Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2021, Тошкент вақти: 15:59

Davlat xizmatchilari Mirziyoyev kambag‘allarga va’da qilgan yordamni o‘z cho‘ntagidan berishga majburlanmoqda


Saylovlar yilida prezident Mirziyoyev kambag‘al oilalarga maktabga chiqadigan har bir bola uchun 500 ming so‘mlik yordam puli berishni va’da qilgan.

Ozodlikka Qashqadaryodan kelgan xabarga ko‘ra¸ davlat tashkilotlari rahbar va xodimlari kambag‘al oilalarga 500 ming so‘mdan pul berishga majburlanmoqda.

Bu majburlash Shavkat Mirziyoyevning kambag‘al oilalarga o‘quv yili boshlanishidan oldin moddiy yordam ajratish va’dasi doirasida kuzatilmoqda.

Prezidentning 13 - iyul kungi farmoniga ko‘ra¸ 2021 - yilning avgust oyida “temir daftar”ga kiritilgan kambag‘al oilalarga bolalarini maktabga hozirlash uchun bir martalik 500 ming so‘mlik yordam berilishi kerak.

Ayni xabarlarda¸ yordamni o‘z cho‘ntagidan to‘layotgan davlat xizmatchilariga pul berilganlardan hukumat va prezident nomiga “tashakkurnoma” yozdirib olish ham buyurilgani ham aytilmoqda.

Bu jarayonning boshqa viloyatlarda ham kuzatilayotganiga oid ma’lumot hozircha Ozodlikda yo‘q. Qashqadaryo viloyat hokimligi¸ Mahalla vazirligidan bu jarayon bo‘yicha izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Viloyat hokimligiga bog‘lanish uchun berilgan telefon raqamlari faksga ulangan bo‘lsa¸ Mahalla vazirligi Ozodlik yuborgan savollarga hozircha javob bermadi.

“Temir daftar”chilarga biriktirilgan “oltin daftar”?

Shavkat Mirziyoyevning 13 - iyul kungi 6260-sonli farmoni “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlangan.

Unda 2021 - yil avgust oyida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish buyurilgan.

Mirziyoyev farmonida bu buyruq ijrosi uchun shahar va tuman hokimlari¸ sektor rahbarlari va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari mas’ul etib tayinlangan.

Yordamning “Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan” ajratilishiga oid farmon bandini Mirziyoyev 30 - iyul chiqargan boshqa bir qarori bilan o‘zgartirdi. 5204-sonli qarorga ko‘ra¸ kambag‘alning maktabga chiqadigan har bir bolasiga beriladigan 500 ming so‘mlik yordam xarajatlarini

respublika byudjeti mablag‘lari;

byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va boshqa organlardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan farzandlariga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan bolalarga bir martalik moddiy yordam pullarini to‘lash xarajatlari — byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda vazirlik va idoralarga ajratilgan byudjet mablag‘lari”dan olish buyurildi.

Mazkur qarorning Qashqadaryo viloyatidagi ijrosiga oid Ozodlikka kelgan hujjatlar 500 ming so‘mlik yordam xarajatlarining oylikka yashab kelayotgan davlat tashkilotlari rahbar va xodimlari zimmasiga yuklatilganini ko‘rsatadi.

Ulardan biri¸ Qamashi tuman hokimi Botir Tog‘ayev tuzgan maxsus ro‘yxat.

Bu ro‘yxatga tuman hokimligi tomonidan “temir daftar”ga kiritilgan nochor oilalar yashash manzili¸ ularning 18 ga to‘lmagan bolalari soni va telefon raqamlari kiritilgan. Ayni paytda ro‘yxatda 6260-farmon bo‘yicha “temir daftar”dagi nochorlarga bir martalik yordam puli berish buyurilgan davlat tashkiloti rahbarlari nomlari ham bor. (Bu ro‘yxatda fuqarolarga oid shaxsiy ma’lumotlar borligi bois e’lon qilinmayotir – tahr.)

Kambag‘al oilalarga 500 ming so‘mdan pul tarqatish buyurilganlar orasida Xalq ta’limi¸ Maktabgacha ta’lim bo‘limlari¸ Tibbiyot birlashmasi rahbarlari ism-familiyalarini ko‘rish mumkin.

Ro‘yxatda 62 mahallada yashovchi kambag‘al oilalar va ularga biriktirilgan 40 ta davlat tashkilotini ko‘rish mumkin.

Tuman hokimi ro‘yxatdagi davlat xizmatchilariga o‘z cho‘ntagingdan “temir daftar”dagilarga 500 ming so‘mdan berasan¸ deb buyruq qilyapti. Shu ikki-uch kun ichida berib chiqishimiz kerakmish. Biz o‘zi 2 million oylikka oila boqayotgan bo‘lsa¸ o‘zimizning bolamizni maktabga tayyorlaylikmi yoki boshqalarnikini? Farmonda “davlat byudjeti” hisobidan deb katta qilib yozib qo‘ygan-ku! Prezident byudjetda pul bor-yo‘qligini bilib-bilmay, farmon chiqaradimi yoki byudjetdan berilgan pullarni o‘zlari eb bitiryaptimi?”¸ deydi ro‘yxatga kiritilgan tashkilot mas’ullaridan biri.

Tashakkurnoma

Ozodlikka bog‘langan qamashilik davlat mulozimlaridan biri “temir daftar”dagi oilalarga 500 ming so‘mdan pulni o‘z hisobidan berishga majburlangan holda pulni olgan oilalardan hukumat¸ xususan¸ Mirziyoyevga "Tashakkurnoma" yozdirib olish ham topshirilganini bildirdi.

Kambag‘allarga biriktirilgan davlat mulozimlariga Qamashi tuman hokimligidan yuborilgan buyruqda bu “tashakkurnoma”ni qanday yozdirish yo‘riqlari ham ko‘rsatilgan.

Hurmatli rahbarlar 500 ming xayriya qilgan oilangizdan shu ko‘rinishda TASHAKKURNOMA xam oling xat boshiga uzingizning nomingizga yozdirib oling olingan TASHAKKURNOMANGIZ xalq qabulxonasi orqali tizimga joylashtiriladi” (imlo o‘zgarishsiz qoldirildi – tahr.)

Bu buyruqqa TAShAKKURNOMA namunasi ilova qilingan.

Uning tepa qism o‘ng tomonida 500 ming so‘mni bergan davlat tashkiloti rahbari nomi va “tashakkur bildiruvchi” nochor oila vakili nomi va manzili yozilgan.

Pastiga quyidagi so‘zlar yozilgan:

Men O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5204 sonli 30 - iyul 2021 - yildagi qaroriga asosan 500.000 (besh yuz ming so‘m) miqdoridagi moddiy yordamni oldim. Buning uchun hukumatimizaga minnatdorlik bildiraman va tashakkur bildiraman”.

Qo‘lda yozdirilgan bunday TASHAKKURNOMA ostida “temir daftar”dagi oila vakilining imzosi va mobil telefon raqami yozib qo‘yilgan.

Namuna sifatida foydalanish uchun yuborilgan TASHAKKURNOMAdagi “hukumatimizaga” degan so‘z bu namunaning Toshkentdan yuborilganiga oid taxminga asos bo‘ladi.

Ozodlik gaplashgan qashqadaryolik mulozim joylarda bunday TASHAKKURNOMAning shaxsan prezident nomiga yozdirilayotganini qo‘shimcha qildi.

Ozodlik Qashqadaryo viloyati hokimligi telefon raqamlariga kun davomida qo‘ng‘iroq qildi. Ularning hammasi faksga ulangani bois viloyat mulozimlaridan birortasi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Qamashi tuman hokimi Tog‘aev va uning o‘rinbosarlari mobil telefonlariga ham hech kim javob bermadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati bu ma’lumotni o‘rganib¸ javob berishni bildirdi. Hozircha bu javob kelmadi.

XS
SM
MD
LG