Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:31

Deutsche Welle: O‘zbekistondagi afg‘on qochqinlari deportatsiya qilinishi mumkin


Inson huquqlari tashkilotlari yuzlab afg‘onlar Tolibondan qo‘shni O‘zbekistonga qochganini aytadi. Ammo O‘zbekistonda rasmiy qochqinlik maqomisiz ular zaif ahvolda va deportatsiya qilinishi mumkin, deb yozmoqda “Deutsche Welle” (DW).

O‘zbekistondagi afg‘on qochqinlari kelajagi noaniq qolmoqda

Deyarli har kuni Marinaning oilasi o‘z kvartiralaridagi mehmonxonasidagi gilamni raqs maydonchasiga aylantiradi. Musiqa boshlanganda, uning ikkita yosh o‘g‘li qo‘shiqqa sakrab o‘yinga tushadi, butun oila chapak chaladi.

26 yoshli afg‘on jurnalisti va ayollar huquqlari faoli Marina avgust oyi o‘rtalarida turmush o‘rtog‘i, ikki nafar o‘g‘ilchasi, singlisi va kuyovi bilan Mozori Sharifdan qochgan. Ular hozir O‘zbekiston poytaxti Toshkentda bir qancha xalqaro nodavlat tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilgan kvartirada yashayapti. Ular Afg‘onistondan ketganidan beri ko‘tarinki kayfiyatni saqlab qolishga harakat qilishdi, biroq Marinani sodir bo‘lgan voqealar baribir qiynaydi.

“Butun oilam mendan xavotirda edi. Chunki doim Tolibonga qarshi yozganman, – deydi Marina DW’ga.

“Ular Mozorga o‘q uzardi, – deydi u Tolibon egallab olgan ona shahri haqida. – Biz qandaydir mo‘’jiza bilan [O‘zbekistonga] viza oldik. Bizdan keyin chegara yopildi”.

Marina to‘rtta opa-singlisi va ota-onasini tark etishga majbur bo‘ldi. Jurnalist Afg‘onistondagi qarindoshlari jabr ko‘rmasligi uchun, o‘z ismini oshkor qilishni istamadi. U o‘zining faolligi va tanqidiy reportajlari o‘zi va yaqin oilasi uchun o‘lim jazosiga teng bo‘lishiga amin.

“Afg‘onistondagi jurnalistlarning ahvolini bilasiz. Biz ularni qanday otishganini, o‘ldirishganini va kaltaklashganini ko‘rdik. Qolgan bo‘lardik. Lekin bu xavfli edi. Ular bizni baribir topishardi”, dedi u DW’ga.

Ammo ularning tashvishlari tugamadi. Marina va uning qarindoshlari o‘zbek hukumati yoki Tolibon bilan aloqasi bo‘lgan birortasi bilan muammo chiqishidan qo‘rqib, uylaridan deyarli chiqolmay o‘tirishibdi.

Eng yomoni, ularning O‘zbekistonda bo‘lish uchun olgan uch oylik vizasi kelasi hafta tugaydi. O‘zbekiston BMTning Qochqinlar bo‘yicha konvensiyasini imzolamagan, shu bois ularga mamlakatda qochqin maqomi berilmagan.

“Oldimizda ikki yo‘l bor, yo yangi hayot boshlaymiz yoki Afg‘onistonga qaytamiz”, deydi Marina.

Himoyasizlik

Huquq faollariga ko‘ra, O‘zbekistondagi yuzlab afg‘on siyosiy qochqinlari ham xuddi shunday ahvolda. Markaziy Osiyo Inson Huquqlari Assotsiatsiyasi (MOIHA) vakillarining DW nashriga aytishicha, Tolibon hokimiyatni egallab olganidan beri kamida 2000 afg‘on O‘zbekistonga kirgan.

“O‘zbekiston qonunchiligida qochqin maqomi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa ham, bu afg‘onlar de-fakto qochqinlardir”, deydi MOIHA prezidenti Nadejda Atayeva.

Toshkentlik huquq faoli va siyosiy tahlilchi Anvar Nazirov afg‘on qochqinlarining maqomi noaniq bo‘lishi ularni O‘zbekistonda himoyasiz holga keltirishi mumkinligini tushuntiradi. Ularning vizalari muddati tugagach, ular mamlakatda bo‘lishi mumkin bo‘lmay qoladi, ya’ni “bu ular bosim, shantaj yoki korrupsiya qurboni bo‘lishi mumkinligini anglatadi”. Nazirov O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi afg‘on qochqinlari uchinchi davlatdan boshpana olguncha vizalarini uzaytirishlariga ruxsat berishini istaydi.

“Qochqinlar yo‘q

O‘zbekiston matbuoti vizasi tugash arafasida turgan afg‘onlarni Ichki ishlar vazirligi deportatsiya qilmasligini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.

Umuman olganda, O‘zbekiston hukumati yangi kelganlar bo‘yicha o‘z rasmiy pozitsiyasini aniq bildirgan. “Bu yerda qochqinlar yo‘q. Ularni qabul qilmaganmiz, – degan DW nashriga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Yusup Qobuljonov. – Dastlab odamlar kela boshlaganda biz Tolibon bilan muzokara olib bordik. Tolibon [odamlardan] uyga qaytishni so‘radi. Hamma O‘zbekistonni o‘z ixtiyori bilan tark etdi.”.

Qobuljonovning qo‘shimcha qilishicha, dastlab O‘zbekistonga kelganlarning ba’zilari Tolibonning hokimiyatni qo‘lga olishini shunchaki bahona qilmoqda, “yaxshiroq hayot izlab, G‘arb davlatlari va Yevropa ularni kutib olishiga umid qilib, Afg‘onistonni tark etishgan”.

Yuzlab ko‘rinmas odam?

Afg‘onistondan daryoning narigi tomonida joylashgan Termiz shahridagi mahalliy bozorda ko‘pchilik hukumatning gaplarini takrorlaydi. “Bu yerda qochqinlar yo‘q, – deydi uy-ro‘zg‘or buyumlari sotayotgan ayol, mijozlari esa bosh irg‘ab uning gaplarini tasdiqlaydi. – Bu yerda ko‘p yillardan beri yashab kelayotgan afg‘onlar bor. Men ularning ko‘plarini bilaman”. Jigarrang qalpoqli faqat bir xaridor DW nashriga afg‘on qochqinlari shahardagi qurilish maydonchalarida ishlayotganiga ishonishini aytgan.

Ammo bu yerda hamma hukumatning qo‘shni Afg‘oniston bilan munosabatlariga ishonishini aytadi. “Askarlar bizni himoya qilish uchun kecha‑kunduz chegarada turadi. Shuning uchun biz bu yerda o‘tirib, tirikchilik qilishimiz mumkin. Hech narsadan tashvish qilmaymiz”, deydi yong‘oq va quritilgan meva sotuvchisi.

Dor ustidagi geosiyosat

Tolibon haqida gap ketganda, O‘zbekiston nozik chiziq ustida turganga o‘xshaydi. Bir tomondan, aksariyatini musulmonlar tashkil etuvchi O‘zbekiston yillar davomida o‘z aholisi radikallashuvidan qo‘rqib kelgan, shuning uchun Kobuldagi islomiy rahbariyat hukumatda tashvish uyg‘otayotgan bo‘lishi mumkin. Toshkent Tolibonni rasman tan olganicha yo‘q.

Boshqa tomondan, O‘zbekiston rasmiylari va Tolibon o‘rtasida ham bir necha bor muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Afg‘oniston O‘zbekistonning muhim savdo sherigi hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasida har kuni Termiz orqali yuk, jumladan, kartoshka va loviya tashuvchi yuk mashinalari qatnaydi. O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasini sotmoqda va mavjud temir yo‘lni Pokistonga qadar uzaytirishni rejalashtirmoqda. Bu esa O‘zbekistonga yuk tashish uchun dengiz yo‘llariga chiqish imkonini beradi.

“Milliy xavfsizligimiz, mintaqaviy xavfsizligimiz va iqtisodiy manfaatlarimiz haqida gap ketganda, Afg‘oniston O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega, – deya tushuntiradi TIV so‘zchisi Yusup Qobuljonov. – Bu biz hozir duch kelayotgan reallik deb o‘ylaymiz. Boshqa muqobil yo‘l yo‘q.”

Ikki o‘t orasida

Anvar Nazirovga ko‘ra, O‘zbekistondagi afg‘on qochqinlari bu geosiyosiy tenglamaning markazida turadi. “Bu odamlarning hayoti xavf ostida, ularning barchasi Tolibon harakatining qora ro‘yxatida”, deydi u O‘zbekistonga qochgan afg‘onlar siyosiy qochoqlar, jumladan, faollar, jurnalistlar va san’atkorlar ekanini ta’kidlar ekan. “O‘zbekiston rasman bu odamlar haqida hech narsa demagan. Men tushunganimdek, O‘zbekiston Tolibonni g‘azablantirishdan qo‘rqadi va bu vaziyatga aralashishni istamaydi”.

Toshkentga kelgan afg‘on qochqin Marina bu mubhamlik tez orada barham topishiga umid qilmoqda. Ularning viza muddati tugayapti. Uning aytishicha, oilasi qayerga borishi muhim emas, ammo Tolibon qo‘lidagi Afg‘onistonga qaytib borolmasligini aytadi.

“Agar meni Afg‘onistonga deportatsiya qilishsa, xavf ostida qolaman. Ular meni o‘ldirishlari mumkin, bori shu, – deydi Marina. – Men viza muddati tugashini kutib o‘tiribgina qolmay, normal nafas olishni xohlayman. Har kuni ertalab uyg‘onaman va qancha kun qolganini bilish uchun telefonimdagi kalendarga qarayman.”

XS
SM
MD
LG