Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:29

COVID-19: AstraZeneca shirkati YeIga va’da qilingan miqdorda vaksina yetkazib bera olmadi


AstraZeneca vakili vaksina yetkazish bilan bog‘liq muammolar sababini izohlashdan bosh tortgan.
AstraZeneca vakili vaksina yetkazish bilan bog‘liq muammolar sababini izohlashdan bosh tortgan.

AstraZeneca shirkati joriy yilning birinchi choragida Yevropa Ittifoqiga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan COVID-19 vaksinasi miqdorini qariyb 30 milliontaga qisqartirdi.

Reyter agentligi xabariga ko‘ra, shirkat Ittifoq bilan imzolagan shartnomaga binoan birinchi chorakda hozirlashi shart bo‘lgan emdorilarning uchdan bir qisminigina o‘z vaqtida yetkazib beradi. Bu esa YeIning shusiz ham oqsayotgan emlash dasturiga zarba bo‘lishi tayin.

10 - mart kuni Bryusselga yo‘llangan hujjatda bayon etilishicha, AstraZeneca mart oyi oxiriga qadar 30,1 million, aprel oyida esa yana 20 million doza vaksina yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Holbuki, kompaniya direktori Paskal Sorio 25 - fevral kuni Yevropa parlamentini mart oyi oxiriga qadar 40 million doza vaksina yetkazilishiga ishontirgan edi.

Shirkat yanvar – mart oylari davomida YeIga atigi 34 million doza emdori yetkazishni ma’lum qilgan. Bu esa shartnomada ko‘rsatilgan 90 million dozaning yarmi ham emas.

O‘tgan hafta Italiya hukumati va Yevropa Komissiyasi AstraZeneca vaksinalarini Italiyadan Avstraliyaga eksport qilishni taqiqlash to‘g‘risida qaror chiqarishga majbur bo‘ldi.

Shirkat vakili vaksina yetkazish bilan bog‘liq muammolar sababini izohlashdan bosh tortgan.

Vaziyat bilan yaqindan tanish manbaga ko‘ra, shirkat vaksinalarni global miqyosda tashishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli so‘zi ustidan chiqa olmayotir.

Avvalroq shirkat mahsulot yetkazishdagi dastlabki uzilishlarga YeI hududida ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lganini aytgan edi.

Payshanba kuni kechqurun YeI sanoat komissari Tyerri Breton AstraZeneca shirkati haqida Twitter platformasida “Men harakat ko‘ryapman, lekin u yetarlicha darajada qat’iy harakat emas”, – deb yozdi.

AstraZeneca YeI bozorini qisman AQShdan olib kelingan vaksinalar bilan ta’minlashni rejalashtirgan edi, ammo Vashington yaqin kelajakda emdorilar eksport qilinmasligini bildirgan.

Shartnomaga binoan, shirkat dekabrdan iyungacha Ittifoqni 300 million doza vaksina bilan ta’minlashi kerak edi. Bryussel joriy yil yanvar oyi oxirida AstraZeneca vaksinasini oshig‘ich ravishda tasdiqlagani ham bejiz emas.

Qayd etilganidek, shirkat aprel oyida YeIga 20 million doza emdori yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Ularning asosiy qismi uch yirik mamlakat – Germaniya (6 million doza, umumiy buyurtmaning 19 foizi), Fransiya (4,7 million doza, umumiy buyurtmaning 15 foizi) hamda Italiya (4,4 million doza, umumiy buyurtmaning 14 foizi) o‘rtasida taqsimlanadi.

XS
SM
MD
LG