Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:09

COVID-19: Dunyoda koronavirusga qarshi emlash jarayoni qanday ketmoqda?


Hindiston COVID-19 virusiga qarshi dunyodagi eng yirik emlash jarayonini boshlamoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, 12 - yanvar kuni Hindiston havo yo‘llari vaksinalarni mamlakatning turli hududlariga yetkazib berishni boshlagan. 16 - yanvar kuni boshlanishi kutilayotgan jarayonda ja’mi 1,3 milliard hindistonliklarning koronavirusga qarshi emlanishi kutilmoqda.

Hindiston rasmiylari kelayotgan 6-8 oy mobaynida koronavirusdan zararlanish ehtimoli katta bo‘lgan 300 million odamning emlanishiga umid qilishmoqda. Ularga ko‘ra, birinchi bosqichda 30 million sog‘liqni saqlash va boshqa asosiy ijtimoiy soha xodimlari, undan keyin esa 270 millionga yaqin 50 yoshdan oshgan yoki sog‘lig‘ida muammo bo‘lgan odamlarga vaksina taklif etiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Hindistonda AstraZeneca-Oksford vaksinasining o‘n millionlab dozasi zaxirasi hozirlangan, 96 ming nafar sog‘liqni saqlash xodimi emlash uchun tayyorgarlikdan o‘tgan.

Hindiston koronavirus yuqtirganlar soni bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda
Hindiston koronavirus yuqtirganlar soni bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda

Hindiston koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda. 12 - yanvar holatiga virusni yuqtirganlar soni 10 yarim millionga yaqinlashgan. Qo‘shma Shtatlardan farqli Hindistonda virus tarqalish jarayoni sekinlashgani kuzatiladi.

Umid va xavotirlar

Koronavirusning Britaniyada paydo bo‘lgan va hozirning o‘zida 30 dan ortiq davlatda tarqalgan yangi turi emlash jarayonini yanada tezlashtirish masalasini kun tartibga qo‘ygan. Dunyo bo‘ylab siyosatchilar yaqin kelajakda odatiy hayotga qaytishga va’da berarkan, emlash jarayonlarining kutilganidan sekinroq borayotgani xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Yetarli dozadagi vaksinani yetkazib berishdan tortib, emlash jarayoni infratuzilmasigacha bo‘lgan muammolar ekspertlarni xavotirga solgan.

Yevropa va AQShda Moderna va Pfizer-BioNTech vaksinalari bilan emlash jarayoni sust bormoqda. Vaksinani ko‘p miqdorda yetkazib berishga moliyaviy-texnik yetishmovchiliklar sabab bo‘lmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining immunizatsiya bo‘yicha direktori Keyt O'Brayan 7 - yanvar kuni oz daromadli mamlakatlar uchun mo‘ljallangan COVAX emlash loyihasi doirasida joriy oyda koronavirusga qarshi vaksinalarni yetkazib berish jarayoni boshlanishini bildirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “COVAX” (Koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga 170 dan ortiq mamlakat qo‘shilgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston ham bor. Shuningdek, loyiha ko‘plab nomzod vaksinalar, jumladan ba’zi mamlakatlarda allaqachon tasdiqlangan AstraZeneca/Oksford va Moderna vaksinalarini o‘z ichiga oladi.

Ayrim mutaxassislar koronavirusga qarshi emlash jarayonining haddan tashqari siyosiylashtirilayotganidan tashvishda.

JSST: 2021da jamoaviy immunitet paydo bo‘lmaydi

Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo davlatlari emlash jarayonini tezlashtirgan holatda ham, 2021 - yilda COVID-19ga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lmasligini bildirdi.

“Vaksina aholining eng zaif qatlamlarini himoya qilgan taqdirda ham biz 2021 yilda umumiy yoki jamoaviy immunitet paydo bo‘lishiga erisha olmaymiz. Ayrim hududlarda paydo bo‘lgan immunitet butun dunyodagi odamlarni himoya qila olmaydi”,-dedi 11 - yanvar kuni JSST bosh ilmiy xodimi Sumya Svaminatan.

Bir necha oylik cheklov choralariga qaramasdan Yevropa, Amerika va Osiyoda virusning tarqalish kuchi butunlay yo‘q bo‘lmadi. Ayni paytda mamlakatlar pandemiyani to‘xtatish uchun aholining keng qatlamini ommaviy emlash harakatidadir.

JSSTning bildirishicha, virusga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lishi uchun aholining kamida 70-80 foizi emlanishi zarur.

