Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:57

Diniy erkinliklar: AQSh Davlat departamenti Xitoyni uyg‘urlarga qarshi  «genotsid»da aybladi ​​​​​​​


Xitoy g‘arbidagi Shinjon viloyatiga qarashli Koshg‘ar shahrida uyg‘ur va boshqa musulmonlar masjidda namozni ado qilmoqda. Surat Xitoy hukumati tashkil etgan xorijiy OAV vakillarining mintaqaga tashrifi chog‘ida olingan. Aprel, 2019 - yil.
Xitoy g‘arbidagi Shinjon viloyatiga qarashli Koshg‘ar shahrida uyg‘ur va boshqa musulmonlar masjidda namozni ado qilmoqda. Surat Xitoy hukumati tashkil etgan xorijiy OAV vakillarining mintaqaga tashrifi chog‘ida olingan. Aprel, 2019 - yil.

AQSh Davlat departamenti diniy erkinliklar bo‘yicha yillik hisobotida Xitoyni musulmon uyg‘urlar va boshqa diniy ozchiliklarga qarshi «genotsid» sodir etganlikda aybladi. Shuningdek, hisobotda Eron va Rossiya diniy erkinliklar eng ko‘p poymol etilayotgan davlatlar sifatida tilga olindi.

12 - may kuni hisobot e’lon qilinishi munosabati bilan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken insonning universal huquqi deb belgilangan e’tiqod erkinligini eng qo‘pol ravishda buzayotgan mamlakatlarni tanqid qildi.

«Boshqa inson huquqlari hurmat qilinmaguncha, diniy erkinlik to‘liq ta’minlanmaydi. Hukumatlar xalqning e’tiqod qilish va erkin ibodat qilish huquqini buzsa, bu boshqa barcha huquqlarga tahdid soladi», - dedi Blinken.

Blinken Eron, Birma (Myanma), Rossiya, Nigeriya va Saudiya Arabistonida diniy erkinliklar buzilayotganini urg‘uladi. Hisobotda ushbu mamlakatlarda diniy erkinliklar bilan bog‘liq vaziyat ayanchli ekani e’tirof etildi.

«Rossiyada rasmiylar Yahova shohidlari [nasroniy guruhi] hamda musulmon ozchilik guruhlari a’zolarini ekstremizm bahonasida ta’qib qilish, hibsga olish va ularning mol-mulkini musodara qilishda davom etmoqda», - dedi Blinken.

Hisobotda Eronda diniy erkinlik bilan bog‘liq qator jazo va cheklov borligi e’tirof etildi.

«Eron ozchilik e’tiqod guruhlari a’zolarini, jumladan, bahoiylar, nasroniylar, yahudiylar, zardushtiylar, sunniy va so‘fiy musulmonlarni qo‘rqitish, ta’qib qilish va hibsga olishda davom etmoqda», - dedi Blinken.

Blinken butun dunyoda, jumladan, AQSh va Yevropada antisemitizm va musulmonlarga qarshi nafrat kuchayib borayotganida xavotir izhor qildi.

Xitoy haqida Blinken amaldagi prezident Jo Bayden ma’muriyati sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyati xulosalarini qo‘llashini takrorladi. 2021 - yil yanvarda Tramp ma’muriyati Xitoy Shinjonda uyg‘urlarga nisbatan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etmoqda, deya xulosa qilgan edi.

«Xitoyda e’tiqod keng miqyosda jinoiy javobgarlikka tortiladi va mamlakat musulmon uyg‘urlar va boshqa diniy va etnik ozchilik guruhlar a’zolariga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etishda davom etmoqda», - dedi Blinken.

Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Shinjondagi qamoqxona va lagerlarda asosan etnik uyg‘urlardan iborat 2 millionga yaqin musulmon tutqunlikda saqlanmoqda.

Xitoy rasmiylari esa ushbu lagerlar bo‘lginchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan qayta tarbiyalash markazlari ekanini iddao qilib keladi.

Davlat departamentining Xalqaro erkinliklar idorasi xodimi Deniel Nadal Xitoy hukumati butun Shinjonni «ochiq osmon ostidagi qamoqxonaga aylantirishga» harakat qilayotganini aytdi.

Shinjondagi qonunbuzarliklar haqida to‘plangan ko‘plab dalillarni tasvirlab bergan Nadal Xitoy «butun bir xalqni, uning tarixi, madaniyatini Yer yuzidan o‘chirishga» harakat qilayotganini ta’kidladi.

12 - may kuni inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar va G‘arb davlatlari vakillari onlayn uchrashuv o‘tkazib, Xitoyni Shinjonda yirik ko‘lamli jinoyatlarni sodir etishda aybladi va mintaqaga BMT ekspertlari to‘siqsiz kiritilishini talab qildi.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, virtual uchrashuvda 152 nafar odam, shu jumladan, 51 mamlakat vakili qatnashgan.

Pekin uchrashuvni «Xitoyga qarshi» tadbir sifatida qoraladi.

XS
SM
MD
LG