Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:26

Dunyoni o‘zgartirgan rahbar. Mixail Gorbachyovning hayot yo‘liga nazar


Mixail Gorbachyov davrida sobiq SSSRda birinchi marta so‘z va din erkinligiga ruxsat berilgan, xususiy tadbirkorlikka yo‘l ochilgandi.
Mixail Gorbachyov davrida sobiq SSSRda birinchi marta so‘z va din erkinligiga ruxsat berilgan, xususiy tadbirkorlikka yo‘l ochilgandi.

Sobiq SSSR kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining oxirgi bosh kotibi va SSSRning sobiq rahbari Mixail Gorbachyov 91 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Rossiyaning TASS davlat agentligi xabar berdi.

Agentlikka ko‘ra, Gorbachyovning o‘limi haqida 30-avgust kuni Moskvadagi Markaziy klinik shifoxona ma’lum qilgan.

Mixail Gorbachyov davrida sobiq SSSRda birinchi marta so‘z va din erkinligiga ruxsat berilgan, xususiy tadbirkorlikka yo‘l ochilgandi. Gorbachyov boshlagan islohotlar pirovardida sharqiy va markaziy Yevropada kommunistik rejimlarning qulashiga olib kelgan.

91 yoshli Gorbachyov davomli xastalik ortidan dunyodan o‘tgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Moskvadagi Novodevichye qabristonida xotini Raisa Maksimovna yoniga dafn etiladi.

90 ëшни қаршилаган Горбачëвнинг тарихни ўзгартирган фаолиятига назар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:17 0:00

Dunyoni o‘zgartirgan rahbar

Mixail Gorbachyov 1931-yil 2-martda Stavropol o‘lkasining Privolnoye qishlog‘ida dunyoga kelgan. Maktabni kumush medal bilan bitirgach Moskva davlat universiteti huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kiradi.

Universitetning 2-bosqichida kommunistik partiyaga a’zo bo‘lgan Gorbachyov o‘qishni bitirgach o‘zi tug‘ilgan Stavropolga qaytib, partiya arbobi sifatidagi siyosiy karyerasini boshladi.

1956-yilda Stavropol shahar komsomol qo‘mitasining birinchi kotibi, keyinroq o‘lka partiya qo‘mitasi birinchi kotibi etib tayinlanadi.

1970-yildan SSSR Oliy Soveti deputati, 1978-yil noyabrida KPSS Markaziy qo‘mitasi kotibi etib saylanadi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, Gorbachyovning mansab pog‘onalaridan ko‘tarilishida SSSR KGBsining sobiq rahbari Yuriy Andropov muhim rol o‘ynagan.

1980-yilda Gorbachyov KPSS MQ siyosiy byurosi a’zosi, 1985-yil martida esa partiya Bosh kotibligiga saylanadi. Oradan uch yil o‘tib u SSSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi davozimini ham egallaydi.

1990-yildan SSSR tarqalib ketgunicha, ya’ni 1991-yil yakunigacha SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti lavozimini egallagan.

Gorbachyov rahbarligida SSSRda "perestroyka" - "qayta qurish" nomi bilan tarixga kirgan ilk keng ko‘lamli demokratik islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatda bozor iqtisodiyotiga o‘tish boshlandi, xususiy tadbirkorlikka ruxsat berildi, so‘z va din erkinligiga yo‘l ochildi, ko‘plab siyosiy mahkumlar qamoqdan ozod etildi va oqlandi.

Mixail Gorbachyov rahbarlik qilgan yillarda dunyoda “sovuq urush” yakunlandi. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqildi, birinchi marta erkin saylovlar o‘tkazildi, Kommunistik partiyaning “rahbarlik va yo‘lboshchilik qilishi” prinsipidan voz kechildi. Markaziy va Sharqiy Yevropa sotsialistik sistemadan bosh tortdi. Ikkiga bo‘lib yuborilgan Germaniya yana qayta birlashdi.

1990-yilda Gorbachyov Nobel Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Sobiq SSSR hududida Mixail Gorbachyovni “ulkan davlatni yo‘q qilish”da ayblovchilar ham bor. Gorbachyovning o‘zi ham qator xatoliklarga yo‘l qo‘yganini tan olgan.

1991-yilning 4-avgustida Gorbachyov oilasi bilan Qora dengiz bo‘yidagi Qrimga yillik ta’tilga jo‘nab ketdi. SSSR parchalanib ketishi xavfi oshib borar ekan, Gorbachyov ittifoqni saqlab qolishni ko‘zlovchi shartnomaning yangi versiyasini yakunlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi.

18-avgust kuni bir guruh hukumat amaldori Foros shaharchasidagi prezident dachasiga bordi. Ular Gorbachyovdan favqulodda holat e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekishni yoki iste’foga chiqishni talab qilishdi. Gorbachev imzo chekishdanam, iste’fo berishdanam bosh tortdi. Rasmiylar «yadro portfelini», ya’ni Sovet Ittifoqining yadroviy qurollarini ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan kodlarni musodara qildilar. Gorbachyov va uning oilasi amalda uy qamog‘iga olindi.

Davlat televideniyesi «1991-yil 19-avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 16:00 dan boshlab» favqulodda holat joriy etilishini e’lon qildi. Televideniye bu chora «aholining keng qatlamlarining jamiyat milliy falokatga duchor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun eng qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi talablariga javob» ekanligini da’vo qildi.

Uch kundan so‘ng, fitnachilarning noshudligi, Rossiyaning yangi siyosiy rahbari Boris Yelsin tomonidan ko‘rsatilgan qarshilik hamda hokimiyatni egallash urinishlarga qarshi namoyishlar tufayli to‘ntarish urinishi barbod bo‘ldi.

«Boshqacha tus oldi»

Keyingi oylarda Moskvadan mustaqilligini e’lon qilgan respublikalar soni oshib bordi. 8- dekabr kuni Yelsin Belorussiya va Ukraina rahbarlari bilan birgalikda Sovet Ittifoqi tugatilgani va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) deb nomlangan yangi tashkilot tuzilganini e’lon qiluvchi bitimlarni imzoladi.

Gorbachyov yana bir necha hafta Kremlda qoldi, ammo u hokimiyatni qo‘ldan boy bergandi. 25-dekabrda u iste’foga chiqdi va amalda o‘z faoliyatini tugatgan mamlakat rahbari lavozimini tark etdi.

«Bu qarorni prinsip yuzasidan qabul qildim. Xalqlar mustaqilligi va respublikalar suvereniteti uchun kurashdim», - dedi u jonli efirda iste’foga chiqqanini e’lon qilar ekan.

«Ammo, ayni damda, men butun mamlakat hududida yagona davlatni saqlab qolish uchun kurashdim. Ammo hodisalar boshqacha tus oldi».

Gorbachyov va Putin

Gorbachyov hokimiyatdan ketgach, AQShning Pizza Hut restoran tarmog‘i reklamasida ishtirok etib, o‘ziga katta e’tibor tortdi. Tarmoqning Moskvaga kelishi Gorbachyov o‘zi targ‘ib qilib kelgan tanlov erkinligi ramzi edi. Shuningdek, restoranning kelishi va Gorbachyovning reklamadagi ishtiroki G‘arb kapitalizmining Gorbachyov uzoq vaqt davomida qo‘llab kelgan kommunizm ustidan g‘alaba qozonganini, hatto Sovuq urushda Moskva mag‘lub bo‘lganini anglatardi.

Ammo Gorbachyov atayin yoki beixtiyor o‘z mamlakatini tugatish jarayonini boshlagan va bu jarayonga bosh-qosh bo‘lgan davlat arbobi sifatida tarixda iz qoldirdi, bugungi kunda biz yashayotgan dunyo shakllanishida muhim rol o‘ynadi.

1991-yilda u Rossiya ishlarida o‘z ovozini saqlab qolish maqsadida «Gorbachyov jamg‘armasi»ga asos soldi. 1996-yilda esa prezidentlikka nomzodini qo‘ydi, ammo 0,5 foiz ovoz bilan o‘n nomzod ichida yettinchi o‘rinni egalladi. Keyinchalik Gorbachyov 1999-yilning so‘nggi kunida Yelsindan prezidentlikni olgan Putinning tanqidchisiga aylandi.

2013-yilda Rossiyada ruxsat etilmagan namoyish tashkilotchilarini jarimaga tortuvchi va mansabdor shaxslarni tanqiddan himoya qilish yo‘lida tuhmat uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunlar qabul qilinar ekan, Gorbachyov BBC nashriga bergan intervyusida Putinni «o‘z xalqidan qo‘rqmaslikka» chorladi.

Gorbachyov, shuningdek, Putinning yaqin doirasi «o‘g‘rilar va poraxo‘r amaldorlarga to‘la» ekanini ta’kidladi, ammo prezident ulardan biri ekanini aytishgacha bormadi.

Ayni damda, Gorbachyov Putinning xalqaro maydondagi eng ziddiyatli harakatlarini, jumladan, 2014-yilda Ukrainaning Qrim yarim oroli Moskva tomonidan bosib olinganini ma’qulladi. Gorbachyov anneksiyaga Rossiyaning milliy manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda qarashiga shama qilib, matbuotga Putinning o‘rnida bo‘lganida «xuddi shunday yo‘l tutgan bo‘lishini» aytdi.

Bunga qaramay, Gorbachyov Putinning ko‘plab repressiv ichki siyosatini tanqid qilishda davom etdi va 2012-yilda Putinning prezidentlikka qaytish qaroriga qarshi chiqdi. O‘sha yili 2008-yildan beri islohotlarni amalga oshirishini va’da qilib kelgan Dmitriy Medvedev to‘rt yil davomida shunchaki prezidentlik kursisini Putin uchun egallab turgani ayon bo‘ldi. 2013-yilda Gorbachyov Rossiyada «siyosat tobora taqlid demokratiyasiga aylanib borayotganini» aytdi.

Gorbachyov 2012-yilda Ozodlik radiosiga bergan intervyusida Putinni yumshoq tanqid qildi va uzoq yillar davomida Rossiya rahbari haqida aytgan tanqidini takrorladi. Xususan, Gorbachyov Putin o‘z rezidentligi davomida nazoratni kuchaytirganini hamda Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin demokratiya va inson huquqlari yo‘lida erishilgan yutuqlarning bir qismini ortga qaytarganini qoraladi.

«Men uning o‘rnida bo‘lib qolmaslik uchun qo‘limdan kelganini qilgan bo‘lardim», - dedi u.

«Birinchi prezidentlik davrida Vladimir Vladimirovich nima bo‘lgan taqdirda ham mamlakatni barqarorlashtirish uchun ko‘p ijobiy ishlarni amalga oshiradi, deb o‘ylagandim. Juda ko‘p ish qildi. Unda Rossiyani demokratiya sari yetaklash yo‘lida puxta ishlash imkoniyati bor edi. Nazarimda, u muvaffaqiyatga erisha olmadi».

«Endilikda men (Putin) o‘z oldiga bunday maqsad qo‘yganiga shubha qilaman», - deya qo‘shimcha qildi u.

XS
SM
MD
LG