Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:30

Dollar ko‘tarilishi va rossiyalik migrantlar fonida Toshkentda uy-joy narxlari oshmoqda


Toshkent markazida yangi qurilayotgan turar joy binolari.
Toshkent markazida yangi qurilayotgan turar joy binolari.

O‘zbekiston poytaxti Toshkentda koronavirus tufayli bir necha oylik pasayishlardan so‘ng ijara narxlari yana ko‘tarila boshlagan. Ayni paytda 17-mart kuni AQSh dollari 11 800 so‘mdan oshdi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan maklerlar so‘nggi bir oy ichida Toshkentda ijara narxlari o‘rtacha 15 foizga oshganini aytishadi.

“Toshkentning eng arzon hisoblangan Sergeli, Olmazor, Yunusobod tumanlarida o‘tgan oy boshida bir xonali kvartira 270 dollar bo‘lgan bo‘lsa hozir 300 dollar atrofida, unda ham topsangiz. Yakkasaroy, Mirobod tumanlarida 500 dollardan 1000 dollargacha bo‘lib ketgan”, - deydi Toshkentdagi Krisha maklerlik shirkati xodimi Lidiya Nazarova.

Toshkentda uy-joy ijarasi oshganini Uybor.uz portalidagi e’lonlarda ham ko‘rish mumkin.

Ayni paytda O‘zbekiston poytaxtida ko‘chmas mulk narxlari ham ko‘tarilgan.

Toshkentda birlamchi bozordagi ko‘chmas mulkning bir kvadrat metri fevral oyi boshida o‘rtacha 7 million so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, mart oyi o‘rtasiga kelib 8 million so‘mdan oshgan.

Toshkentda uy-joy ijara va sotib olish narxlarining oshishi Ukrainaga tajovuz sabab sanksiyalarga uchragan Rossiya rublining keskin qadrsizlanishi manzarasida yuz bermoqda.

Rossiya rublining qulashi ortidan o‘zbek so‘mi ham so‘nggi bir haftada AQSh dollariga nisbatan 12 foizga qadrsizlandi.

“Dollar oshyapti. Bu o‘z-o‘zidan uy narxlarida ham aks etyapti. Dollar oshgani uchun uy- joy narxlari ham oshadi. Rossiyada rublь tushib ketdi, so‘m ham tushib boryapti. Puli borlar kapitalini ko‘chmas-mulk shaklida saqlab qolishga urinishadi-da bunaqa vaziyatda”, - deydi Toshkentdagi Krisha maklerlik shirkati xodimi Lidiya Nazarova.

G‘arb sanksiyalarining kuchayishi fonida minglab rossiyaliklar yashash va ishlash uchun qulayroq mamlakatlar izlab, vatanlarini tark etayotgani aytiladi.

Rossiyaliklar uchun boshpana

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlarning ijaraga uy so‘rab yozgan e’lonlari ko‘paygan.

" 5 kishilik oila (2 katta va 3 bola) + 2 it, Rossiyadan kelishdi, ijaraga uzoq muddatga uy qidirishyapti. Hozir vaqtincha tanishlarining uyida yashashyapti, 19-mart kunidan ko‘chib o‘tishlari mukin", - deyilgan Uybor.uz portalidagi e’londa.

Toshkentdagi yirik developerlik shirkatlaridan biri xodimining Ozodlikka aytishicha, rossiyaliklar orasida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoriga qiziqish bildirayotganlar soni ham ortgan.

“Rossiyadan talabgorlar ko‘payib qoldi. Qiziqishyapti, olish shart-shart sharoitlarini o‘rganishyapti. Ko‘pchiligi o‘zimizdan ketgan ruslar. U yoqdan katta pul bilan qaytayotgan o‘zbekistonliklar ham bor. Bazilari kapitallarini Toshkentga o‘tkazmoqda. Chunki pul kun sayin qadrsizlanib boryapti. Kapitalni ko‘chmas mulkka urishmoqchi. Agar hali beri u yoqda vaziyat yaxshilanmasa, yana ko‘p odam Rossiyadan bizga keladi, uy narxlari yana oshib ketadi”, - deydi shirkat xodimi.

O‘zbekistonga kirib kelayotgan rossiyalik migrantlarning aniq soni hozircha ma’lum emas. O‘zbekiston Migratsiya agentligi hozircha bu haqda ma’lumot e’lon qilgani yo‘q.

Rossiyaliklar uchun O‘zbekiston vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlardan sanaladi.

O‘zbekiston ayni paytda chet ellik investorlar va IT-mutaxassislari, hamda ularning oila a’zolari uchun IT-viza joriy etmoqda.

IT-viza axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar, IT-Park a’zosi bo‘lgan kompaniyalar ta’sischilari va investorlarga 2022-yil 1-apreldan 3 yil muddatga beriladi.

Xorijlik mutaxassislar vizaning amal qilish davrida O‘zbekistonga erkin kirib-chiqishlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Krisha maklerlik xizmati xodimi Lidiya Nazarovaning aytishicha, rossiyaliklar Toshkentdan ko‘chmas mulkni ham ortiqcha rasmiyatchiliklarsiz sotib olishlari mumkin.

"Kvartira yoki uyning qiymati 100 ming AQSh dollaridan yuqori bo‘lishi kerak xolos. Shunga hozir yangi qurilayotgan uylarga ular tarafidan qiziqish katta bo‘lyapti. Toshkent aholisi bag‘rikeng. Bu yerda yashagan rusiyzabon aholi buni yaxshi biladi. Shuning uchun Toshkent rossiyaliklar uchun jozibador shaharlardan biri sifatida ko‘rilmoqda", - deydi Nazarova.

Toshkentda ijara narxlarining oshishi talabalarning uy-joy muammosini yana ham chigallashtirishi mumkin.

"Yotoqxonalarda joy yo‘q. Toshkentda bir xonali kvartira ijarasi 300 dollardan tepada. Markazda 500 dollar. To‘rt-besh talaba turamiz. Hozircha uy egasi narxni oshirgani yo‘q. Agar oshadigan bo‘lsa bizga juda qiyin bo‘ladi", - deydi Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Guljahon.

Hozirda mamlakatda mavjud yotoqxonalar respublika bo‘yicha tahsil olayotgan 600 mingdan ziyod talabaning 30 foizinigina turar-joy bilan ta’minlay oladi.

Mutaxassislar fikricha, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya qatori Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori shu kunlarda rossiyalik xaridorlar uchun jozibador ko‘rinmoqda.

Ukrainadagi urush sabab rossiyaliklar migratsiyasi qo‘shni davlatlar, jumladan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda.

Hozircha eng ko‘p rossiyaliklar Gruziyaga borgan. So‘nggi haftalarda Tbilisida uy-joyga bo‘lgan talab taxminan ikki barobarga oshib ketgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG