Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:22

COVID-19: AQSh Rossiyani G‘arb vaksinalari haqida qasddan yolg‘on axborot tarqatishda aybladi


G‘arb vaksinalari Rossiyaning o‘zida ishlab chiqilgan va 90 foizdan yuqori samarani ko‘rsatgan “Sputnik V” vaksinasiga raqobatchi hisoblanadi.
G‘arb vaksinalari Rossiyaning o‘zida ishlab chiqilgan va 90 foizdan yuqori samarani ko‘rsatgan “Sputnik V” vaksinasiga raqobatchi hisoblanadi.

AQSh Rossiya josuslik xizmatlarini koronavirusga qarshi G‘arbda ishlab chiqilgan vaksinalar haqida qasddan yolg‘on axborot tarqatayotganlikda aybladi. Yolg‘on axborot vaksinalarning xavfsizligi va samaradorligiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazish maqsadida tarqatilgan, deb xabar beradi “The Wall Street Journal” nashri.

AQSh Davlat departamentining Global faoliyat markazi xorijdagi dezinformatsiya – qasddan yolg‘on axborot tarqatish harakatlarini kuzatib boradi. Markazning nashrga ma’lum qilishicha, Rossiya razvedkasiga aloqasi bor, deb gumonlanayotgan to‘rtta vebsaytda G‘arb vaksinalari samarasini shubha ostiga oluvchi qator maqolalar chop etilgan.

Ushbu vebsaytlar vaksinalar haqida salbiy fikr shakllanishiga olib keladigan xabarlargagina urg‘u berib, ularning samarasi yoki xavfsizligi borasidagi ma’lumotlarni atay keltirmaydi.

G‘arb shirkatlari ishlab chiqqan vaksinalar o‘ta puxta sinovlardan o‘tkazilgan bo‘lib, ularning samarasi birida 60 foizdan, ikkitasida 90 foizdan yuqori ekanligi namoyish etilgan. G‘arb vaksinalari Rossiyaning o‘zida ishlab chiqilgan va 90 foizdan yuqori samarani ko‘rsatgan “Sputnik V” vaksinasiga raqobatchi hisoblanadi.

Global faoliyat markazi aniqlagan vebsaytlar orasida Rossiya Tashqi razvedka xizmatiga (SVR) tegishli “New Eastern Outlook” va “Oriental Review”, FXXga (FSB) tegishli “News Front” nashrlari ham bor. “News Front” Rossiya o‘ziga qo‘shib olgan Qrimda joylashgan. To‘rtinchi nashr, “Rebel Inside”, Bosh razvedka idorasiga (GRU, Rossiya harbiy razvedkasi) tegishlidir. Bu nashrlar tor yo‘nalishda bo‘lib, o‘quvchilari ko‘p emas. “New Eastern Outlook” va “Oriental Review” Yaqin Sharq, Osiyo va Afrikadagi o‘quvchilarga mo‘ljallangan. “Rebel Inside” hozircha yangilanmayapti.

AQShga tegishli ijtimoiy media kompaniyalari ushbu to‘rt vebsaytga aloqasi bo‘lgan sahifalarni o‘z platformasidan o‘chirgan.

Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya razvedkasi G‘arbda ishlab chiqilgan vaksinalar haqida dezinformatsiya tarqatayotganini inkor etgan. Uning fikricha, AQSh koronavirus davosi borasidagi bahs-munozaraga mas’uliyatni Rossiyaga to‘nkab qo‘ymoqchi.

AQSh Sovet davridan beri Rossiyani tibbiy masalalarda dezinformatsiya tarqatishda ayblab keladi, deydi ekspertlar. Jumladan, o‘z vaqtida KGB OITS kasalligi AQShning biologik qurol laboratoriyalaridan chiqib ketganligi haqida axborot huruji uyushtirgan edi.

XS
SM
MD
LG