Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2020, Тошкент вақти: 02:39

COVID-19: Yevropada kuniga 240 mingdan ziyod odam koronavirusga chalinmoqda


Koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlangan Britaniya karantin choralari muddatini uzaytirishni rejalashtirmoqda

Britaniya COVID-19 tufayli halok bo‘lganlar soni eng yuqori bo‘lgan Yevropa davlatidir. Bugunga qadar mamlakatda 46 mingdan oshiq odam koronavirus infeksiyasi tufayli nobud bo‘ldi. Ayni damda kuniga 20 mingdan oshiq odam virusga chalinmoqda.


1 - noyabr kuni Britaniya Vazirlar kabineti kotibligi rasmiysi Maykl Gouv mamlakatda joriy qilingan cheklovlar bir oydan uzoqroq muddatga cho‘zilishi mumkinligini tasdiqladi.

«Hozir chora ko‘rmasak, vaziyat [Milliy salomatlik xizmati] birortamiz toqat qila olmaydigan darajada mushkul ahvolga tushib qoladi, deb aniq ayta olamiz», - dedi Gouv Sky News telekanaliga bergan intervyusida.

Aholiga faqat muhim mollarni xarid qilish, muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilish, maktabga yoki tibbiy muassasaga borish, yoinki ishlash yoki jismoniy mashq qilish uchun uydan chiqishga ruxsat beriladi.

Muhim do‘konlar, maktablar va universitetlar ishlashda davom etadi, ammo pablar va restoranlar yopiladi. Barcha muhim bo‘lmagan chakana savdo markazlari ham yopiladi.

Virus yana tez suratda tarqala boshlagani uchun Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida ham shunga o‘xshash cheklovlar joriy qilindi.

Portugaliya, Gretsiya va Avstriyada kelgusi haftadan Britaniyadagi kabi karantin choralari joriy qilinadi.

Koronavirus statistikasini olib borayotgan AQShdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotida qayd etilishicha, jahonda koronavirus yuqtirganlar soni 46 milliondan oshdi va ulardan 1,2 milliondan ortig‘i vafot etdi.

Fransiyada 30 - oktabr kuni umummilliy karantin joriy qilindi.

Yevropada kuniga 240 mingdan oshiq virusga chalinish holatlari qayd etilmoqda. 14 ta Yevropa davlatida shifoxonaga yotqizilayotgan bemorlar soni rekord darajaga yetdi.

Belgiyada 2 - noyabr kuni karantin boshlanadi. Ayni kunda Germaniyada ham cheklovlar kuchga kiradi.

Belgiya vaziyat eng og‘ir Yevropa davlati bo‘lib, mamlakat shifoxonalari bemorlarga to‘lib ketgani xabar qilinmoqda. Hafta boshida hukumat barcha bar, kafe va restoranlarni yopishni buyurdi tunda komendant soatini joriy qildi.

Cheklovlarni kuchaytirgan davlatlar qatorida Italiya, Ispaniya, Chexiya va Polsha ham bor.

Hafta davomida Italiya va Ispaniyada yangi cheklovlardan norozilar politsiya bilan to‘qnashdi.

Slovakiya pandemiyaga qarshi yangi taktikani boshladi va bir necha hafta ichida 4,5 million aholisining har biridan analiz olgan birinchi mamlakat bo‘lishga harakat qilmoqda. Bu maqsadga erishish uchun 45 mingga yaqin tibbiyot xodimi hamda armiya va politsiya ishchilari jalb qilindi.

Xabarlarga ko‘ra, 31 - oktabr kuni Slovakiyada 2,6 million test o‘tkazilgan. Analiz topshirganlarning taqriban 1 foizida virus aniqlangan.

Rossiyada esa yangi antirekord qayt etildi. Mamlakatda 1 - noyabr kuni 18 655 nafar odamda koronavirus aniqlandi. Bu bilan Rossiya bo‘ylab koronavirus yuqtirganlarning umumiy soni 1,6 milliondan oshdi. Mamlakatdagi virusga chalinish holatlarining choragi Moskvada qayd etilgan.

Virusga chalinganlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda borayotgan AQShda esa kuniga 1 mingga yaqin odam nobud bo‘lmoqda. 30 - oktabr kuni mamlakatda virus yuqtirganlar soni 9 millionga yetdi. Bu AQSh aholisining 3 foiziga teng keladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda bugunga qadar 230 mingdan oshiq odam COVID-19 tufayli nobud bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG