Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:37

“Demokratiya bayrami tugadi”: AQShdagi tartibsizliklarni Rossiyadagi ba’zilar xursandchilik bilan qarshi oldi


Politsiya xodimi Kapitoliy binosi oldida Tramp tarafdori bo‘lgan namoyishchini hibsga olmoqda - Vashington, 6 -yanvar, 2021
Politsiya xodimi Kapitoliy binosi oldida Tramp tarafdori bo‘lgan namoyishchini hibsga olmoqda - Vashington, 6 -yanvar, 2021

Vashingtondagi hodisalar, AQSh prezident saylovining tartibsizliklar bilan tugashi ayrim rossiyaliklar uchun xursandchilikka sabab bo‘ldi: “Amerika yo‘ldan ozdi, demak yo‘l ko‘rsatishga ham haqqi qolmadi”.

Boshqalar esa, Amerika demokratiyasi zo‘ravonliklar bilan qorishib ketganidan afsusda; ularning nazdida prezident Donald Tramp tarafdorlari uning ketishiga yo‘l bermagani Rossiyadagi “chirigan rejimning propagandasi uchun katta sovg‘a”.

AQShda Jo Baydenning saylovdagi g‘alabasini tasdiqlash jarayonini qisqa muddatga to‘xtatib qo‘ygan siyosiy mashmashalar Moskvada endi aks-sado bermoqda. Moskva va butun Rossiyada ikki haftalik ta’til davom etarkan, rus tanqidchilari, ekspertlar va Amerika siyosatining shaydolari ushbu mashmashalarni tahlil qila boshladi.

Kreml tarafdorlariga ko‘ra, AQShdagi tartibsizliklar ruslar uchun barqarorlik va farovonlikni, o‘zi uchun esa hokimiyatdagi davomiylikni ta’minlagan prezident Vladimir Putinning foydasiga ishlaydi.

“Demokratiya tantanasi o‘z nihoyasiga yetdi,” deb yozdi o‘zining Feysbuk sahifasida parlamentning yuqori palatasi bo‘lmish Federatsiya Kengashining tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Konstantin Kosachev.

Davlat Dumasi Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy - 21 - mart, 2018
Davlat Dumasi Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy - 21 - mart, 2018

“Bu aslida, eng tuban nuqtadir. Men buni aslo xursand bo‘lib yozmayapman. Amerika bundan buyon yo‘lni belgilamaydi va demak yo‘l ko‘rsatishga hech qanday haqqi qolmadi. Boshqalarga so‘zini o‘tkazishni gapirmayapman ham”.

“AQSh endi o‘z saylov me’yorlarini boshqa davlatlarga o‘tkaza olmasligi, dunyoda “demokratiya mayog‘i” bo‘lishga da’vo qilolmasligi aniq”, deya dan iqtibos keltirdi RIA Novosti agentligi .

Duma raisining o‘rinbosari Andrey Klimov esa ruslarning eski iddaolarini yana bir bor tilga oldi. Unga ko‘ra, o‘tgan yigirma yilda Ukraina, Gruziya va Qirg‘izistonda hukumatlarni ag‘dargan “rangli inqiloblar” sifatida bilingan xalq qo‘zg‘olonlarining bari AQSh tomonidan dastaklangan.

“Rangli inqiloblar bumerangi AQShning o‘ziga qaytayapti. Bularning bari Amerika hokimiyat tizimida inqirozga olib kelishi mumkin”, deydi Klimov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining tili “zahar”ligi bilan tanilgan rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa, AQSh siyosiy tizimi “eskirganligini” ta’kidladi.

“Bu Qo‘shma Shtatlarning ichki ishi”, dedi Zaxarova TASS agentligiga bergan bayonotida.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova - 29 - oktabr, 2020
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova - 29 - oktabr, 2020

“Shu bilan birga, biz AQSh saylov tizimi ancha eskirganligiga diqqatni jalb qilmoqchimiz. U zamonaviy demokratik andozalarga javob bermaydi, qator qonun buzilishlariga imkon yaratadi. O‘z navbatida Amerika matbuoti ham siyosiy kurash vositasiga aylangan” deydi Zaxarova.

Davlat nazoratidagi RT telekanali rahbari esa AQSh endi hech qachon demokratiya namunasi bo‘lolmasligi haqidagi taasuflarga istehzo bilan javob berdi. “U hech qachon namuna bo‘lmagan. Sizlar buni ko‘rishingiz uchun faqat kerak bo‘ldi, xolos”, deb yozdi Margarita Simonyan Tvitter sahifasida.

Prezident Putin va RT bosh muharriri Margarita Simonyan
Prezident Putin va RT bosh muharriri Margarita Simonyan

Kremlga sovg‘a?

Sankt-Peterburgda joylashgan Yevropa Universiteti Siyosiy fanlar fakulteti dekani Grigoriy Golosovning fikricha, Vashingtondagi xaos Kremlga sovg‘a bo‘ldi. Kreml eskitdan – Putinning yordamchilaridan biri “boshqariladigan demokratiya” deb atagan - Rossiya siyosiy tizimi G‘arb demokratiyasidan farq qilmasligini iddao qilib kelgan.

Shunga qaramay, Golosovning Ozod Yevropa / Ozodlik Radiosiga aytishicha, sentabr oyiga rejalangan parlament saylovlariga hozirlik ko‘rayotgan muxolif guruhlar uchun AQShdagi saylov jarayoni, umuman olganda, qanchalik raqobat muhitida o‘tgani ahamiyatli. Uning fikricha, AQShdagi bir siyosiy partiyaning ikkinchisiga qarshi muvaffaqiyatli va shaffof kampaniya olib bora olgani, Rossiyadagi kabi ovozlarni ommaviy soxtalashtirishning yo‘qligi rus muxolifat guruhlari saboq chiqarishi mumkin bo‘lgan jihatlardir.

Golosovning ta’kidlashicha, garchi AQShdagi g‘alayonda qurbonlar bo‘lsa-da – bir qancha jarohatlanganlar va besh kishi vafot etgan - xuddi shunday vaziyatda Rossiyadagi ahvol undan ham battar bo‘lardi.

“Istalgan rossiyalikdan agar bu Rossiyada bo‘lsa, nima bilan tugardi, deb so‘rang. Hammasi sizga katta qon to‘kilgan bo‘lardi, deb javob beradi”, - deydi Golosov.

1990-yillar boshida Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Georgiy Kunadzega ko‘ra, “demokratiya qal’asi” poytaxtidagi tartibsizliklar Rossiyaning yakkahokim rahbariga o‘zi yaxshi ko‘rgan demagogik savolini yangicha ko‘rinishda berishga imkon yaratadi: “Sizlarga Vashingtonda bo‘lgan tartibsizliklar kerakmi?”

Трамп тарафдорлари Конгрессга бостириб кирди. Вашингтонда комендантлик соати жорий қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:16 0:00

“Chirigan rejimning propagandasi uchun bu g‘alayonlar katta sovg‘adir”, deb yozdi u o‘zining Feysbuk sahifasida.

Kunadzening keyinroq Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosiga bergan intervyusida izohlashicha, bu savol 2014 - yilda Putin va uning maslahatchilari tomonidan berilgandi. O‘shanda Ukrainadagi ommaviy namoyishlar ko‘cha janglariga va Rossiyaparast prezidentning ag‘darilishiga olib kelgan. Rossiya voqealarni “davlat to‘ntarishi” deb atagan va namoyishchilarni AQSh va G‘arb gijgijlaganini iddao qilgan. Kunadze shuningdek, rus muxolif guruhlar Amerikadagi siyosiy jarayonlardan olishi mumkin bo‘lgan saboq deyarli mavjud emasligini aytgan. “Odatda, ruslarning fikriga ko‘ra, hokimiyat kimning qo‘lida bo‘lsa, u xoh prezident, xoh bosh vazir bo‘lsin, o‘sha odam istaganini, ko‘ngliga kelganini qiladi”, - deydi Kunadze.

Kremlning sobiq polittexnologi, siyosiy sharhlovchi Gleb Pavlovskiy esa Vashingtondani tartibsizliklar bilan 1991 - yilda qattiqqo‘l kommunistlarning sovet rahbari Mixail Gorbachevni ag‘darishga urinishi o‘rtasidagi kulgili parallelga e’tibor qaratdi.

“Harbiylari 1991 - yilda putchga qarshi qurolsiz chiqqanlarni bostira olmagan halq amerikaliklarga go‘zal hulq borasida nasihat qilishga shoshilmoqda”, deb yozdi u Feysbukda.

Rossiyaning ashaddiy millatchi siyosatchisi Vladimir Jirinovskiy
Rossiyaning ashaddiy millatchi siyosatchisi Vladimir Jirinovskiy

Yakuniy tasdiqlash jarayoni arafasida, Baydenning g‘alabasi allaqachon uzil-kesil aniq bo‘lgan bir paytda rus siyosatining oqsoqollaridan biri, deyarli doimo Kreml tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan Vladimir Jirinvoskiy Trampga yo‘lini topib lavozimini saqlab qolish borasida g‘alati taklif berdi.

“Rossiya uni qo‘llab-quvvatlashi, masalan, arab shayxlari tomonidan moddiy dastaklanishini ta’minlashi mumkin. Bizga hech narsa kerak emas, vaziyatdan Trampning o‘zi charchagan. Hozirda AQSh prezidenti uchun eng muhimi prezident lavozimini saqlab qolish yo‘lida qat’iy iroda ko‘rsatishdir ”, deb yozgan Jirinovskiy.


Umid uchqunlari?

Ba’zi kuzatuvchilar esa Vashingtondagi voqealar rivoji borasida umidbaxsh. Ularga ko‘ra, pirovardida siyosiy jarayon ish berdi – saylovlar bo‘lib o‘tdi, ovozlar sanaldi, Saylovsilar hay’ati rasman ovoz berdi, Kongress esa bu ovozlarni tasdiqladi – alaloqibat, hokimiyat bir siyosiy guruh qo‘lidan raqib guruh qo‘liga o‘tmoqda.

Kremlga muxolif siyosatchi va sobiq deputat Dmitriy Gudkov
Kremlga muxolif siyosatchi va sobiq deputat Dmitriy Gudkov

“Bu fojiali voqea Amerika demokratiyasining inqirozi ham, saylovlarning noqonuniylashtirilishi ham, davlat to‘ntarishiga urinish ham emas”, deydi Aleksey Makarkin “Exo Moskvi” radiosiga bergan intervyusida. Moskvadagi Siyosiy texnologiyalar markazi tahlilchisining fikricha, “bu faqatgina o‘zini shu kungacha ko‘pchilik deb sanagan va allaqachon ozchilikka aylanib qolganini tan olgisi kelmayotgan insonlarning fojiasidir ”.

Kremlning ba’zi siyosiy tashabbuslariga qarshi bo‘lgani uchun Rossiya parlamentidan haydalgan Dmitriy Gudkovning fikricha, Vashingtondagi tartibsizliklar AQSh siyosiy tizimi borasida namoyish qilgan qirrasi bilan umid beruvchidir.

“AQShda huquq-tartibot va boshqa xavfsizlik tizimlari yaxshi bilishadiki, bir tomonda prezident bo‘lsa, ikkinchi tomonda parlament ham bor. Hamda sud tizimlari. Va bu institutlarning hammasi bir-birini hiqildog‘idan ushlab turadi. Bu esa juda yaxshi narsa”, deb yozdi u o‘zining Feysbuk sahifasida.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi tuzilma Rossiya uchun faqat “ertaklardagina” mavjud. “Rossiyada vijdonga xitob qilish va qonunga itoat yordam bermaydi”.

XS
SM
MD
LG