Davlat dumasi Rossiya fuqaroligini olgan xorijliklar uchun armiyadagi xizmat muddatini ikki yilgacha uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, ularga nisbatan chaqiruv yoshini ko‘tarish ham taklif qilinmoqda. Bu haqda Rossiya parlamenti quyi palatasi telegram-kanali ma’lumot tarqatdi.
Bunga oid tegishli tuzatishlarni bahorgi sessiya yakunigacha, ya’ni 5-avgustgacha ko‘rib chiqish rejalangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin muhojirlarni harbiy qayddan o‘tkazish tashabbusini ham tayyorlashni taklif qilgan.
“Rossiya fuqaroligiga qabul qilish sharti etib harbiy qaydga qo‘yish bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda, bu ish pasport olish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi”, deyilgan Davlat dumasi matbuot xizmati xabarnomasida.
Qonunchilikka o‘zgartishlar ustida quyi palata raisining o‘rinbosari Irina Yarovaya va deputat Aleksandr Xinshteyn ish olib boradi.
Qayd etish joizki, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, hozirda bu mamlakatda armiyaga chaqirilgan fuqarolarning harbiy xizmat muddati 1 yilni tashkil etadi.
Joriy yilning yanvar oyida Putin Ukrainaga jang qilishga otlanajak xorijliklarga Rossiya fuqaroligini berish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.
Rossiyada vaqti-vaqti bilan migrantlarga qarshi reydlar o‘tkazib turilibdi: ularni bozorlardan, qurilish maydonlaridan, yotoqxonalardan, masjidlardan va boshqa jamoat joylaridan tutib ketishyapti. Kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari harbiy komissariatlar vakillari bilan birgalikda reydlar uyushtirishib, migrantlarga qo‘lga tushgan joyida chaqiruv qog‘ozi taqdim etishmoqda yoki o‘sha zahotiyoq ularni voyenkomatlarga olib ketishyapti.
Iyun oyida Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin huquq-tartibotchilar yaqinda Rossiya fuqaroligini olgan va harbiy qaydda o‘tmagan 30 mingdan ziyod kishini “ovlagan”ini aytgan. Mulozimga ko‘ra, tutib ketilganlardan 10 ming nafari frontga yo‘llangan.