Rossiya va Xitoy vaksinasini ko‘ngillilarda sinayotgan O‘zbekistonda emlash jarayonlarining aniq sanasi hozirgacha e’lon qilinmagan. O‘tgan yil oxirida rasmiylar O‘zbekiston COVAX dasturi bo‘yicha 2 million doza vaksinaga ariza berganini aytgan. Xabarlarga ko‘ra, dasturga a’zo 190 davlatga emlash vositalari 2021 - yil bahoridan yetkazib berilishi mumkin. O‘zbekiston rasmiylari birinchi bosqichda 65 yoshdan kattalar va sog‘liqni saqlash hamda ta’lim xodimlari emlanishini aytgan.

Britaniyadagi emlash jarayonlari

Britaniya fevral oyining o‘rtalariga qadar 15 millionga yaqin odamni koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasi bilan emlashni rejalayapti. Bahorga qadar yana o‘n millionlab odam emlanadi. Mamlakat rasmiylar emlash kampaniyasi virus tarqalishi oldini olish uchun joriy qilingan cheklovlarni ertaroq bekor qilishga zamin yaratishiga umid qilmoqdalar.

Bugunga qadar taxminan 2,3 million britaniyalik birinchi dozani olgan, qariyb 400 ming odam esa buster-doza, ya’ni ikkinchi dozani olgan. Bu haqda dushanba kuni Britaniya hukumati ma’lum qildi.80 yoshdan oshganlarning qariyb 40 foizi va qariyalar uylarida yashayotganlarning deyarli chorak qismi birinchi dozani olgan.

Britaniya dunyoda koronavirusga qarshi vaksinani ma’qullagan birinchi davlat bo‘lgan
Britaniya dunyoda koronavirusga qarshi vaksinani ma’qullagan birinchi davlat bo‘lgan

Hukumat o‘z oldiga qo‘ygan rejaga erishishi uchun 15 - fevralga qadar haftasiga 2,5 million odam emlanishi kerak bo‘ladi.

Birinchi kim emlanadi?

  • Keksa yoshdagi qariyalar uyi turg‘unlari va ularni qaraydiganlar
  • 80 yoshdan oshganlar va sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam xizmatlari xodimlari
  • 75 yoshdan oshganlar
  • 70 yoshdan oshganlar va klinik jihatdan zaif odamlar

Dastlabki ikki guruh vaksina olishni boshladi.

Dushanba kuni yettita ommaviy emlash markazi o‘z faoliyatini boshladi. Ular konferensiya o‘tkaziladigan joylarda, futbol stadionida va ippodromda uyushtirildi.

Joriy hafta davomida shifoxonalarda va dorixonalarda ko‘proq markazlar ochiladi va mamlakatdagi emlash markazlari soni 1 200 ga yetadi. Oy oxiriga qadar Buyuk Britaniyada 2 700 dan ortiq emlash markazi yo‘lga qo‘yiladi.

Angliyada har bir fuqaro emlash markazdan ko‘pi bilan 10 mil uzoqda bo‘lishi kerak. Aholi kam yashaydigan joylarda esa ko‘chma emlash guruhlari uyushtiriladi.

Qaysi vaksinalar?

Buyuk Britaniya Pfizer va BioNTech shirkatlari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinaning 40 million dozasiga buyurtma bergan. Aholini mazkur vaksina bilan emlash jarayoni 8 - dekabr kuni boshladi.

Ushbu vaksina -70°C daraja haroratda saqlanishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, uni oddiy muzlatgichda besh kungacha saqlash mumkin.

Buyuk Britaniya, shuningdek, Oksford universiteti AstraZeneca shirkati bilan hamkorlikda ishlab chiqqan vaksinaning 100 million dozasiga buyurtma berdi. Ushbu vaksina arzonroq bo‘lib, uni tashish va saqlash ham ancha osondir. Mazkur vaksina bilan emlash 4 - yanvar kuni yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan haftada mamlakatda Moderna shirkati vaksinasi ham tasdiqlandi, ammo vaksina dozalari o‘z manziliga yetib borgunicha bir necha hafta kerak bo‘ladi.

Umuman olganda, Britaniya hukumati 367 million dozada yetti xil vaksinaga buyurtma berdi.

Vaksina dozasi

Pfizer va AstraZeneca vaksinalari ikki dozali vaktinalardir. Buyuk Britaniya hukumati ko‘rsatmasiga ko‘ra, ikkinchi dozani birinchisidan keyin 12 haftagacha bo‘lgan muddatda olish mumkin. Pfizer esa ikki dozani 21 kun farq bilan olishni tavsiya qilgan.

Britaniya Sog‘liqni saqlash xizmati rahbari so‘zlariga ko‘ra, Pfizer vaktinasining birinchi dozasini olgan shaxsda 12 kundan keyin vaksina samaradorligi 90 foizni tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG