoqimsiz, lekin indamay qo‘ya qolaman, bu boshqa bir madaniyat. Ehtimol, madaniy xususiyatlarga yana aniq qoida va ko‘rsatmalarning yo‘qligi ham kiradi. Bankka qo‘ng‘iroq qilsangiz bir gap aytsa, borib gaplashsangiz, boshqa gap aytishadi. Hatto soliq idorasida ham kun bo‘yi kabinetma kabinet sarson bo‘lishingiz mumkin, hech kim hech narsa bilmaydi, – deydi muhojir ayol.

Yana Alina shunday ta’kidlaydi: “O‘zbeklar ham har xil bo‘ladi, dunyo kezgan yoki chet el universitetlarida o‘qiganlar ham bor, erta turmushga chiqib, urf-odat bo‘yicha yashab yurganlar ham bor, bu ikki xil dunyo. Ba’zilar bilan til topishish osonroq. Bu yerda mahalliy do‘stlar orttirdim, lekin mening atrofimda asosan Rossiyadan kelgan «muhojirlar» va bu yerda ishlaydigan boshqa chet elliklar.

– O‘zbekiston yetarlicha avtoritar davlat ekan degan taassurot qoldi. Hatto zamonaviy Rossiyadan ham ko‘proq avtoritarroq. Bu yerda konsert va festivallarni bekor qilishadi, mitinglar va namoyishlar taqiqlangan. O‘tgan yili, adashmasam, bir qiz hovuzda suzish kiyimida raqsga tushgani uchun jarimaga tortildi. Hamon din va urf-odatlar qonunlarga ko‘p aralashadi. Biz bu kabi holatlarning ko‘pidan bexabar qolamiz – chunki u kamdan-kam hollarda yoritiladi va mahalliy aholi hatto siyosiy mavzularni ham ko‘tarishni yoqtirmaydi. Hammasi yaxshi deyishadi, – deydi rus ayol.

Kelajakdagi rejalari haqidagi savolga Alina shunday javob berdi: “Albatta ketaman. Bir yil o‘tgach, deyarli barcha «relokantlar» ketishni istab qoladi – iqlim juda yomon, ekologiya yomon, tibbiyot yomon, ish yo‘q, uy hayvonlariga munosabat yaxshi emas, mentalitet hamma uchun mos emas. Infratuzilma muammolari ham bor: elektr va internet tez-tez o‘chiriladi, qishda gaz o‘chadi. Uydan ishlashga bo‘lmaydi bu. Umuman olganda, Rossiyaga qaytish niyatimiz yo‘q, boshqa joyga ketamiz. To‘g‘ri, biz bir-birimizga nisbatan qo‘pollikni juda sog‘inamiz. O‘zbekistonda barcha muammolariga qaramay, klinikada beadablik, norozi odamlar, qo‘pollik yo‘q”.

Cho‘zilib ketgan qishlash

Talaba Gleb (familiyasini aytmaslikni so‘radi) Rossiyani Alinadan biroz kechroq – 2022-yil oktabr oyida tark etgan. Uning aytishicha, «qisman» safarbarlik tufayli butun oilasi Toshkentda «qishlash»ga qaror qilgan. Natijada «qishlash» cho‘zilib ketdi – Gleb hali ham O‘zbekistonda.

– Oldin xorijda ko‘p bo‘lmagan bo‘lsam ham, ketishga qaror qilish men uchun juda oson bo‘ldi. Ikki sababga ko‘ra O‘zbekistonni tanladik. Birinchidan, o‘zbekistonlik dugonam bor, u bu mamlakat haqida ko‘p narsani bilardi. U menga moslashishga yordam berdi, barcha narsani tushuntirdi, ko‘chish men uchun jiddiy stress edi. Ikkinchi sabab – yashash uchun ruxsat olish zarurati yo‘qligi va oziq-ovqat va uy-joy narxi pastligi.

Glebning aytishicha, u hali O‘zbekiston bilan yaqindan tanishishga ulgurmagan: “Ko‘chishning o‘ziga juda ko‘p kuch sarflandi, masofadan turib ko‘p ishlashga majbur bo‘ldim, shuningdek, bitiruv yilini ham masofadan o‘tkazdim. Shu narsa o‘qishimga salbiy ta’sir qildi. Men ko‘p yurmasdim, amalda yangi tanishlar orttirmadim, ayniqsa, ichmaganim, barlarga bormaganim sababli. Menga shahar sifatida Toshkent yoqadi. To‘g‘ri, Samarqandga nisbatan diqqatga sazovor joylari unchalik ko‘p emas”.

– Ko‘pchilik rossiyaliklar O‘zbekiston iqlimidan noliydi, lekin shaxsan menga bu yoqadi. Yozda 50 daraja issiq bo‘ladi deb qo‘rqitishgandi, lekin qishda ko‘proq qiyin bo‘ldi – o‘tgan qish anomal keldi, infratuzilma uchun haqiqiy sinov bo‘lib chiqdi. Umid qilamanki, bu boshqa takrorlanmaydi. Salbiy jihat sifatida antidepressantlarni topish qiyinligi va ijara narxlarini aytishim mumkin – ular pastroq bo‘lishi mumkin edi, juda bo‘lmaganda Qozog‘iston va Gruziyadan pastroq bo‘lishi mumkin. Bu yerda hayvonlarga munosabat menga ham yoqmaydi. Hech qanday madaniy to‘siqlarni his qilmayman, fikrimcha, odamlar hamma joyda bir xil. To‘g‘ri, hali ham muloqot qilishni yaxshi bilmayman, ish va o‘qish tufayli kuchim ham, vaqtim ham yetarli emas, – deydi muhojir.

Gleb diplom ishini himoya qilish uchun Rossiyaga qaytib, keyin esa xorijda – O‘zbekistonda emas, uchinchi davlatda aspiranturaga o‘qishga kirishni rejalashtirmoqda. "Hozircha boshqa rejam yo‘q. Balki, biror sabab bilan qaytishim tezlashar yoki kechikib ketar", deydi rossiyalik yigit.

"O‘zingiznikiga aylanadi"

«Idel.Realii»ning yana bir suhbatdoshi, tataristonlik Qosim (familiyasini aytmaslikni so‘radi) O‘zbekiston va Toshkent haqida ayniqsa maqtab gapiradi. U Ukrainaga bosqin boshlangandan beri uzoq vaqt davomida bir necha bor chet elga sayohat qilgan va ko‘chib o‘tish uchun turli mamlakatlarni "yaqindan o‘rgangan".

O‘zbekiston tataristonlikka yoqib qoldi. Qosim bu mamlakatning mintaqadagi qo‘shnilariga nisbatan afzalliklari qatorida taomlari xilma-xilligi va yuqori sifatli mahsulotlar, arzon narx, yaxshiroq tibbiyot va ijtimoiy muhitning o‘ziga xosligini sanaydi – Toshkentda u o‘zini o‘z vatanidagidek his qildi. Qozog‘istonda esa to‘liq integratsiyani tasavvur qila olmaydi.

Bundan tashqari, u tatar tilini bilgani sababli o‘zbek tili unga ayniqsa oson ekanini aytadi. Tarixan tatarlarning Markaziy Osiyodagi eng yaqin qarindoshlari qipchoq tillari – qozoq, qirg‘iz va qoraqalpoq tillaridir. O‘zbek tili boshqa guruh – qarluq lahjasiga mansub, ammo Qosimning ta’kidlashicha, qadimiy yozma an’analarning mushtarakligi tufayli o‘zbekcha uning ona tiliga ayniqsa yaqin.

"Қамагани яхши, лекин урушга бормайман!" Руслар сафарбарлик ҳақида қандай фикрда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:16 0:00

"Odamlar va ularning ichki madaniyatini tushunish muhim"

O‘zbekistonga ruslarning kirib kelishi haqida gapirar ekan, mahalliy turg‘un Artur (familiyasini aytmaslikni so‘ragan) 2021-yil bilan solishtirganda Toshkent ko‘chalarida aholi tarkibi kam o‘zgarganini, ammo muhojirlar soni kam bo‘lsa ham, darhol ko‘zga tashlanishini aytadi.

– O‘tgan yil bahorida men yangi kelganlarga muayyan ehtiyojlarni qondirish – hujjatlarni tayyorlash, uy-joy topish, kerakli narsalarni sotib olish yoki hatto bolani maktab yoki bog‘chaga berishga ko‘maklashish uchun to‘liq qo‘llanma tayyorlagan tashkilotda ishladim. Ochig‘i, relokantlarga nisbatan salbiy munosabat, ayniqsa, boshida juda oz edi. Millatidan qat’i nazar, vaziyat dahshatli ekanligini hamma tushunardi. Balki bu faqat mening atrofimda shunday bo‘lgandir, lekin menimcha, deyarli hamma joyda odamlar mehmondo‘st edi”, deydi o‘zbekistonlik.

Uning aytishicha, bir yildan so‘ng vaziyat o‘zgardi: "Salbiylik paydo bo‘la boshladi. Bu qisman kelganlarning kundalik talablari bilan bog‘liq. Tabiiyki, ular farqni his qila boshlashdi – ular bu yerda hamma sharoit ham ularning uylaridagidek emasligini bilishdi. Ular bundan nolishardi. Bu ayrim mahalliy aholining g‘azabini qo‘zg‘atdi. Bu ayniqsa uy-joy ijarasi narxining keskin va sun’iy oshirilishi bo‘ldi. O‘zim ham yaqinda uy egalari talabni oshirib yuborganiga guvoh bo‘ldim. «Relokantlar» yaxshi sharoit va qulaylikka intilib, mavjud o‘rtacha narxdan yuqoriroq to‘lashga tayyor edi. Uy egalariga, albatta, bu shartlar yoqardi, shuning uchun narxlar ko‘tarildi. Ular keta boshlashiga qaramay, narxlar tushmadi.”

– Muhojirlar oqimi mehnat bozoriga ham ta’sir qildi. Ba’zida mahalliy bo‘lmagan mutaxassislarni yuqoriroq maosh bilan ishga olishadi. Ehtimol, hozir bu narsa kamaygan. Mamlakatimizda ko‘plab sohalarda odamlar va ularning ichki madaniyatini tushunish juda muhim. Yangi kelganlar orasida buning uddasidan chiqqanlar kam, deydi toshkentlik.

Umuman olganda, Artur rossiyaliklar bilan muloqotni ijobiy deb ta’riflaydi: "Men bir nechasi bilan do‘stlashdim, hatto ba’zilari bilan yaxshi do‘st bo‘ldim. Menimcha, bu yerda qolishni istaganlar bor – bu ularning shu joy haqida taassuroti ijobiyligini anglatadi. Kimdir mahalliy hiyla-nayranglarni tushunmagan bo‘lishi mumkin, lekin keyin so‘rab surishtirib bilib olishadi va moslashishadi. Imperiyacha va mustamlakachi qarashdagilarini uchratmadim. Menimcha, bu mening ijtimoiy doiram bilan bog‘liq, ular bilan asosan do‘stlarim orqali tanishganman. Ehtimol, shuning uchun potensial noqulay tanishlar bo‘lmagan”.

– Ko‘pchilik muhojirlar o‘zbek tilidagi alohida so‘zlarni o‘rganishga qiziqadi, lekin bu odatda oddiy kundalik iboralardan nariga o‘tmaydi – amalda bunga kundalik hayotda ham, ishda ham ehtiyoj sezilmaydi. Hech bo‘lmaganda Toshkentdagi vaziyat shunday. Buxoro va Samarqandda, bilishimcha, o‘zbek tili tojik va rus tiliga qaraganda kamroq qo‘llanadi, shuning uchun u yerda ham vaziyat shunday, – deydi o‘zbekistonlik.

“Relokantlar” mamlakatda uzoq qoladimi, jamiyatga to‘liq qo‘shila oladimi, degan savolga javob berar ekan, Artur shunday tushuntiradi: “Buni aytish juda qiyin, lekin menimcha, «ha»dan ko‘ra «yo‘q» ko‘proq. Bu yerda hatto mahalliy aholi ham ko‘pincha ketishni istaydi – hech bo‘lmaganda oliy ma’lumot olish uchun. Qizig‘i shundaki, ketganda ham o‘zbeklar ko‘pincha o‘zgarmay qoladi, asosan O‘zbekistonga etnik yaqin bo‘lgan va urf-odatlarga ko‘proq sodiq bo‘lganlar birlashadi. Men O‘zbekistondagi xorijliklar orasida shunga o‘xshash narsani kuzatmaganman – avvallari ular kamroq bo‘lgani uchundir balki”.

XS
SM
MD
LG