Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:20

"Darya otasining o‘rniga o‘ldi”. FSB Duginaning qotilini topdimi?


Aleksandr Dugin qizi Darya Duginaning dafn marosimida. Moskva viloyati, 23-avgust, 2022
Aleksandr Dugin qizi Darya Duginaning dafn marosimida. Moskva viloyati, 23-avgust, 2022

O‘ng radikal faylasuf va “rus dunyosi”ning g‘oyaviy otasi sifatida ko‘riladigan Aleksandr Duginning qizi Darya Dugina boshqaruvidagi avtomobil portlab ketganidan ikki kun o‘tib Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX – FSB) qotillikni fosh etganini e’lon qildi.

FSB jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlangani va sodir etilganini iddao qilmoqda. Gumondor – Ukraina fuqarosi, 1979-yilda tug‘ilgan Natalya Vovk. FSB talqiniga ko‘ra, u 12 yashar qizi bilan birga Rossiyaga kelib, Moskvada Dugina yashagan uyda ijarada turgan. 20-avgust kuni u ota-bola Duginlar ishtirok etgan “Traditsiya” festivalida bo‘lgani aytilmoqda.

21-avgustda Rossiya Tergov qo‘mitasi “ijtimoiy xavfli usulda qotillik qilish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochdi, uni yuritish qo‘mita markaziy apparatiga o‘tkazildi. Shundan so‘ng ayrim tafsilotlar ochiqlandi: go‘yo, bomba mashina tagiga – haydovchi o‘rindig‘i tarafdan yopishtirilgan bo‘lgan va go‘yo, Aleksandr Dugin ham shu avtomobilda qaytishi kerak bo‘lganu so‘nggi daqiqada boshqa ulovga o‘tirgan emish.

Darya Dugina bilan hamkorlik qilgan “Sargrad” telekanali, shuningdek RT bosh muharriri Margarita Simonyan voqeadan bir necha soat o‘tib qotillikni Ukraina maxsus xizmatlariga to‘nkadilar va Kremlni Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari – Ukraina prezidenti ma’muriyati, Xavfsizlik xizmati va Mudofaa vazirligiga zarba berishga chaqirdilar. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa ushbu qotillikda “Ukrainaning qo‘li borligi isbotlangudek bo‘lsa, bu Kiyev rejimining davlat terrorizmi siyosatidan darak” ekanini aytdi.

Prezident ofisi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak qotillikka Ukrainaning daxli yo‘qligini urg‘uladi. “Biz Rossiya singari jinoyatkor davlat emasmiz, terrorchi davlat-ku inchunun”, dedi mulozim. Uning fikricha, Darya Dugina o‘limi Rossiyaning chinakam safarbarlik o‘tkazish xohishi yoki siyosiy guruhlarning mamlakat ichidagi mafkuraviy makonni qayta taqsimlash uchun kurashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

22-avgust kuni Darya Dugina o‘limini Milliy respublikachilar armiyasi o‘z bo‘yniga olgani ma’lum qilindi. “Sova” axborot-tahlil markazi rahbari Aleksandr Verxovskiy mazkur guruh haqida shu choqqacha hech nima ma’lum emasligini aytdi: “Bu haqda ilk bor kuni kecha Ilya Ponomaryovdan (Davlat dumasi sobiq deputati, Ukrainada yashaydi – Ozodlik) eshitdim. Ochig‘i, shunaqa tashkilot borligiga amin emasman. Ehtimol, rostdan ham mavjuddir, lekin u haqida hech nima bilmaymiz”.

Darya Dugina otasining maslakdoshi bo‘lib, “Ukrainaga qarshi yolg‘on ma’lumotlar tarqatgani uchun” u bilan birga Buyuk Britaniya va Avstraliya sanksiyalariga yo‘liqqan. Darya hukumatparast va propagandachi OAVlarda maqolalar chiqarar, gohida Ukrainaning Rossiya bosib olgan hududlariga safar qilardi. Otasi Aleksanr Dugin “russkiy mir”ning mafkuraviy rahnamolaridan biri, Ukrainaga qo‘shin kiritish va uni tamoman zabt etish tarafdoridir. Rossiya boshlagan mazkur urush Dugin g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga urinish o‘laroq baholanadi.

Darya Dugina o‘limiga sabab bo‘lgan portlash voqeasi asl nishon uning otasi bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. “U Rossiyani Xitoy bilan birga AQShga qarshi ittifoq tuzish, qolaversa, “arxeomodern” konsepsiyasi negizida va Putin rahbarligida qudratli “konservativ inqilob” yasash bilangina qutqarish mumkin, deb biladi. Bunaqa ulug‘vor tarixiy missiya Putinga xush yoqardi – u ko‘p yillar Duginga ishondi va uning tili bilan gapirib yurdi. Dugin orzu qilgan “konservativ inqilob” esa Ukraina ustidan qozonilajak “muzaffarona urush” va G‘arb bilan butkul orani uzishdan boshlanishi kerak edi”, deydi ukrain siyosatshunosi Viktor Nebojeko.

Rossiya va Ukrainadagi radikal harakatlar bo‘yicha ekspert Anton Shexovsev Darya Duginani “otasining kichik nusxasi edi”, deya ta’riflaydi: “Qaysidir ma’noda u mini-Dugin edi, ammo otasida bor nufuzning yuzdan biriga ham erishmagan bo‘lsa-da, uning izidan ketayotgandi. Qizgina, otasiga o‘xshab G‘arbga, AQShga, Ukrainaga qarshi propaganda hamda axborot urushi bilan shug‘ullanardi. Menimcha, Darya otasining o‘rniga o‘ldi”.

Viktor Nebojenko Darya Duginaning o‘limi hozirdanoq Rossiyada hokimiyat almashuvini xayol qilayotgan va o‘z farzandlarini Vladimir Putinga merosxo‘r o‘laroq ko‘rayotgan kishilarni sergak torttirishi lozim, deb hisoblaydi. “Fahmimcha, Putinning tevaragida G‘arb va Ukraina bilan murosa qilish tarafdori bo‘lmish “tinchlikparvar” kuchlar bilan Duginga o‘xshagan “qirg‘iylar” o‘rtasida qattiq kurash kechmoqda. Patrushev, Shoygu va Dugin Ukraina va G‘arb bilan g‘alabaga qadar urushish, oqibatlaridan cho‘chimagan holda har qanday qurolni, kerak bo‘lsa yadro qurolini ishga solishni talab qilishadi. “Tinchliksevar” guruh urushqoqlarning g‘oyaviy rahbarini yo‘q qilishga urinib o‘z mavqeini mustahkamlamoqchi bo‘lgan”, deya mulohaza qiladi Nebojenko.

Anton Shexovsev Aleksandr Dugin oilasiga berilgan zarba kim uchun foydali bo‘lgani xususida shunday deydi:

“Bundan kim manfaat ko‘rishini aytish qiyin. Rossiyada Putin rejimiga qarshi partizarlik harakati bor, deyishadi. Agar bu rost bo‘lsa, Dugin fashizm ideologi, Kremlning afsonalashtirilgan mafkuraviy padari sifatida ular uchun legitim nishon bo‘la oladi. Binobarin, bu ehtimolni istisno etmayman. Qotillikni Kremldagi guruhlardan birining rejasi deydigan bo‘lsak, bu Ukrainadagi urushning eskalatsiya bo‘lishi tarafdorlarigagina foydali bo‘ladi”.

Anton Shexovsevning fikricha, Aleksandr Dugin Kremlning ideologi sanaladi va ramziy nishon o‘laroq ahamiyatga ega, biroq uning o‘limidan Ukraina ko‘p narsa yutadi, deb aytish qiyin.

"Dugin birinchi, ikkinchi yoki hatto uchinchi darajali nishon ham bo‘la olmaydi. Ha, u legitim nishon, lekin muhim emas", deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG